
Zohid Kenjaev va Rimma Gufranova Janubiy Koreyada shug‘ullanmoqda
Xabaringiz bor kelasi yili Yaponiya poytaxti Tokio shahrida XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlari o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan ayni kunlarda Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan sport turlari bo‘yicha bir qator sportchilarimiz chet davlatlarda o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini o‘tkazmoqda.

Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritish, sportchilarni nufuzli musobaqalarga tayyorlash maqsadida O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi bir qator chet davlatlar bilan aloqalar o‘rnatdi. Buning samarasida chet ellik mutaxassislar qo‘l ostida bir qator sportchilarimiz o‘z mahoratini oshirmoqda.

Jumladan, milliy terma jamoamiz a’zolari Zohid Kenjaev va Rimma Gufranova hozirda Janubiy Koreyada tajribali mutaxassis Son Sung Sun qo‘l ostida kelgusi yilgi musobaqalar va Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda. 27 dekabr kuniga qadar bo‘lib o‘tadigan mazkur yig‘inda tennischilarimiz taktik-texnik, jismoniy holat bo‘yicha nazariy hamda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazadi.
Shuningdek, Milliy olimpiya qo‘mitasi va mamlakatimiz stol federatsiyasi mamlakatimizda koreyalik murabbiy Son Sung Sun boshchiligida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazadi.
Fikrlar