
24 noyabrda boshlanadigan 24-tur nimasi bilan farq qiladi?
Yana uchta turdan keyin Coca-Cola Superliga manziliga etib keladi. O‘tgan turda “Paxtakor” rasman O‘zbekiston chempioniga aylandi. Chempionatga bo‘lgan qiziqish balki yanada pasaygandir-a, chunki chempion nomi aniq, aslida-ku, bu kutilgan jarayon edi. Negaki, “Paxtakor” boshqalardan yaqqol kuchli ekanligini hamma bilib turgandi.
Endi asosan qolgan o‘rinlar uchun kurashga e’tibor qaratiladi. Masalan, ikkinchi va uchinchi o‘rin egalari kim bo‘ladi? Superligani kim tark etadi? Qolganlarning o‘ziga yarasha maqsadi bor. 24-tur bir qator jiddiy uchrashuvlarni taqdim etadi.
24 noyabr (seshanba)
“Mash’al” – “Navbahor”
24-turni boshlab beradigan “Mash’al” hamda “Navbahor” o‘rtasidagi bellashuv o‘ziga xos qarama-qarshilikdir. Ikkala jamoani 13 ochko ajratib turibdi. Lekin “Mash’al” chempionatimizda 9 ta turdan beri g‘alaba nimaligini bilmay kelmoqda. Qolaversa, bu klubni moliyaviy muammolar ham qurshab olganini bilasiz. Navbatdagi bellashuvda ham muborakliklarni yana bir jiddiy sinov kutyapti. Ular Muborakda “Navbahor”ni mag‘lub etishga qodirmi, degan haqli savol paydo bo‘lyapti. Mabodo, ularning o‘zaro o‘yinlar statistikasiga ko‘z yugirtirsak, kuchlar borasida katta farq yo‘q. 35 ta bellashuvda “Mash’al” 15 marotaba yutgan, “Navbahor”da esa 13 ta g‘alaba bor. 7 ta bahsda durang kuzatilgan. Yodingizda bo‘lsa, birinchi davrada Toshkentda markazlashgan holda o‘tkazilgan bahsda “Mash’al” “Navbahor” mezbonligi ostidagi o‘yinda Samandar Shukurullaevning goli evaziga muborakliklarga uch ochkoni taqdim etgandi. Lekin namanganliklar uchun Muborakdagi stadion bir muncha noqulay ham hisoblanishini unutmaslik kerak. Chunki 2004 yilda “Navbahor” “Mash’al”ning maydonidan g‘alaba bilan qaytgan. Shundan beri asosan mezbonlarning qo‘li baland kelmoqda. Bu o‘yinni kuzatish yanada qiziq bo‘lishiga ishonamiz.
AGMK – “Andijon”
Ikkala klubning maqsadlari turlicha. AGMK sovrinli o‘rinlar uchun kurashyapti, “Andijon” bo‘lsa, Superligada jon saqlab qolish ilinjida yuribdi. Demakki, har ikkisiga ham g‘alaba nihoyatda zarur. Ustiga-ustak olmaliqliklar to‘rtta turdan beri yutqazishyapti. Ko‘pchilik esa 24-turga kelib AGMKning mag‘lubiyatli seriyasiga barham berilishini kutmoqda. Bu borada raqibni kuchiga to‘g‘ri baho berish ham kerak. Buni esa Mirjalol Qosimov juda yaxshi tushunib turibdi. Chunki oldingi to‘rtta uchrashuvdagi mag‘lubiyatlar bunga sabab bo‘lishi tayin. “Andijon” ham burilish nuqtasida turibdi. Otabek G‘ulomxo‘jaev bosh murabbiylikka kelgach, o‘tgan turdagi debyutida “Mash’al” mag‘lub etildi. Endigi navbat esa AGMKga qarshi. Balki safardagi o‘yinda “Andijon” uchun durang ham g‘alabaga teng baholansa kerak. Qolganini esa vaqt ko‘rsatadi.
“Qizilqum” – “Metallurg”
Birinchi davradagi uchrashuvda “Qizilqum” 1:2 hisobida g‘alaba qozongan. Bir qarashda bir-biriga mos va munosib raqiblar to‘qnashuvidek ko‘rinyapti. Lekin maydonda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Shuning uchun o‘yindan avval qanday hisob qayd etilishini aytish qiyin. O‘zaro uchrashuvlarida ham goh “Qizilqum”, goh “Metallurg” yutadi, ikkalasi bir-biriga qulay raqib. Fikrimizni isboti uchun bu klublarning o‘yinlar tarixiga qarasak, 41 ta to‘qnashuvning 16 tasida “Qizilqum” va 14 tasida “Metallurg” yutganini ko‘rish mumkin. 11 marta esa durang kuzatilgan. Bunday jamoalar ishtirokidagi bellashuvda istalgan natija ro‘y berishi mumkin.
25 noyabr (chorshanba)
“Nasaf” – “Paxtakor”
Bu jamoalarning to‘qnashuvlari o‘ziga xos tarix. Lekin bu safargisini ahamiyati oldingilaridek katta ta’sirga egami, degan savol tug‘iladi. Sababini o‘zingiz tushunib turibsiz, “Paxtakor” o‘tgan turda chempionlikni rasmiylishtirib qo‘ydi. Endi ular mag‘lubiyatga uchrasa ham bu qo‘rqinlik emas. “Nasaf” esa ikkinchi o‘rin uchun AGMK bilan jiddiy kurashyapti. Vaziyatdan kelib chiqadigan bo‘lsak, Arveladzega nisbatan Berdievga uch ochko suv va havodek kerak. “Nasaf” 2017 yili o‘zining ajoyib tarkibi bilan “Paxtakor”ni 4:0 hisobida tor-mor keltirganini yaxshi bilasiz. Shundan so‘ng, “Paxtakor” “Nasaf” etakchilarini o‘ziga og‘dirib oldi. Natijada shu paytgacha Shota Arveladze jamoasining qo‘li baland kelmoqda. Lekin bu safargi to‘qnashuv boshqacha bo‘lishi kutilyapti.
“Qo‘qon-1912” – “Lokomotiv”
Qo‘qonda yaxshi o‘yin bo‘lishiga ishonamiz. Bu yil Baxtiyor Ashurmatov boshchiligidagi “Qo‘qon-1912” jangovor jamoa sifatida taassurot qoldiryapti. Eslasangiz, birinchi davrada qo‘qonliklar ilk bor “Loko” ustidan g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘lgandi. Odatda turnir jadvalida “Lokomotiv”ning “Qo‘qon-1912”dan doim yuqorida turishiga ko‘nikib qolgandik. Lekin bu yil vaziyat boshqacha. Musobaqa jadvalida qo‘qonliklar 5-o‘rinda, “Lokomotiv” esa 9-pog‘onada joylashib turibdi. Ashurmatov jamoasida esa nazariy jihatdan kuchli uchlikka kirish uchun imkoniyat bor va ular shu maqsad yo‘lida oxirigacha kurashyapti. “Lokomotiv” bilan o‘yin esa qo‘qonliklar uchun katta ahamiyat kasb etadi. Hali o‘z uyida bu raqibini mag‘lub eta olmagani bois bu yoqimsiz an’anaga barham bermoqchi. Qolaversa, “Lokomotiv”da ishlayotgan Timur Kapadze o‘tgan mavsumda “Qo‘qon-1912”da faoliyat olib borgan va sobiq klubini yaxshi biladi. Umuman aytganda, bu juda qiziqarli o‘yin bo‘lishi kutilmoqda.
“Surxon” – “Buxoro”
Bu o‘yinga autsayderlar o‘rtasidagi to‘qnashuv deb nom bersak ham yarashadi. Sababi o‘zingizga ayon, “Buxoro” 13 ochko bilan oxirgi o‘rinda, “Surxon” esa 16 ochko to‘plab 13-o‘rinda. Bir-biri bilan yonma-yon bormoqda. Ularning maqsadi bitta: Superligada jon saqlash. Shunday ekan, bu uch emas, balki olti ochkolik o‘yinga aylanishi shubhasiz. G‘alaba suv va havodek zarur ekanini jamoalar yaxshi tushunib turibdi. Birinchi davrada termizliklarning qo‘pol xatosi tufayli “Buxoro” avtogol evaziga hozirgacha yagona bo‘lib turgan g‘alabasini qo‘lga kiritgandi. Agar Jamshid Saidov jamoasi yutqazsa, yana bir qadam orqaga chekingan bo‘lib qoladi. Shu bois “Buxoro” qanday bo‘lmasin yutishga majbur. Ammo tarkib jihatidan “Surxon” tajribaliroq. Lekin o‘zaro bellashuvlarda buxoroliklar ustun. 27 ta o‘yinning 16 tasida g‘olib bo‘lgan, “Surxon”ning hisobida 7 ta g‘alaba va 4 ta durang. Lekin bu statistika “Buxoro”ga yordam bermasligi tayin, hammasi 25 noyabr kuni maydonda hal bo‘ladi.
“Bunyodkor” – “So‘g‘diyona”
Birinchi davradagi uchrashuv jangovor durang bilan tugagandi – 3:3. Lekin jizzaxliklar uchun “Bunyodkor” ancha jiddiy va noqulay. Shu paytgacha faqat ikki marta “Bunyodkor” mag‘lub etilgan. 2019 va 2015 yilgi mavsumlarda Jizzaxdagi bahsda 2:1 hisoblarida yutgan. 15 ta bahsda “Bunyodkor”ning qo‘li baland kelgan va 4 ta uchrashuvda kuchlar teng kelgan. Qizig‘i, ikkala klub ham “Paxtakor”ni mag‘lub etishning uddasidan chiqishgan. O‘tgan turda esa “So‘g‘diyona” “Nasaf”ni mag‘lub eta oldi. Ushbu klublarni besh ochko ajratib turibdi. Vadim Abramov jamoasi uchinchi o‘ringa ilashib qolish uchun oxirigacha kurashishi tayin. “So‘g‘diyona”ni 5-o‘rindan to‘rt ochko jaratib turibdi. O‘tgan yili 4-o‘rinni egallaganini hisobga olsak, jizzaxliklar imkoni qadar o‘sha natijasini takrorlashga urinib ko‘ryapti. Lekin Baqoev jamoasi “Bunyodkor”ga qarshi ehtiyotkor bo‘lib to‘p surishi mumkin, chunki “Bunyodkor” ko‘pincha tavakkalona tarzda hujumkorlikni yoqtiradi. Ammo ba’zida ularning bu harakati ziyoniga ham ishlaydi.
Fikrlar