
Doston Hamdamov: Xitoydagi muvaffaqiyatni Jakartada ham takrorlaymiz.
Yana sanoqli kunlardan so‘ng Indoneziyada navbatdagi Osiyo o‘yinlari start oladi. Ushbu musobaqada esa futbolchi yigitlarimizdan barcha faqat g‘alaba kutmoqda. Terma jamoamiz tarkibidagi iqtidorli yarim himoyachilardan biri Dostonbek Hamdamov esa ushbu yirik turnir oldidan MOQ matbuot xizmatiga o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
"Musobaqaga tayyorgarlik yaxshi o‘tdi. Yig‘inlardan ko‘nglimiz to‘ldi. Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatidan so‘ng ushbu musobaqaga jiddiy kirishganmiz. Nasib qilsa, Xitoydagi muvaffaqiyatni yana bir marotaba takrorlaymiz.
Klubdan ruxsat olishda muammo bo‘ldimi? To‘g‘ri, musobaqa FIFA kunlariga to‘g‘ri kelmaganligi sababli bu borada biroz muammo bo‘ldi. Ammo, baribir yakunda ular ham o‘z yurtim jamoasiga yordam berishimga ruhsat berishdi, meni tushunishdi. “Anji” klubidagilar ham Osiyoda chempionlikka erishganimizni bilishadi. Shaxsan o‘zimda ham ushbu musobaqada qatnashish ishtiyoqi kuchli edi. Bu har bir sportchining orzusi. Xudo xohlasa harakat qilib vatanimizga yana bir bora chempionlikni taqdim etamiz. Bizda kuchli istak bor. Faqat oldinga boramiz, ortga yo‘l yo‘q", – deydi Hamdamov.
Eslatib o‘tamiz, Ravshan Haydarov boshchiligidagi terma jamoamiz bugun Jakarta shahriga etib bordi.
Fikrlar