
Abdushukur Sobirjonov Olimpiadaga boradi
Mamlakatimiz ot sporti tarixida ilk bor terma jamoamiz a’zosi O‘smirlar o‘rtasidagi yozgi Olimpiada bahslarida ishtirok etadi. Ya’ni, 2018 yilda Argentina poytaxti Buenos-Ayres shahri mezbonlik qiladigan bahslarda hamyurtimiz Abdushukur Sobirjonov yurtimiz sharafini himoya qiladi.
Ta’kidlash kerak, mazkur nufuzli musobaqaga nomzodlar Sirtqi Jahon kubogi – Chellendj musobaqalaridagi ishtiroki va yuqori ko‘rsatkichlari asosida tanlanadi. Bu yilgi Chellenj musobaqalarining Eron, Iordaniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Qatar, Suriya, Birlashgan Arab Amirligi, Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston kabi to‘qqiz davlatdan iborat oltinchi hududiy guruhida jami 78 nafar chavandoz ishtirok etdi. Olimpiada litsenziyasi uchun bo‘lgan jiddiy va murakkab bahslar davomida har bir chavandoz o‘z iqtidori va salohiyatini namoyish qilish bilan birga Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga harakat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, har bir mamlakat Chellenj musobqalarining natijalarini Xalqaro Ot sporti federatsiyasi (FEI) ga jo‘natishadi va ana shu natijalar asosida Olimpiada qatnashchilari aniqlanadi. Ekspertlar chavandozlarning yuqori ko‘rsatkichlariga katta e’tibor qaratishadi.
To‘qqiz mamlakat chavandozlari orasida bo‘lib o‘tgan bellashuvlar davomida Abdushukur Sobirjonov marraga 63.04 soniyalik natija qayd etib, hech qanday jarima bali olmasdan etib keldi va peshqadamlikni qo‘lga kiritdi. Yana shuni faxr bilan qayd etish kerak, O‘smirlar o‘rtasidagi yozgi Olimpiada bahslarida yosh chavandozimiz mamlakatimiz sha’nini himoya qilish bilan birga Osiyo minataqasi terma jamoasi sharafi uchun ham bellashuvlarda ishtirok etadi.
Abdushukur Sobirjonov 2002 yil tug‘ilgan. Ot sportining to‘siqlardan ot sakratish turi bo‘yicha bir necha bor O‘zbekiston chempioni, bir necha bor ot sportining to‘siqlardan ot sakratish turi bo‘yicha Jahon kubogi Markaziy Osiyo ligasi chempioni bo‘lgan.
Fikrlar