Fazliddin G‘oibnazarov: Professional boksga yuqori marralarni zabt etish uchun o‘tganman

  • 18 dekabr, 2017, 22:35
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Boks bo‘yicha Rio-2016 Olimpiadasi g‘olibi Fazliddin G‘oibnazarov ayni damda faoliyatini professional boksda davom ettirmoqda. Bokschimiz aprel oyidan beri professional janglarini o‘tkazib kelmoqda. U shu vaqtgacha 3 ta jang o‘tkazib, barchasida g‘alaba qozongan va bittasida nokaut qayd etgan.

Tecno

Hozirda AQShdagi mashg‘ulotlarini qisqa muddatga to‘xtatib, yurtimizda bo‘lib turgan bokschimiz SPORTS.uz internet axborot portaliga intervyu berdi.

– Aytingchi, bu sportga kirib kelishingiz qanday bo‘lgan, bunga kimlar sababchi?

– Boksga kirib kelishimga Doston ismli sinfdoshim sababchi bo‘lgan. Bundan oldin men erkin kurashga juda qiziqar edim. Umuman hozir ham shunday. Uchta ukam bor. Ularning barchasi shu sport turi bilan shug‘ullanib kelmoqda. Aslida men kurashchi bo‘lib ketishim mumkin edi, biroq o‘sha vaqtda o‘qish vaqti mashg‘ulotlarga to‘g‘ri kelmagan. Darslar asosan tushdan keyin bo‘lardi. Kunlarning birida Doston meni o‘zi qatnab kelayotgan boks to‘garagiga taklif qildi. Birga bordik. Barchasi shundan boshlandi. Endi bu hayotim mazmuniga aylanib ulgurdi. Bunda birinchi ustozlarim Abror Tursunpo‘latov, Nodir G‘ulomov, Olim Muhammedov ham xizmatlari beqiyos.

– Havaskorlar boksida birorta yutishni istagan musobaqa qolganmi?

– Albatta, har bir insonda bo‘ladi bu narsa. Ammo afsuslanadigan narsa qolmadi,deb o‘ylayman. Hayotimdan xursandman. Qit’a va dunyo birinchiliklarida g‘alaba qozonishim mumkin edi, ammo bunday bo‘lmadi. Bundan xafa emasman, ortda qolganiga o‘ylanish kerak emas. Aytishadiku, hech bir ish behikmat bo‘lmaydi. Bulardan men o‘zimga qimmatli tajribalar oldim va ularni keyingi musobaqalarda qo‘lladim, qo‘llab kelyapman ham. Birida foyda bermasa, ikkinchisida albatta, o‘z so‘zini aytgan. Tajribalarning eng katta qo‘l kelgani Rio-2016 Olimpiadasida bo‘ldi va 4 yillikning eng nufuzli musobaqada g‘olib chiqdim. Bu bilan to‘xtab qolgani yo‘q. Endi professional boksda ham as qotmoqda.

– Faoliyatingizdagi eng yorqin g‘alabalardan biri Rio-2016 Olimpiadada bo‘lgan. Shu haqda taassurotlaringiz...

– Har bir sportchi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etib, unda g‘olib chiqishni istaydi. Men ham yoshligimdan orzu qilib kelar edim. Bu musobaqada qatnashishning o‘zi ulkan sharaf. Lekin unda g‘olib chiqish – yana oltin medal bilan ortga qaytish juda katta baxt. Uni tasvirlab berish osonmas. Bu g‘alabaga ota-onam, yaqinlarim, muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi hamda Olimpiada vaqtida jamoaviy muhit katta rol o‘ynadi. Agar shular bo‘lsa, sportchida ham ishonch oshadi, undan nimalarni kutishayotgani his qiladi va shunga qarab harakat qiladi.

– O‘shanda terma jamoamiz a’zolaridan birinchi bo‘lib Hasanboy Do‘smatov g‘olib chiqqan edi. Keyin yana ko‘plab medallar qo‘lga kiritildi. Bular ham katta ruhiy kuch beradi. O‘zi aslida har ishtirokchi Olimpiada vaqtida barcha narsani unutib, bor e’tiborini musobaqalarga qaratadi.

– Professional boksga o‘tishingizga nima sabab bo‘ldi va uning havaskorlardagi bilan farqi nima deb o‘ylaysiz?

– Anchadan beri professional boksga qiziqib kelardim. Keyin bu erda yanada ko‘proq natijalarni qayd etishni istayman. Asosiy sabab shu. Ularning farqiga kelsak, birgina qo‘lga taqadigan qo‘lqoplar bilan ham ajralib turadi. Shuningdek, professional boksda sportchi bitta raqibga qarshi tayyorgarlik ko‘radi. Havaskorda esa umuman boshqacha. Bunda bir nechta raqib bilan uchrashish kerak bo‘ladi. Shuning uchun buni professional boksdan qiyinroq deb o‘ylayman. Sababi raqiblarning qanday taktikada tushishi, chapaqaymi yoki aksincha bo‘lishini bilmaymiz. Xullas juda ko‘p mashaqqat talab qiladi. Professionalda esa garchi bitta raqib bo‘lsada, natijasi butun faoliyatga katta ta’sir o‘tkazadi.

– Professional ringdagi ilk jang Siz uchun qanday kechdi?

– Yuqorida aytganimdek, havaskor va professional boks o‘rtasidagi farq anchagina. Professional boksda raqiblarning imkoniyatlarini yaxshi o‘rganish mumkin. Men ham endigina kirib keldim. O‘zimda ham kamchiliklar etarli. Birinchi jangimda Viktor Vaskes ismli bokchi bilan kuch sinashdim. U menga qaraganda tajribaliroq bokschi sanalardi, zarbalarga chidamli edi, lekin men ham bo‘sh kelmadim. Qancha urmay, raqibim yiqilmasdi. U ham yutish uchun chiqqan. Ana shu jangda professional boksda tajribam kamligi bilindi. Shunday bo‘lsada, barchasi biz uchun muvaffaqiyatli tugadi. Endi sekin bunga ko‘nikib boryapman. Aynan shu jang professional ringda ko‘p kuch sarflashga majbur qilgan jang bo‘lib turibdi. Muxlislar kutgan g‘alabalar hali oldinda deb o‘ylayman.

– Professional ringdagi bokschilarimizni kuzatib borasizmi? Ulardan qaysilarining imkoniyatlarini yuqori baholaysiz?

– Albatta, ularni kuzatib boraman. Yaqinda terma jamoada birga ishlagan Rustam To‘laganov ham professional ringdagi faoliyatini boshladi. Hozir birgamiz. Bizdan oldingi avlod vakillari ko‘zga ko‘rinarli natijalar qayd etishgan. Hozirda esa asosan yoshlar bunga harakat qilmoqda. Eng yaxshi natijalarni qayd etib borayotganlar orasida Shohjahon Ergashevni misol qilish mumkin. U 11 jangda 11 g‘alaba qayd etdi. Ajoyib natija. Shuningdek, chempion kamariga ega bo‘lib turgan Qudratillo Abduqahhorov va Azizbek Abdug‘afforov muvaffaqiyatli ketmoqda. Yana AQShda faoliyatini boshlayotgan eng yaqin do‘stlarimdan biri Shahram G‘iyosovni professional boksga mos bokschi deb bilaman. Uning xatti-harakatlari, jang uslubini ko‘rib men Roy Jonsga qiyoslardim va shunday chaqirardim. U bilan biz qalin do‘stmiz. Unga havas qilaman, barchasini to‘g‘ri, joy-joyida tartib bilan amalga oshirmoqda. Umid qilamanki, uning professionaldagi faoliyati juda yorqin g‘alabalarga, chempionliklarga boy o‘tadi.

– Qaysi promouterlik kompaniyalaridan taklif tushgan edi? Nima uchun aynan AQShni tanladingiz?

Juda ko‘plab promouterlik kompaniyalaridan takliflar tushgan edi, biroq bizga Floyd Meyvezerga qarashli Top Rank kompaniyasi bilan ishlab ma’qul keldi. Shuning uchun AQShga keldik. U erda, umuman okeanortida boksga boshqacha e’tibor berishadi. Ko‘plab chempion bokschilar bilan uchrashish va maslahatlar olish mumkin. Hattoki, birga mashg‘ulot olib borish imkoniyati ham bo‘lib qoladi.

– Sizda ham shunaqa imkoniyat bo‘ldimi?

Ha. Bir gal men jahon bokschida o‘z o‘rniga ega bo‘lib ulgurgan birinchi yarim o‘rta vazn toifasida mutloq jahon chempioni amerikalik Terens Krouford bilan sparring tushdim. Ikkimizning ham promouterlik kompaniyamiz bitta. U chapaqay ekan. Men ham chapaqayman. O‘shanda Krouford 2008 yilgi Olimpiada chempioniga qarshi tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. Bu sparring ikkimizga ham juda ma’qul bo‘ldi. Haqiqiy chempion bilan mashg‘ulot yana bitta tajriba bo‘ldi.

– 9 dekabr kuni jangingiz nima uchun bekor qilindi?

– Eski jarohatim bezovta yana qila boshladi. Oldingi janglarda bu unchalik bilinmagan edi. Jang vaqtida jarohat bilinmaydi, biroq mazkur to‘qnashuvdan oldin o‘tgan mashg‘ulotlarda yanada kuchayganini sezdim. Bu jiddiy masala. Birgina xato butun faoliyatga katta ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun oldin davolanishga qaror qildim.

– Mashg‘ulotlarga qachondan kirishasiz?

– Nasib qilsa, yangi yildan yana mashg‘ulotlarga kirishaman. 2018 yilda bizni juda ko‘p narsalar kutmoqda. Bo‘lajak tayyorgarliklar asosan AQShda bo‘ladi.

– Bokschilik faoliyatingizdan keyin nimalarni rejalashtirgansiz?

– Sportchi faoliyatini tugatgandan keyin uni kimlargadir o‘rgatishi kerak. Shuning uchun men ham yiqqan tajribamni boshqalarga o‘rgataman, maktab ochish niyatim ham yo‘q emas. U erda yoshlar shug‘ullanib, qit’a va jahon arenalarida katta ulkan natijalarni qayd etishiga ishonaman.

– Suhbatingiz uchun tashakkur.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!