
Abduqahhor Ma’rufaliev: “Metallurg” kuchli oltilikka munosib ekanligini isbotladi
“Metallurg” klubi baribir kuchli oltilikka kira oldi. Bu yil deyarli yangi tuzilgan bekobodliklar yangicha qiyofa kasb etgan holda o‘z oldiga jiddiy maqsadlarni qo‘ya boshladi. “Metallurg” klubida kadrlar o‘zgardi, yangicha ishtiyoq paydo bo‘ldi. Jamoaning birinchi bosqichni kuchli oltilikda yakunlagani ham bejiz emas. Bunda klubdagi barchaning hissasi bor. Muxlislarga yaxshi tanish bo‘lgan Abduqahhor Ma’rufaliev ko‘p yillar davomida ushbu klubda murabbiy sifatida ishlab kelgandi. Bu yildan esa u “Metallurg” klubi direktori lavozimida ish olib bormoqda. Demak, uning ish salohiyati ancha o‘sganini ko‘rishimiz mumkin. Bekobodliklar minimal vazifani bajarishganidan so‘ng klub direktori o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Dastlabki vazifa bajarilgani haqida
- E’tibor bergan bo‘lsangiz, bizning jamoamiz bu yil yangi tuzildi. Klubimiz rahbariyati tomonidan mavsum boshlanishi oldidan “Metallurg” oldida kuchli oltitalikka kirish vazifasi qo‘yilgandi. Shu o‘rinda birinchi navbatda zavod rahbarlariga minnatdorchilik bildiraman. Hamma vaqt jamoamizga ishonch bildirib, qo‘llab-quvvatlab kelyapti. Bu esa albatta futbolchilarimizga ruhiy dalda berayotgani ham rost. Shuning uchun minimal vazifani bajarishimizda rahbariyatimizning ham hissasi katta bo‘ldi. Lekin yashirishning keragi yo‘q, ushbu vazifani bajarishimiz biz uchun juda qiyin bo‘ldi. O‘zingiz ham ko‘rdingiz, oxirgi kungacha hech nima aniq bo‘lmadi. Kimdir u, kimdir bu jamoaning imkoniyatlarini gapirdi. Faqat 22-turdan keyingina 6-o‘rin egasi aniq bo‘ldi. Fursatdan foydalanib Andrey Shipilov boshchiligidagi murabbiylar shtabiga ham alohida minnatdorchilik bildiraman. Ular katta hajmdagi ishni bajarishyapti. Rahbariyatimiz esa “Metallurg”ning ravnaqi uchun jiddiy ishlarni amalga oshirishayotganini ham alohida aytishni istagan bo‘lardim. Masalan, stadionimizda ham ko‘plab qulayliklar yaratildi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, bugungi kunga kelib stadionimizda katta o‘zgarishlar bo‘ldi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan ham stadionimizda bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘rsatib o‘tilgandi va shu asosida hammasini hal qildik. Aynan O‘FAning kamchiliklarimizni ko‘rsatib bergani bir tomondan yaxshi bo‘ldi. Boisi, endilikda “Metallurg” stadioni ajoyib holatga keldi. Buning tepasida bosh-qosh bo‘lgan rahbarlarimizga yana bir bor rahmat aytamiz. To‘g‘risi, endilikda stadionimiz chiroyli ko‘rinishga keldi. Jamoamiz katta maqsadlar bilan yangilandi. Shunga yarasha murabbiy Andrey Shipilov ham jamoani bir maqsad yo‘lida jipslashtira olgani quvonarli bo‘ldi. Lekin buni bajarishning o‘zi mashaqqatdan iborat bo‘ldi. Ishonasizmi, hattoki, jamoa manfaati yo‘lida oxirgi paytlarda 2-3 kunlab uxlaganimiz ham yo‘q. Chunki OKMKga qarshi o‘yin biz uchun juda muhim va katta ahamiyatga ega edi. Agarda o‘sha kuni durang o‘ynab qo‘ysak yoki yutqazib qo‘ysak, shuncha qilayotgan mehnatlarimiz havoga uchib ketgan bo‘lardi. Lekin bizning maqsadimiz kuchli oltilik bo‘lgani bois bunga erishish uchun tinimsiz kurashdik, mehnat qildik. Ana endi kuchlilar orasida yanada yaxshiroq natijalar ko‘rsatishga harakat qilamiz. Muhimi, jamoamiz kuchli oltilikdan joy olishga munosib ekanligini isbotlay oldi. Endi bundan buyog‘iga kurash yanada qattiq bo‘ladi. Biz 6-o‘rindan yuqorini ko‘zlagan holda bor imkoniyatimizni ishga solamiz. Kuchli oltitalikdagi boshqa klublar qatorida “Metallurg”da ham imkoniyat bor ekan, demak oxirigacha kurashamiz. Qolaversa, ochkolar farqi unchalik katta emas. O‘ylashimcha, ikkinchi bosqich bahslarida har bir bellashuv biz uchun xuddi final kabi o‘tadi.
AGMKga qarshi o‘yin
- Biz bu o‘yinga qattiq tayyorgarlik ko‘rdik. Jamoamiz uchun ushbu bellashuv hayot-mamot kabi ahamiyatga ega bo‘lib qolgandi. Mavsum davomida qilgan barcha ishlarimiz aynan ushbu uchrashuvda bilinishi kerak edi. O‘yindan 2-3 kun oldin hamma futbolchilarni bir joyga jamlab, hech kimni tashqariga chiqarmasdan faqat OKMKga qarshi o‘yin uchun tayyorlandik, hech kimning xayollari chalg‘imadi va faqat o‘yin haqida o‘ylashdi. Yuqorida aytganimdek, shuncha qilgan mehnatimiz shu birgina o‘yinga bog‘liq bo‘lib qolgani uchun ham biz o‘ta jiddiy yondashdik. Shu o‘rinda muhim uchrashuvda kerakli g‘alabani qo‘lga kiritganimiz uchun futbolchilarga ham minnatdorchilik bildiraman. Yigitlarimiz ham OKMK bilan uchrashuvda bu o‘zlari uchun xuddi oxirgi o‘yinga tushishgandek harakat qilishdi. Ochig‘i, bunday paytda yutishimiz ham, yutqazib qo‘yishimiz ham mumkin edi. Lekin jamoamiz o‘z so‘zini ayta oldi.
Yangi maqsad xususida
- Bundan buyog‘iga maqsadimiz qanday bo‘ladi? Hammasi oddiy, biz har bir uchrashuvda faqat g‘alaba uchun kurashamiz. “Metallurg”ning oldiga 3-o‘rinni olamiz degan vazifa qo‘yilmaydi, shunchaki, biz ko‘proq g‘alabalar qozonmoqchimiz. Ana shunda egallaydigan o‘rnimiz ham yanada yuqoriroq bo‘ladi. Biz kuchli oltilikka kirib oldik, asosiy vazifa bajarildi deb jamoa o‘z holiga tashlab qo‘yilmaydi. Aksincha, endi yanada katta ishtiyoq bilan o‘ynaymiz.
Havotirlar
- To‘g‘ri, yil boshida jamoamiz yangitdan tuzilayotganida mavsumda qanday ishtirok etishimiz va natijalarimiz qay holatda bo‘lishi borasida havotirlarimiz yo‘q emasdi. Lekin rahbariyatimiz jamoamiz uchun etarli mablag‘larni ajratib, barcha sharoitlarni yaratib berdi. Shu sababli futbolchilarimiz oldida hech qanday qarzimiz yo‘q. Hammasini vaqtida to‘layapmiz. To‘g‘risini aytganda, shuning evaziga ham yigitlarimizda ishtiyoq baland. Ular faqat futbolni o‘ylashlari uchun hamma narsani qilyapmiz. Bundan tashqari, jamoamizga asosan kerakli bo‘lgan o‘yinchilarni ham qo‘lga kiritganimiz o‘z samarasini berdi. Murabbiy ham asosan o‘ziga yoqqan futbolchilarni oldi.
Bosh murabbiy to‘g‘risida
- Andrey Shipilovni eskitdan bilardim. Futbolchilik paytimizda bir-birimizga qarshi to‘p surganmiz, “Andijon”dagi o‘yinlarini yaxshi eslaymiz. U inson sifatida ham juda tartibli. Rostini aytsam, Shipilov murabbiy sifatida ancha o‘sgan ekan. “Paxtakor”da yillar davomida mehnat qilib, bir qator murabbiylar bilan ishladi. Shu bois uning “Metallurg”dagi ishi orqali tajribasi boyiganini payqadim. U o‘z ishi bilan yaxshi murabbiy ekanligini ko‘rsatyapti. Mana shunday mutaxassis bilan hamkorlik qilayotganimizdan xursandmiz. Balki yaqin kelajakda uni ham biror-bir terma jamoamizda ko‘rib qolsak ajab emas.
Yangi lavozimga moslashish
- Baribir rahbarlik lavozimida ishlash boshqacha ekan. Oldin murabbiy bo‘lib ishlardik-ku, ammo mas’uliyat hozirgichalik emasdi. Biz asosan natija haqida o‘ylardik. Hozir esa ishim kattalashdi. “Metallurg” qoshida ayollar futboli, futzal, yoshlar futboli, o‘rinbosarlarimiz, futbol maktabi, umuman hamma-hammasiga qarash kerak. Aytmoqchimanki, endi mas’uliyat yuqori darajada. Vaqt o‘tgani sari ishimizga o‘rganib qoldik. Lekin hali o‘rganadigan jihatlarimiz ko‘p. Skolari “Bunyodkor”ga kelganida aytgan ekan: “Men jahon chempioni bo‘ldim, katta-katta sovrinlarni yutdim, ammo shu erga kelib bildimki, hali ham o‘rganadigan narsalarim ko‘p ekan!” Shu bois biz ham o‘rganishda davom etyapmiz. Murabbiylikdan uzoqlashdim? Baribir hammamiz futbolning ichidamiz. Murabbyilar bilan ham maslahatlashib turamiz. Muhimi, jamoamizda hamma bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi.
Shuhratbek JO‘RAEV suhbatlashdi.
Fikrlar