Farhod Bekmurodov: "Lokomotiv"ga yanada kuchliroq bo‘lib qaytaman

  • 26 iyul, 2018, 17:51
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Andijon” Superligaga qaytish yo‘lida tarkibini kuchaytirayotganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Yaqinda andijonlik yarim himoyachi Farhod Bekmurodov ham o‘z klubiga qaytib keldi. U mavsum boshida chempion jamoa – “Lokomotiv” safida faoliyatini boshlagandi. Oradan yarim yil o‘tgach, andijonliklar Bekmurodovni yana ortga qaytarishga qaror qildilar. Aytish kerakki, Farhodning “Lokomotiv”da asosiy tarkibidan joy olishi bir muncha qiyin kechdi. Andijonliklar esa uning zaxirada o‘tirgandan ko‘ra o‘z jamoasiga qaytib yordam berishini xohlashdi. Futbolchi SPORTS.uz muhbiri bilan bo‘lgan suhbat davomida “Lokomotiv”da o‘tkazgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tecno

- Xudoga shukr qilaman, chunki bunday jamoa tarkibida to‘p surish har kimga ham nasib qilavermaydi. Oxirgi yillardagi ikki karra O‘zbekiston chempioni va Kubogi sohibi bo‘lgan jamoa raqobat ham shunga yarasha kuchli ekan. Bu erda faqat yaxshi o‘yinchilar jamlangan. Bilasizmi, u erdagi har bir mashg‘ulot va o‘yindan o‘zim uchun nimalardir o‘rgandim. Shu bois bu borada o‘zimda ozmi-ko‘pmi, o‘sish bo‘ldi deb o‘ylayman. Chunki “Lokomotiv”ning mashg‘ulotlari rasmiy o‘yinlardan qolishmaydi. U erda asosan professional futbolchilar to‘p surishadi. Men esa ularga qarab intilaverdim.

Yana bir gap: Farhod Bekmurodov “Andijon”dan “Lokomotiv”ga ko‘chib o‘tganida faoliyatida oldinga qadam tashlagani haqida aytgandi. Xo‘sh endi-chi? Futbolchi amaldagi chempion jamoa safidan pro-ligaga qaytganini qanday e’tirof etarkin?

- To‘g‘ri, har doim chempion jamoa safini tark etish yoqimli tuyulmaydi. Lekin “Andijon” ham yomon jamoa emas. Men shu erda o‘sib ulg‘aydim, katta bo‘ldim. Aynan ushbu klubda Farhod Bekmurodov sifatida shakllanib bordim. Albatta, o‘tgan yilgi xatolardan xulosa chiqardim. Men “Andijon” jamoasining Superligaga chiqishiga yordam berish uchun keldim. Nasib qilsa, bu safar o‘z oldimizga qo‘yilgan vazifani chiroyli tarzda uddalab, ko‘p ming sonli muxlislarimizni xursand qilishga harakat qilamiz.

“Lokomotiv” ham yozgi yig‘in chog‘ida tarkibiga bir qator etakchilarni qo‘shib oldi. Ayniqsa, chempionatimizda transfer oynasi yopilayotgan mahalda Anzur Ismoilov, Termurxo‘ja Abduholiqov va rossiyalik Nikolay Pogrebnyakning qo‘lib olingani ham tarkibdagi raqobatni yanada kuchaytirganiga shubha yo‘q. Balki ushbu o‘yinchilarning kelishi ham Bekmurodovning “Loko”dan ketishini tezlashtirib yuborgan bo‘lishi ham mumkin. Boisi ungacha Farhodning “Andijon”ga qaytishi borasida aytarli hech gap yo‘q edi.

- Ha, shunday desa ham bo‘ladi. “Navbahor”ga qarshi o‘yindan so‘ng bosh murabbiy Andrey Vitalevich bilan ko‘rishib gaplashdim, - deya mavzuni davom ettirdi, futbolchi. - Unga “Andijon”ga qaytib yana o‘ynash niyatim borligini, buning uchun ruxsat berishini so‘radim. Chunki meni “Lokomotiv”ga Fyodorovning o‘zi chaqirgandi. O‘zaro muloqotdan keyin murabbiy mayli, xohishing, ammo biz bilan qolsang ham bo‘laverardi dedi. Qolaversa, “Andijon” bosh murabbiyi Eldor Sakaev ham menga qo‘ng‘iroq qildi va u bilan ham gaplashib turdik. U ham mening tezroq qaytib jamoaga yordam berishimni istayotgandi. “Andijon” jamoasida 2017 yilga qaraganda o‘zgarishlar yaxshi shekilli deb o‘ylayman. Jamoamga yaqindagina qo‘shildim.

Bekmurodovning qaytgani “Andijon” o‘yinini biroz bo‘lsa-da kuchaytirishi kutilyapti. Chunki Superligaga chiqish uchun jiddiy kurashayotgan jamoaga hozirda unga o‘xshagan o‘yinchilar kerak.

- Albatta, “Andijon”ning Superligaga chiqish imkoniyatlari yaxshi. O‘tgan yilgi xatolarni takrorlamaymiz degan umiddaman. Buning uchun jamoani Superligaga olib chiqishga hamma harakat qilyapti, - deya munosabat bildirdi, Bekmurodov.

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: Andijonlik iqtidorli o‘yinchi yarim mavsum davomida “Lokomotiv” sharafini himoya qilgan holda o‘zi uchun nimaga erishdi? Nimani o‘rgandi?

- “Lokomotiv” jamoasida to‘p surib birinchi navbatda g‘oliblik ruhiyatiga erisha oldim. Aynan shu narsa menga juda katta ta’sir ko‘rsatdi. Ruhiyat juda muhim rol o‘ynaydi. Bundan tashqari, biroz bo‘lsa-da, tajriba ham to‘pladim deb o‘ylayman. U erda barcha futbolchilar bilan ajoyib munosabatda edik. “Loko”dagi xonadoshim Idris Bikmaykin edi, shu bois ko‘proq u bilan birga bo‘lardim, - deya fikr bildirdim, Bekmurodov.

Lekin baribir “Lokomotiv” o‘z nomi bilan “Lokomotiv”. Yuqorida uning ham aytganidek, har kimga ham ushbu klub tarkibida to‘p surish nasib qilavermaydi. Garchi Farhod ko‘proq zaxirada qolib ketgan bo‘lsa-da, ushbu jamoaning a’zosi edi. Shu bois u erdan ketganidan afsuslanmayaptimi?

- Ha, tan olaman, ozgina bo‘lsa ham afsuslanish bor. Lekin nasib qilsa, yanada kuchli bo‘lib qaytaman. O‘zimga ishonaman. Nasib qilsa, o‘tgan yilgi xatolardan xulosa chiqarib, yangi cho‘qqilarga chiqishga harakat qilaman.

Farhodning ukasi Farruh Bekmurodov ham akasi singari futbolchilikni orzu qilgandi va o‘tgan yili aka-ukalar “Andijon” tarkibida birgalikda to‘p surishib, yomon taassurot qoldirishmagandi. Ammo yilning boshida katta Bekmurodov “Loko”ga ketgach, ukasi ham “Andijon”da ko‘rinmay qoldi va hozirda uning qaerda ekanligi ham noma’lum edi. Bu bilan yana bir iqtidor egasi yo‘q bo‘lib ketayotgandek..

- Ukam – Farruh Bekmurodov hozircha uyda. U viloyat ikkinchi ligasida Shaxrihonning “Rash-Milk” jamoasida o‘ynab turibdi, - deya javob qaytardi, Farhod. - Keyingi yili biror-bir klubda ko‘rinish berib qolar. Hozircha esa ayrim sabablarga ko‘ra uyda. Mening “Andijon”dan ketganimdan keyin Farruhning ham nega ketganiga aloqam yo‘q, u doim o‘z mehnati bilan o‘ynagan, o‘rinbosarlar safida ham, birinchi ligada ham. Men hech qachon rahbariyatga ham, murabbiylarga ham ukamni o‘ynatinglar deb aytmaganman. Bu yil ham boshida ukamni “Andijon”ga chaqirishgandi. Lekin yig‘inga taklif qilishganida Farruh biroz shamollab qoldi. Natijada yig‘inlarni o‘tkazib yubordi. Shundan keyin o‘ziga kelib jamoa topishda qiynaldi. O‘zi alohida shug‘ullangan boshqa, jamoa bilan birga shug‘ullangan boshqa.

Darvoqe, Farhod “Lokomotiv”da hozirgidan ko‘ra ko‘proq pul topardi. Ammo o‘zining aytishicha, bu muhim masala emas.

- Albatta, “Lokomotiv” klubida moliyaviy tomondan imkoniyatlar yaxshi bo‘lgani sababli u erdagi oylik maoshim ham o‘zim uchun qoniqarli edi. Tabiiyki, endilikda “Andijon” sharafini himoya qilaman va ish haqi borasida ham farq seziladi. Lekin men uchun pul asosiy o‘rinda emas.

Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!