Messining hikoyasi: Salfetkadagi imzodan 42.5 million evrogacha

  • 30 noyabr, 2017, 22:00
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘tgan haftaning shanbasida Lionel Messi “Barselona” bilan shartonomasini uzaytirdi. Yangi shartnomada to‘rt mavsum davomidagi hamkorlik nazarda tutilgan (2021 yilgacha).  Qo‘shimcha mablag‘ miqdori 700 million evroga etkazildi. Bir yillik maosh esa 30 million evroni tashkil etadi. Bu hali hammasi emas. Shartnomani uzaytirishga qaror qilgani uchun argentinalikka yana 50 million evro nasib qildi. Bundan ko‘rinadiki, yaqin to‘rt yil ichida Lionelning daromadi yiliga 42.5 million evroni tashkil etadi. Har qanaqa og‘izning suvini qochiradigan daromad, shunday emasmi?!

Tecno

Endi baralla rasmiy ravishda Messining koinotning eng yuqori daromadli futbolchisi deb aytish mumkin. Karlos Teves ("Shanxay Shenxua", 38 mln), Neymar ("PSJ", 36 mln) va Krishtianu Ronaldu ("Real", 34 mln) Messiga havas qilishsa arziydi.

Kataloniya klubi va Messi o‘rtasida tuzilgan shartnomalarni ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, ular sakkiztani tashkil etadi. Ilk shartnoma tuzilgan paytdan keyi o‘tgan 17 yil mobaynida argentinalikning daromadi 6000 barobarga oshganini ko‘rishimiz mumkin: 7200 evrodan (bu pulning barchasi kichkina Leoning dorilariga sarf bo‘lardi) 42.5 million evroga.

Dastlabki shartnoma

Rasmiy shartnomalarni tuzish o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolgan emas — Messi va “Barselona” o‘rtasida norasmiy, “nolinchi” shartnoma ham mavjud. Salfetkaga 2000 yilning 14 dekabr kuni muhrlangan o‘sha afsonaviy shartnomada kataloniyalik murabbiyni hayratda qoldirgan 13 yoshli bolakayning dori-darmon uchun oylik xarajatlarini (600 evro) klub o‘z bo‘yniga olishi bayon etilib, Karles Reshak imzosi bilan tasdiqlangan. Oradan 4 yil o‘tib, 2004 yilning oktyabr oyida Leo Frank Raykaard rahbarligidagi asosiy tarkibda ilk bora to‘p suradi.


Birinchi shartnoma

2005 yilning iyuniga qadar Leo asosiy tarkibda 9 marotaba to‘p surishga ulguradi. 18 yoshga to‘lishi bilan “Barselona” prezidenti Joan Laporta bilan ilk rasmiy shartnoma tuziladi. Texnik kotib Chiki Begiristayn  Messi Argentina termasini U-20 JCh da oltin sari etaklayotgan Utrextga hujjatlarni olib boradi. 150 million evro qo‘shimcha mablag‘ asosida 2010 yilgacha hamkorlik qilish belgilangan shartnomaga Messining imzosi etishmayotgandi, xolos. Leoning birinchi maoshi qancha bo‘lganligi aniq emas, lekin uning jamoaning boshqa a’zolari bilan bir xil miqdorda haq olganligi haqidagi uzunquloq gaplar yuradi.


Ikkinchi shartnoma

Uch oy o‘tar-o‘tmas, yaqinda tuzilgan shartnoma shartlarini ko‘rib chiqish kerakligini Messi isbotladi. Yoshlar o‘rtasidagi JChda chempionlikdan keyin iyul oyida “Yuventus”ga qarshi bahsda ishtirok etadi. Aynan shu voqea butun Evropa nigohining Leoga qadalishiga sabab bo‘ladi. Kataloniyaliklarning ofisidagi telefon tinimsiz qo‘ng‘iroqlardan “dod” deya boshladi, hatto Madriddan ham taklif qo‘ng‘irog‘i bo‘ladi. Ammo Laporta aqlli yo‘l tutadi — yosh futbolchining maoshini darhol ko‘tardi (turli fikrlarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich yiliga 1-1.5 million evroni tashkil etgan) va shartnoma muddatini 2014 yilgacha uzaytirdi.


Uchinchi shartnoma

2007 yilning yanvar oyiga kelib shartnoma talablari uchinchi marotaba qayta ko‘rib chiqiladi. 19 yoshli bilan hamkorlik muddati o‘zgarmagan bo‘lsa-da , maosh 3 million evroga etkazildi.


To‘rtinchi shartnoma

Jamoa tarkibidagi o‘zgarishlar — Raykaard, Ronaldino, Dekuning ketishi, Gvardiolaning kelishi hamda Messining birinchi planga chiqishi shartnomani isloh qilishga undadi. 2008 yil iyunida Leo maoshning 8.5 million evroga oshganligini tasdiqlovchi shartnomaga qo‘l qo‘yadi. Bu bilan u jamoaning eng ko‘p maosh oladigan a’zolari safiga qo‘shiladi va uning qo‘shimcha mablag‘i 250 million evroni tashkil eta boshlaydi. Endi unga hamma narsa mumkindek edi go‘yo. Mavsumoldi tayyorgarliklari eng avjiga chiqqan bir paytda Pep unga Argentina olimpiya terma jamoasi bilan Pekinga borishiga ruxsat beradi. Bu gal ham Messsi ishonchni oqladi — oltin medal bilan qaytdi.


Beshinchi shartnoma

Messi o‘zini “erakalatishayotgan”ini chin ma’noda oqlay olardi. Uning bir-birini ergashtirib kelayotgan muvaffaqiyatlari Pep qo‘l ostidagi jamoaning mavqeini ham ko‘tardi — g‘alabalar kollektsiyasi, dunyoning eng yaxshi futbolchisi maqomi ( kareradagi ilk “Oltin to‘p”), mavsum davomidagi 6 ta g‘alaba ( La Liga, Ispaniya kubogi, Chempionlar Ligasi, UEFA superkubogi, Ispaniya sperkubogi, JCh). 2009 yil sentyabrida argentinalik bilan shartnomani 2016 yilgacha uzaytirishga kelishildi, maosh esa 11 million evroga etdi — Messi ilk bor eng ko‘p maosh oladigan futbolchi maqomini oldi.


Oltinchi shartnoma

Oradan uch yil o‘tdi. Sandro Rossel Xavi, Puyol va Messi bilan shartnomalar o‘zgartirilgani haqida ma’lum qildi. Yangi kelishuvga ko‘ra, argentinalikning klubdan oladigan maoshi yiliga 16 million evroni tashkil etadi, hamkorlik 2018 yilga qadar davom etadi.


Ettinchi shartnoma

Isloh qilingan ettinchi shartnomasini Messi 2014 yilning mayida imzoladi. Bu o‘zgarish jamoa a’zolari va Xaver Faus o‘rtasida moliyaviy masalalar bo‘yicha adi-badi kelib chiqishiga sabab bo‘ldi. “Nima uchun har yarim yilda o‘yinchilarimiz bilan shartnomalarni uzaytirishimiz kerak? Messi bilan kelishuv yaqindagina qayta ko‘rib chiqilgandi”, deya xitob qilgan Faus  Leodan “ Janob Faus futbolda hech vaqoni tushunmaydi , “Barselona”ga xuddi rasmiy tashkilotni boshqarayotgandek rahbarlik qilishni istaydi, lekin bunaqasi ketmaydi”, degan javobni olgan edi.


Sakkizinchi shartnoma

“Tasdiqlanganmikan yoki yo‘q” singari gap-so‘zlarga ssabab bo‘lgan, barchani hayajonga solgan sakkizinchi shartnoma 25 noyabr kuni rasmiy ravishda imzolandi. Ko‘pchilik muxlislar uchun bu haqiqiy shov-shuvga aylanganiga shubha yo‘q.

Tasavvur qiling: yiliga 42.5 million evro bu — oyiga 3.54 million, kuniga  118 ming, soatiga 5 ming evro degan gap. Ha, “o‘zga sayyoralik” Messi buni oqladi...

Saodat Abdurahmonova tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!