
Ilhom Mo‘minjonov: “Navbahor”dan iz qoldirib ketganimdan xursandman
Yaqinda Termizning “Surxon” jamoasiga Ilhom Mo‘minjonov bosh murabbiy etib tayinlanganligi haqida rasmiy xabar bergandik. Ushbu mutaxassis endilikda termizliklarning jamoasida eng shimarib ishga kirishgan. Mo‘minjonovning ayniqsa, “Navbahor”da ko‘rsatgan natijasi ko‘pchilikka manzur bo‘lgandi. U aynan Namangandagi faoliyati orqali o‘zining murabbiylik darajasini oshira oldi. Natijada Ilhom Ibragimovich g‘alabalarga tashna murabbiy sifatida gavdalana boshladi. Shu bois namanganlik muxlislar uning “Navbahor”da qilgan mehnatlarini unutishmaydi. Ammo 2018 yilgi mavsum oxirlariga kelib ushbu murabbiy ishdan bo‘shatilgandi. Shunga qaramay, jamoaning 3-o‘rinni egallashida Mo‘minjonovning katta hissasi borligini inkor qilib bo‘lmaydi. Endi esa u “Surxon” bilan yangi maqsadlar sari ishga kirishdi. Ochig‘i, Ilhom Mo‘minjonovni suhbatga ko‘ndirish oson bo‘lgani yo‘q. Uzoq urinishlarimizdan keyin nihoyat bir qator masalalar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishga rozi bo‘ldi.
- Yakuniga etgan yil Ilhom Mo‘minjonov uchun nimasi bilan yodda qolarli bo‘ldi?
- Avvalambor 2019 yil kirib kelgani bilan barcha yurtdoshlarimizni tabriklayman. Yangi yilda xalqimizga omad va muvaffaqiyat tilayman. 2017 yilga qaraganda, 2018 yil omadli bo‘ldi. “Navbahor” o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani bajara oldi. Jamoamizning maqsadiga erisha olganidan men ham quvondim. Chunki bunda bizning o‘z hissamiz bor. Murabbiylar shtabi bilan birgalikda qilgan mehnatlarimiz besamar ketmaganidan xursand bo‘ldik. Chunki mavsum boshida “Navbahor”ning oldiga kuchli uchlikdan joy olish vazifasi qo‘yilgandi.
- Aytish mumkinki, “Navbahor”dagi faoliyatingiz orqali murabbiylikdagi yangi qirralaringizni ochib bera oldingiz. Natijada u erdagi mehnatingiz orqali hamma sizning qanday salohiyatga ekaningizni chamalab olishdi. Shuni inobatga olganda, “Navbahor”dagi faoliyatingiz hayotingizd qanday ahamiyatga ega?
- Xabaringiz bo‘lsa, Namanganda 2016 yilgi mavsumning oxirgi turlarida ish boshlagandim. O‘shanda qiyin sharoitda qolgan “Navbahor”ni oliy ligada saqlab qolgandim. Shundan keyin deyarli ikki mavsumni ham Namanganda o‘tkazdim. Murabbiylik faoliyatimni birinchi ligada “NBU-Osiyo» bosh murabbiyi sifatida boshlab u erda ikki yil davomida ishlagandim. Keyin «Paxtakor»da Samvel Babayan boshchiligida mehnat qildim. Ravshan Haydarovga esa terma jamoada katta murabbiy sifatida ham yordam berdim. O‘shanda terma jamoa bilan Osiyo chempionatlarida muvaffaqiyatli qatnashib, jahon chempionatlarida ham munosib ishtirok etgandik. Aytmoqchimanki, murabbiylikdagi salohiyatimni oshirishda Samvel Babayan hamda Ravshan Haydarovdan olgan tajribalarimni «Navbahor»da sinab ko‘rdim. U erda qanday ishlaganimga o‘zinglar ham guvoh bo‘ldinglar. Biz bosqichma-bosqich ko‘tarilishga erishdik. Dastlabki yili klub bilan oliy ligada jon saqlab qoldik. Kelasi yilda esa kuchli beshlikka kirdik va 2018 yilgi mavsumni kuchli uchtalikda yakunladik. O‘ylaymanki, murabbiylikdagi motivatsiya hamda hissiyotlarimni futbolchilarimga singdira oldim. O‘yinchilardan nimani istagan bo‘lsam va nimani talab qilgan bo‘lsam, ular hammasini maydonda ko‘rsatib berishdi. Shuning evaziga ham biz jamoamiz bilan yaxshi natijalarga erishdik. Aytishim mumkinki, «Navbahor»da murabbiylik darajamni oshira olganimdan xursandman. Shu bilan birga Namanganda o‘tkazgan iiki yarim yillik faoliyatim men uchun unutilmas bo‘lib qoldi. Lekin endi hammasi ortda qoldi. Shuning uchun Namangandagi muvaffaqiyatlar bilan to‘xtab qolish niyatim yo‘q. Aksincha, men murabbiylikda yana yangi marralarni zabt etmoqchiman.
- Jamoaning 3-o‘rinni qo‘lga kiritishida sizning qo‘shgan hissangizni inkor etib bo‘lmaydi. Baribir haligacha mahalliy muxlislar orasida sizni iliq xotiralar bilan eslayotganlari ham ko‘p. Umuman olganda, “Navbahor”dan qanday holatda ketdim deb o‘ylaysiz?
- «Navbahor»dan qanday ketganimmi? Bu – futbol. Biz murabbiylik kasbini tanladikmi, demak, hammasiga tayyor turishimiz kerak. Murabbiylik bilan iste’fo so‘zi doim yonma-yon yuradi, buni ham unutmasligimiz lozim. Odatda biror-bir klubda 2-3 yil yoki 4 yil ishlab keyin murabbiy iste’foga chiqadi. Agarda shunday jihatlarni yaxshi tushunmagan holda murabbiylikka o‘tgan bo‘lsa, u holda o‘sha inson yaxshi murabbiy bo‘la olmaydi. Masalan, oxirgi paytlarda «Navbahor»ning natijalari salbiy ko‘rinish oldi deya meni iste’foga chiqarishgandi. Ammo men bu bilan tushkunlikka tushib qolganim yo‘q. Aksincha, o‘yinlarimiz va qayd etgan natijalarimiz tufayli namanganlik muxlislarning quvonishiga sababchi bo‘lib, «Navbahor»da iz qoldirib ketganimdan xursand bo‘ldim. Xabaringiz bo‘lsa, mavsum tugashiga bir yarim oy qolganida ishdan ketdim. Shundan keyin oilam davrasida bo‘ldim va so‘ngra murabbiylar uchun boshlangan «Pro» o‘quv-kurslarida o‘qidim.
- «Navbahor»dagi ajoyib faoliyatingizdan keyin ko‘pchilikni Mo‘minjonov endi qaysi klubda ishlarkin, degan savol qiziqtirayotgandi. Endilikda ma’lum bo‘ldiki, siz “Surxon” jamoasi bosh murabbiyiga aylandingiz. Xo‘sh, nima uchun “Surxon”ni tanladingiz? Termizliklarning nimasi sizni qiziqtirdi?
- Menga «Surxon» jamoasidan jiddiy taklif tushdi. Bundan tashqari, menga yana ikkita klubdan aniq chorlov bo‘lgandi. Ammo endi ularning nomlarini aytmaganim ma’qul. Shunchaki, oldimda turgan variantlardan «Surxon» jamoasini tanladim. Natijada ular bilan bir yillik shartnoma tuzdim. «Navbahor» klubiga bergan motivatsiyam va jamoaga qo‘shgan hissamni endi Surxondaryo futboliga va «Surxon» jamoasiga sarflayman. Bilasizmi, «Surxon»ning ham xuddi «Navbahor»dagi kabi jonkuyar muxlislari ko‘p ekan. Pro-ligada ishtirok etishiga qaramasdan, «Surxon»ning o‘z maydonidagi o‘yinlariga 4000-5000 atrofida muxlislar kelishar ekan. Mana, «Navbahor»da o‘zimni sinab ko‘rdim va namanganliklarni pastdan yuqoriga olib chiqa oldim. Endi esa o‘zimni yana bir karra murabbiylikda sinab ko‘rmoqchiman va yangi jamoamni pastdan yuqoriga olib chiqishga jiddiy bel bog‘laganim uchun ham «Surxon»ni tanladim. Surxondaryo xalqi futbolga juda qiziqadi. Ularga yana avvalgi mavqelarini qaytarishda yordam bermoqchiman. Ushbu jamoani tanlashimda pul hech qanday rol o‘ynagani yo‘q. Men bu erga yana oldingidek katta shijoat bilan ishlagani keldim. Shu bois «Surxon»da ish boshlaganim mening murabbiylikda bir pog‘ona orqaga qadam tashlaganimni anglatmaydi. Biz uchun hali hammasi oldinda. O‘ylaymanki, «Surxon»ni tanlab xato qilmadim. Chiroyli o‘yinlarimiz bilan muxlislarni xursand qilishga harakat qilamiz va buning uchun ularning qo‘llab-quvvatlashlarini kutib qolamiz.
- Yangi jamoangizda sizga murabbiylar shtabida kimlar yordam beradi?
- Ikki yil davomida “Navbahor”ning murabbiylar shtabida menga yordam bergan hamkasblarim bilan “Surxon”da birgalikda ishlaymiz. Jumladan Anvar Soliev, Vladimir Andreev, Jamshid Umarov va hattoki, shifokor, massajchi-yu, ma’murlarim bilan birgalikda “Surxon”ga ko‘chib o‘tdik. Xullas, “Navbahor”dagi murabbiylar shtabi bilan yoppasiga Termizda ishlaymiz.
- Tarkib masalasi qanday ko‘rinishda bo‘ladi va qishki yig‘in qay tartibda o‘tkaziladi?
- 5 yanvardan boshlab Toshkentda mashg‘ulotlarni boshlaymiz. O‘sha erda yosh iqtidorli futbolchilar bilan birga, katta futbolda o‘zidan yorqin iz qoldirgan o‘yinchilarni ham taklif qilaman. Shuningdek, taktikamga mos tushadigan o‘yinchilarni chorlayman. Biz asosiy yig‘inlarimizni ikki oy davomida poytaxtda o‘tkazamiz.
Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.
Fikrlar