
Endi murabbiylarimiz rossiyalik mutahasislar bilan xamkorlikda ishlaydi
Poytaxtimizda Vladimir Putin boshchiligidagi Rossiya Federatsiyasining delegatsiyasi tashrifi doirasida I "Rossiya-O‘zbekiston ta’lim forumi" tashkil etilmoqda.
Forum doirasidagi belgilangan dasturlar asosida “Olimpiya shon-shuhrati” muzeyida Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev bilan Rossiyaning P.F.Lesgaft nomidagi jismoniy tarbiya, sport va salomatlik milliy davlat universiteti rektori Sergey Bakulev uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda D.Nabiev rossiyalik S.Bakulev bilan sport sohasi bo‘yicha ikki davlat o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, qishki sport turlari, sport menejmenti, psixologiyasi bo‘yicha trenerlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish sohasida o‘zaro tajriba almashish kabi masalalar muhokama qildi. Unga ko‘ra, bir qator muhim yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Xususan, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bilan hamkorlikda qo‘shma diplom beriladigan fakultet va yurtimizda P.F.Lesgaft nomidagi jismoniy tarbiya, sport va salomatlik milliy davlat universitetining filialini ochish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti va Rossiyaning P.F.Lesgaft nomidagi jismoniy tarbiya, sport va salomatlik milliy davlat universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbariyati, turli sport turlari bo‘yicha etakchi trenerlar hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya universitetining professor o‘qituvchilari ishtirok etishdi.
– Mamlakatingizda Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida jismoniy tarbiya va sport rivojiga qaratilayotgan ulkan e’tibor hozirda o‘z natijasini berib, o‘zbek sportchilari xalqaro maydonda yuqori o‘rinlarni egalamoqda, – deydi Sergey Bakulev. Bizning universitetda ham sportchi va trenerlar tayyorlash bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar va katta ilmiy tadqiqotlar mavjud bo‘lib, biz mamlakatingiz bilan o‘zaro tajriba almashib, hamkorlik qilishga tayyormiz.
Uchrashuvda S.Bakulevga O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Ilmiy Kengashi qarori asosida "Faxriy professor" unvonini berildi.
Kun davomi Rossiyalik mehmon poytaxtimizdagi bir qator sport inshootlari va ta’lim muassasalari faoliyati, yurtimizda sport bilan shug‘ullanish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi.
Ma’lumot uchun: Sankt-Peterburg shahrida joylashgan P.F.Lesgaft nomidagi jismoniy tarbiya, sport va salomatlik milliy davlat universiteti nafaqat Rossiyada balkim jahonda o‘z yo‘nalishi bo‘yicha etakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. 1896 yilda asos solingan universitetda bugungi kunga qadar 1700 dan ortiq xizmat ko‘rsatgan sport ustalari va xalqaro toifadagi ustalari tayyorlangan. Universitetning 300 dan ortiq talabalari Evropa va jahon chempionatlarida g‘olib va sovrindor bo‘lishgan. Universitetda 400 ga yaqin pedagog xodimlar faoliyat ko‘rsatib, ularning 76 foizi ilmiy daraja va unvonlarga ega. Professor o‘qituvchilar orasidan olti nafari akademik va etti nafari turli ilmiy akademiyalar muxbir a’zosi, to‘rt nafari Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, qirqdan ortig‘i fan doktori va professor, ikki yuzdan ortig‘i esa fan nomzodi va dotsent hisoblanadi.
Fikrlar