2021 yilda porlashi kutilayotgan «yulduzcha»lar ("Top-10”)

  • 10 yanvar, 2021, 20:49
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

SPORTS.uz Evropa futboli haqidagi eng qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etishda davom etadi. Bugun 2021 yilda o‘z iqtidorini namoyish etishi kutilayotgan yangi yulduzlarga to‘xtalib o‘tamiz.

Tecno

Yussuf Mukoko, 16 yosh – «Borussiya» Dortmund

YuS2

Kelib chiqishi kamerunlik bo‘lsa-da, Yussuf Germaniya yoshlar jamoasi a’zosi sanaladi. Qahramonimiz 14 yoshidayoq, Bundesliganing yoshlar uchun o‘tkaziladigan musobaqalarida o‘zini ko‘rsatishni boshlagan edi. U o‘zining ilk musobaqasida 56 ta gol va 14 ta assist qayd etadi va barchaning e’tiborini tortadi. Keyin, uni nemis klubining yoshlar jamoasiga taklif etishdi. Yangi jamoada ham Yussuf o‘zini yo‘qotib qo‘ygani yo‘q: 25 ta o‘yin, 47 ta gol. Shunchaki, fantastik natija! U 16 yoshga to‘lgan kuni Dortmund jamoasi safida rasmiy uchrashuvda maydonga tushishga muvaffaq bo‘ldi.

Yaqindagina Yussuf o‘zining Bundesligadagi ilk golini kiritdi. Shu tariqa, qahramonimiz Germaniya chempionati tarixidagi eng yosh gol muallifiga aylandi. Nemis nashrlarining ma’lum qilishicha, «Borussiya» tez orada Xoland bilan birgalikda Yussuf tandem hosil qilishiga ishonmoqda. Ikkita super to‘purarlarning tandemi Germaniyada «Bavariya»ga qarshi kuchli qurolga aylanishi mumkin.

Jovanni Reyna, 18 yosh – «Borussiya» Dortmund

yus3

Dortmund klubiga tegishli bo‘lgan yana bir vunderkind bugungi ro‘yxatimizdan o‘rin egallamoqda. Qahramonimiz, EChL va Bundesliga o‘yinlarida maydonga tushdi va tez orada super yulduz maqomini qo‘lga kiritmoqchi ekanligini isbotlab qo‘ydi. 2020 yilning kuzida esa, Reyna AQSh terma jamoasidan chaqiruv oldi va debyut uchrashuvini o‘tkazdi. Ayni damda, “Transfermarkt” portali uni 30 million evroga baholamoqda.

Dominik Soboslai 20 yosh, - «RB Leyptsig»

yus4

Dominik Vengriya terma jamoasi safida ajoyib o‘yinlar o‘tkazdi. «Zaltsburg» safida esa, etakchilardan biri edi. Shu bois, u Avstriyada uzoq ushlanib qolgani yo‘q. Bir nechta grand klublardan takliflar bo‘lishiga qaramay, Soboslai Bundesligani tanladi. Bunga Nagelsmann bilan hamkorlik qilish istagi turtki bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas. Nemis nashrlarining ma’lum qilishicha, Soboslai tez orada «Chelsi»ga yo‘l olgan Timo Vernerning o‘rnini to‘liq egallashi kutilmoqda.

Eduardo Kamavinga, 18 yosh – «Renn»

yus5

«Renn» jamoasi tayanch yarim himoyachisi haqida ikki yildan beri mish-mishlarning keti uzilmayapti. Goho uni «Real» nishonida ekanligini yozishsa, ba’zan «Bavariya»ga transferi haqida bong urishmoqda. Kamavinga esa, «Renn» safida o‘z ustida ishlashda davom etmoqda. E’tiborlisi shundaki, Kamavinga Frantsiya terma jamoasida debyut qilibgina qolmay, ikkita rekord o‘rnatishga ham ulgurdi. 2020 yilning kuz faslida terma libosida maydonga tushgan Eduardo eng yosh futboli bo‘libgina qolmay, so‘nggi 100 yil ichida eng yosh gol kiritgan futbolchiga aylandi. Bugungi kunda uning transfer summasi 50 million evroni tashkil etadi.

Ansu Fati, 18 yosh – «Barselona»

yus6

Yosh kataloniyalik mavsumni juda yuqori tempda boshladi. 5 ta gol va 4 ta assist! Afsuski, yosh organizm og‘ir yuklamalarni ko‘tara olmadi. Fati og‘ir jarohat oldi. Shu bois, u 2021 yilning mart oyidagina yana mashg‘ulotlarga qaytishi mumkin.

E’tiborlisi shundaki, jarohat olguniga qadar Fati Ispaniya terma jamoasi safida maydonga tushishga ulgurdi. Qahramonimiz terma jamoa safida ham gol kiritdi va butun Ispaniya futbol muxlislari e’tiborini qozondi. Umid qilamizki, erta olingan jarohat uning faoliyatiga kuchli zarba bermaydi.

Sandro Tonali, 20 yosh – «Milan»

yus7

Afsuski, yangi Pirlo bo‘lishi kutilgan Tonali o‘zini «Milan»da juda yomon his etmoqda. Uning statistikasi ham «rossonerilar» safida ancha past. U «Breshia» safida har bir o‘yinda 1,9 ta keskin pas ijro etayotgan edi. «Milan»ga o‘tgach, bu natija 0,5 ga tushib ketdi. Uzoqdan yo‘llayotgan zarbalari ham ikki barobar kamayib ketdi. Shunday bo‘lsa-da, Tonalining «Milan» safida o‘ziga kelib olishiga birmuncha vaqt kerak.

Bukayo Saka, 19 yosh – «Arsenal»

yus8

Bugungi «Arsenal»ning yuzi va chinakam umidi. Qahramonimiz «Chelsi»ga qarshi kechgan uchrashuvda har tomonlama namoyish eta oladi. Juda ham tezkor bo‘libgina qolmay, Saka maydonni yaxshi ko‘ra olishi bilan ham muxlislar e’tiborini qozonib bormoqda. Endigina 19 yoshga to‘lganiga qaramay, u «kanonirlar»ning hujumdagi asosiy quroli bo‘lib ulgurdi. E’tiborlisi shundaki, Saka bu mavsumda naqd 7 ta pozitsiyada to‘p surdi va biror marotaba qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ymadi. Uning yosh bo‘lishiga qaramay, o‘yinni o‘qiy olishi kishi ko‘zini quvontirmoqda. U joriy mavsumda 20 ta o‘yinda maydonga tushdi. Hozircha, hisobida 3 ta gol va 3 ta assist mavjud. Tez orada, unga Angliya terma jamoasiga chaqiruv kelishi turgan gap.

Ferran Torres, 20 yosh – «Manchester Siti»

yus9

Ispaniyalik futbolchini Pep Gvardiolaning shaxsan o‘zi «Valensiya»dan sotib olishlarini talab qildi. Tan olish lozim, bu tanlov o‘zini to‘liq oqladi. Ayni damda, Sterling bilan birgalikda «shaharliklar»ning eng yaxshi to‘purari bo‘lib turibdi. Pep ispaniyalik universal futbolchidan markaziy hujumda foydalanmoqda. Torres esa, o‘zi uchun begona bo‘lgan pozitsiyada 7 ta gol kiritishga ulgurdi. Uning Ispaniya terma jamoasidagi faoliyati ham yuqori tempda davom etmoqda. 7 ta o‘yin 4 ta gol.

Meyson Grinvud, 19 yosh – «Manchester Yunayted»

yus10

Ingliz futbolidagi bugungi avlod iqtidorlarga to‘lib toshgan. Meyson Grinvud so‘zimizga yaqqol isbot bo‘la oladi. O‘tgan mavsumda 18 yoshli Grinvud 17+5 natija ko‘rsatgan va ko‘plab mutaxassislar e’tiboriga tushgan edi.

Bu mavsumda ham natijalar yomon emas: 18 ta o‘yin 3+3. To‘g‘ri, o‘tgan mavsumdagi yorqin emas, lekin «qizil iblislar» unga ishonishda davom etmoqda. Shu bois, yaqinda Meyson bilan o‘rtadagi shartnoma 2025 yilga qadar uzaytirilishi haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Yaxyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!