Mansur Saidov "Neftchi"dagi vaziyat, erkin agentga aylangani va boshqalar haqida

  • 23 may, 2018, 11:05
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Mansur Saidov futbol ishqibozlariga juda yaxshi tanish. Faoliyati mobaynida o‘z o‘yinlari bilan ko‘pchilikni xursand qilgan. Hozirda 35 yoshda bo‘lgan o‘yinchi joriy yilgi mavsumni pro-liga debyutanti “Iftixor”da boshlagandi. Lekin oradan ko‘p o‘tmasdan Saidov oltiariqliklar jamoasini tark etdi. U bilan birga Sherzod Hakimov va Umid Qodirov ham ketishdi.

Tecno

1983 yilda tug‘ilgan Mansur Saidovning hozirgi paytda oldingidek kuchga ega emasligi va faoliyatini yakunlasa ham bo‘laveradi, degan fikrlarni bildirayotganlar yo‘q emas. “Iftixor”dan ketganidan keyin biz ham uning faoliyatini tugatsa kerak, degan xayolga borgandik. Lekin aslida vaziyat bunday emasga o‘xshaydi. Bu borada uning o‘zi bilan suhbatlashganimizda hali ham faoliyatini davom ettirish istagi borligini alohida ta’kidladi.

- Ayni paytda futboldan dam olyapman, vaziyat shunday bo‘lib qoldi, - deya gap boshladi, Saidov. - Lekin har kuni shug‘ullanib turibman. Lekin bu futbolsiz zerikyapman degani emas. Sherzod Hakimov bilan birga sport formamizni yo‘qotmaslik uchun o‘z ustimizda ishlayapmiz. Qolaversa, oilam bilan ham ko‘proq birga bo‘lyapman. Ilgari menda bunday imkoniyat ko‘p bo‘lmasdi. Kechki payt kelsak, farzandlarim uxlayotgan bo‘lardi va yana ertalab chiqib ketardim. Endi esa ertalabdan-kechgacha oilam davrasidaman. Yonimizda stadion bor, bo‘sh vaqtlarimizda o‘sha erga chiqib shug‘ullanyapman. Bilasizmi, futbol o‘ynab yurgan paytimda og‘irligim 66 kilogramm edi, keyin bu raqam 69 ga chiqib qolgandi, ammo hozirda garchi futbol o‘ynamayotgan bo‘lsam-da, mashg‘ulotlarda qattiq ishlayotganim sababli og‘irligim 65,5 kg. bo‘lib qoldi. Men qat’iy rejim asosida ishlayapman. Masalan, uch kun trenajyor zaliga borsam, yana uch kun maydonda mashg‘ulot qilyapman. Balki menga oilam davrasida bo‘layotganim yoqayotgandir (kuladi). 

- Superliga bahslarini kuzatib borayotgandirsiz, xo‘sh, qanday fikrdasiz?

- O‘yinlarni televizor orqali ko‘rib turibman. Hammasi yaxshi bo‘lyapti, qiziqarli tuyulyapti. Superligada ancha o‘sish bor. Oldingi chempionat boshqacharoq edi, hozir esa hamma jamoa hujumkor o‘ynayapti, asosiysi, barcha klubning o‘z maqsadi bor. 

- Sobiq klubingiz “Neftchi” hali ham g‘alabasiz yurishini davom ettiryapti. Siz bu jamoaga befarq emassiz. Bu borada nima deya olasiz?

- “Neftchi” haqida nima deyishga ham hayronman? Bu erdagi o‘zgarishlar hali hamon davom etyapti va bu ham balki futbolchilarga ta’sir qilayotgandir. Chunki o‘zgarishlar ko‘p bo‘lyapti. Lekin jamoaning o‘yini yomon emas. Menimcha, “Neftchi”ga omad kulib boqmayapti. Fikrimcha, bir marta yutib olsa, keyin natijalari ijobiy tomonga o‘zgaradi deb o‘ylayman. Faqat ana shu bitta qadamni qo‘ya olishmayapti. Masalan, “Qo‘qon-1912”, “Navbahor” kabi jamoalarga qarshi “Neftchi” yaxshi o‘ynagandi. 

- Lekin “Neftchi” o‘z mavqeini tushirib yubordi...

- “Neftchi” bizdan oldin ham bo‘lgan va bizdan keyin ham bo‘ladi. Hozirgi muvaffaqiyatsizlikni vaqtinchalik holat deb hisoblayman. “Neftchi” uchun hammasi oldinda. Shu  sababli bu klubning davri tugadi degan gaplarga qo‘shilmayman.

- Yozgi transfer oynasi ochilgan paytda sizning qaysi jamoaga o‘tishingiz qiziq. Ammo bilishimcha, siz yana Superliga tomon oshiqyapsiz, shundaymi?

- Bilasiz, mavsum boshida pro-ligada “Iftixor” jamoasida edim. Ammo qarasam, yana bemalol Superligada o‘ynashga kuchim etar ekan. Ya’ni, bir-ikki yil yaxshi saviyada o‘ynay olishimga ko‘zim etadi. Aks holda faoliyatimni shu bugunning o‘zida tugatib qo‘ygan bo‘lardim. Superligada o‘ynay olishimga ko‘zim etganim uchun ham hozirda mashg‘ulotlarda qattiq ishlayapman. Boya aytganimdek, agar futbolni tashladim desam shu zahotiyoq tashlab yuboraveraman. Lekin keyin futbolga qayta olmayman. Mana, Akmal Xolmatov 42 yoshida ham futbol o‘ynab yuribdi. Demak, unda hali ham kuch bor. Ammo u ham futboldan ketishni istasa, shu zahotiyoq ketishi mumkin. Ammo keyin qayta olmaydi. Shuning uchun Xolmatov ham futboldan rohat olib o‘ynab yuribdi. 

- Darhaqiqat, chempionatni “Iftixor”da boshlagandingiz. Ammo tezda u erdan ketdingiz. Buning sababi nima bilan bog‘liq?

- Hech qanday sababi yo‘q. Yozda Superligada o‘ynashni istaganim uchun dam olib kuch to‘plashni xohladim. Futbolni sog‘ingan holda katta ishtiyoq bilan qaytish ilinjida shunday yo‘l tutdim. 

- Yoki “Iftixor”ga o‘tganingiz siz uchun noto‘g‘ri qaror bo‘lganmidi?

- Yo‘q, bu noto‘g‘ri qaror emasdi. Faqat vaziyat shunday tus oldi-da. Lekin men jamoa bilan yaxshi munosabatda xayrlashdim. Ammo ishonasizmi, o‘zim shug‘ullanayotganimdan keyin futbolga bo‘lgan ishtiyoqim yanada ortdi. Tezroq Superligaga qaytib yana o‘zimni ko‘rsatgim kelyapti. 

- Baribir faoliyatingiz o‘z manzili tomon yaqinlashib kelyapti. Ortda qolgan yillarga nazar tashlasangiz nimalar ko‘z o‘ngingizdan o‘tyapti?

- “Neftchi”dagi faoliyatimni doim shirin xotiralar bilan eslayman. U erga ilk bor kelganimni va klubdan ketgan chog‘larim yodimda. Yuriy Sarkisyan davrida rohat bilan futbol o‘ynaganmiz. Hozirgi holatni ko‘rib jamoaga befarq emasligim tufayli achinib ketyapman. Bitta klubda 17 yil o‘ynash hazil gap emas. “Neftchi” – bu mening uyim. Sarkisyan bizni bir oila qilib tarbiyalagandi. “Neftchi”da men o‘ynaymanmi yoki boshqasimi, u erda kim ishlashidan qat’iy nazar o‘z mavqeini tiklashini xohlayman. Bir so‘z bilan aytganda, faoliyatimdan nolimayman.- “Neftchi”dagi faoliyatimni doim shirin xotiralar bilan eslayman. U erga ilk bor kelganimni va klubdan ketgan chog‘larim yodimda. Yuriy Sarkisyan davrida rohat bilan futbol o‘ynaganmiz. Hozirgi holatni ko‘rib jamoaga befarq emasligim tufayli achinib ketyapman. Bitta klubda 17 yil o‘ynash hazil gap emas. “Neftchi” – bu mening uyim. Sarkisyan bizni bir oila qilib tarbiyalagandi. “Neftchi”da men o‘ynaymanmi yoki boshqasimi, u erda kim ishlashidan qat’iy nazar o‘z mavqeini tiklashini xohlayman. Bir so‘z bilan aytganda, faoliyatimdan nolimayman.

Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!