
Eldor Suyunov: Kuperning ham boshqalardan farqli tomonlari bor
O‘zbekiston milliy terma jamoasining Ektor Kuper boshchiligidagi dastlabki yig‘ini davom etyapti. “Paxtakor”ning asosiy darvozaboniga aylangan Eldor Suyunov ham bugungi kunda terma jamoa yig‘inida katta ishtiyoq bilan mehnat qilyapti. SPORTS.uz muhbiri yaqinda u bilan bog‘lanib yangi murabbiying ish uslubi, mashg‘ulot jarayoniga qay tariqa yondashishi, shu va yana boshqa masalalar bo‘yicha suhbatlashdik.
- Ektor Kuper boshchiligidagi dastlabki yig‘in qanday o‘tyapti? Yangi murabbiyning ish jarayoni qay tarzda kechmoqda?
- Ektor Kuper bilan dastlabki yig‘in yaxshi o‘tyapti. U mashg‘ulot paytida juda talabchan mutaxassis ekanligi ko‘rinib turibdi. Maydondan tashqarida esa xazilkash, hamma bilan gaplashadi va tez chiqishib ketadi. U samimiy inson. Yangi murabbiy boshchiligidagi yig‘inimizni ko‘ngildagidek deb ayta olaman.
- Yangi mutaxassis tomonidan sizni hayron qoldirayotgan jihatlari ham ko‘zga tashlanyaptimi?
- Hayron qoldirayotgan jihatlarimi? U shunchalik mashhur murabbiy bo‘lishiga qaramay, oddiy inson ekanligi baribir hayron qoldiradi.
- Siz klublarda va terma jamoalarda bir qator murabbiylar bilan birga ishlagansiz. Ektor Kuperning mashg‘ulot jarayonlarini boshqalarniki bilan solishtirganingizda qanday farqlari ko‘rinyapti?
- Har qanday holatda ham hamma murabbiyning ish uslubida farqi bo‘ladi. Chunki har kimning o‘ziga yarasha futbolga qarashi bo‘ladi. Shu bois Kuperning ham farqli tomonlari bor.
- Hozircha mashg‘ulotlarda murabbiy asosiy e’tiborni nimaga qaratyapti?
- Hozirgi kunda asosiy e’tibor himoyadagi xatolarni to‘g‘rilashga qaratilgan. Birinchi navbatda aynan himoya chizig‘ini mustahkamlamoqchimiz. Menimcha, yig‘inimizning keyingi bosqichidan hujum chizig‘imizni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish borasidi ishlaydi.
- Milliy terma jamoada Denis Ivankov darvozabonlar murabbiyi sifatida ish boshladi. Siz u bilan juda yaxshi tanishsiz, boisi “Nasaf”da ham birga ishlagansizlar...
- Ivankov ajoyib murabbiy. Bu borada to‘g‘ri tanlov bo‘ldi deb o‘ylayman. O‘zbekistonda ishlayotgan darvozabonlar murabbiylari orasida eng yaxshilaridan biri hisoblanadi. Terma jamoamiz uchun Denis Ivankovning ish olib borishi muhim.
- Mashg‘ulot jarayonida siz darvozabonlar asosan Denis Ivankov bilan ishlaysizlar. Ammo Ektor Kuper ham vaqti-vaqti bilan darvozabonlarga e’tibor qaratib turibdimi?
- Asosan Ivankov bilan birga ishlayapmiz. Hamma jamoada ham mashg‘ulotlarda darvozabonlar o‘z murabbiylari bilan ishlashadi. Agarda darvozabonlar kerak bo‘lsa, asosiy jamoaga qo‘shilib, o‘zaro o‘yinlarda qatnashishadi. Shuningdek, mashg‘ulot davomida zarbalar berilishi kerak bo‘lsa, darhol butun jamoaga qo‘shilib ketaveramiz.
- Ko‘pchilik darvozabonlar Ivankov bilan ishlashni ancha qiziqarli deb hisoblashadi. Chunki uning mashg‘ulotlari rang-barang va bir-biriga o‘xshamaydi. Shunday ekan, sizga uning ko‘proq qaysi jihatlari yoqadi?
- Hamma murabbiy turlicha bo‘lgani kabi darvozabonlar murabbiylarining ham ish uslublari har xil. Hammasining ustun tomonlari bor va shu jumladan Ivankovning ham qaysidir tomondan kuchli jihatlari mavjud. Men unisi kuchsiz, bunisi kuchli deb aytmayman.
- Yaqinda Suriyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkaziladi va bu Kuperning dastlabki o‘yiniga aylanadi. Ayting-chi, bu uchrashuv biz uchun qanchalik muhim ahamiyatga ega?
- Qanchalik muhim? Natija jihatidan olsak, bu unchalik dolzarb masala emas. Aslini olganda esa har bir uchrashuv kerakli. Albatta, bu birinchi navbatda Ektor Kuper uchun muhim. U O‘zbekiston va bizning futbol bilan tanishib olish jarayonini o‘tkazmoqda. Shunday o‘yinlar orqali murabbiy chempionatimiz va undagi futbolchilarning imkoniyatlarini o‘rganib boradi deb o‘ylayman. Chiroyli o‘yin va natija esa keyingi darajali hisoblanadi.
- Terma jamoaga chaqirilgan har bir o‘yinchi yangi murabbiylar shtabiga o‘zini ko‘rsatish uchun yanada katta shijoat bilan mehnat qilayotgan bo‘lishsa kerak-a?
- Yangi murabbiymi yoki eski murabbiymi, farqi nima? Baribir hamma ham milliy terma jamoaga kelganidan keyin bor kuchi bilan harakat qiladi. Hozir ham termada barcha futbolchi bor kuchi bilan ishlayapti. Futbolchilar murabbiylarni ajratmaydi. Bu erda hamma professional, havaskor o‘yinchilar yo‘q. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, hamma o‘z ishini professional darajada bajaryapti.
- “Paxtakor”ga kelganingizda avvaliga zaxirada qolib ketgandingiz. Ushbu mavsum boshidan esa asosiy tarkibga kira oldingiz va barqaror o‘ynashda davom etyapsiz. Bu nima bilan bog‘liq?
- Barqarorlikni saqlab qolish birinchi navbatda yoningizda o‘zingiz bilan har jihatdan teng bo‘lgan darvozabonning borligi bilan bog‘liq. Bunda albatta barqaror o‘yin ko‘rsatishning ahamiyati bor. Bundan tashqari, murabbiyning ham ishini alohida aytgan bo‘lardim. Chunki murabbiy futbolchini yaxshi sport formasida ushlab tura oladi. Jismonan, ruhan, umuman har tomonlama degan bo‘lardim. Shularning evaziga barqaror o‘yin namoyish qilyapmiz.
- Superliganing ikkinchi bosqichida qanday intriga bo‘lishini kutyapsiz?
- Kuchli va quyi oltilikning yaxshi hamda yomon tomonlari bor. Albatta, kuchli oltilikda barcha uchrashuvlar qiziqarli va murosasiz o‘tadi. Ammo quyi oltilikdagi kurash esa u qadar ahamiyatsiz bo‘lib qoladi. Xuddi bu boshqa chempionatga aylanib qoladi. Bu esa jamoalarning oltitalikka bo‘linishining yomon tomonidir. Quyi oltilikdagi kurashda faqatgina “Neftchi” bilan “So‘g‘diyona”ga qiziq bo‘ladi deb o‘ylayman. Chunki ularning ochkolari kam. Qolgan to‘rtta jamoa esa 2-3 ta o‘yinda yutib olsa bo‘ldi, vazifasini bajargan bo‘lib qolaveradi. Qolgan uchrashuvlar esa xuddi keraksizga aylanib qoladi.
- “Oltin ochkolar” tizimi qanchalik o‘zini oqlayapti deb o‘ylaysiz?
- “Oltin ochkolar” tizimi mavsum boshida reglamentga kiritilgan va oxirigacha shunga amal qilinadi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, birinchi bosqichda bir qancha o‘yinlarimiz o‘tkinchi bo‘lib qoldi. Agar “oltin ochkolar” qoidasi bo‘lmaganida chempionatimizda o‘tkinchi o‘yinlar bo‘lmasdi. Lekin mavsum o‘rtasida bu qoidani o‘zgartirish noto‘g‘ri.
- “Paxtakor”ning chempionlik uchun kurashdagi imkoniyati haqida nima degan bo‘lardingiz?
- “Paxtakor” chempion bo‘lish va Kubokni qo‘lga kiritishni maqsad qilgan. “Paxtakor” asosiy nomzodlar biri. Qiyin bo‘ladi, ammo harakat qilamiz.
Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.
Fikrlar