
"Zaxira darvozabonimiz kasal bo‘lib qoldi, tavakkal qildik, Kubokda jiddiy vazifa qo‘yilmagan" - Jamshid Saidov
O‘zbekiston Kubogi nimchorak finalida “Qizilqum” klubi safarda “Mash’al”ni 3:1 hisobida taslim qildi va chorak finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Uchrashuvdan keyin “Qizilqum” bosh murabbiyi Jamshid Saidov jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- Birinchi o‘rinda g‘alaba qozonganimiz xursand qildi. Yigitlar o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani to‘liq bajarishdi. Buning uchun rahmat aytaman. “Mash’al” jamoasi bizga qarshi jiddiy tayyorgarlik ko‘rganligini bilardik. Bunday jamoa bilan o‘ynash juda og‘ir kechadi. Chunki ularda kuchli motivatsiya bor. Bizga nisbatan birinchi davra og‘ir o‘tdi. Shuning uchun legionerlarga uyga borib kelishga ruxsat berdik. Ikkinchi tarkib, asosan yoshlar bilan harakat qildik. Ular o‘zlarini ko‘rsata olishdi. Olis yo‘lni bosib kelgan muxlislarimizga ham rahmat aytaman.
- Ikkita taymda ham ikkala jamoa tengma-teng o‘ynaganini ko‘rdik. Qo‘shimcha bo‘limlarda “Qizilqum” g‘alabani oson qo‘lga kiritdi. “Mash’al”ni so‘nggi daqiqalarda jamoangizga kuchi etmadimi yoki “Qizilqum” qo‘shimcha bo‘limlarga ham alohida tayyorgarlik ko‘rganmidi?
- Birinchi bo‘limda vaziyatlar yaratdik. Lekin ikkinchi bo‘limda biroz o‘yinni tashlab yubordik. Taktikani o‘zgartirdik, himoyadan qayta hujum taktikasida o‘ynashga o‘tdik. Ekstra taymlarga o‘tishimizni kutmagan edim. Qo‘shimcha taymlarda jamoalar charchagandi. “Mash’al”da ham vaziyatlar bo‘ldi, lekin amalga oshmadi, bizda esa vaziyatlar ko‘proq bo‘ldi.
- “Qizilqum” zaxira darvozabonisiz harakat qildi. Darvozaboningiz jarohat olishidan o‘chimadingizmi?
- Bu ham bir tavakkal. Uchinchi darvozabon kasal bo‘lib qoldi. Bugungi o‘yinda asosiy tarkibda o‘ynagan posbonimizga ikkinchi darvozabon yo‘q edi, tavakkal qildik. Shunday bo‘lib qoldi.
- Legionerlarga ruxsat berib yuborilganmi? Kubok bahslarida ularning xizmatidan foydalanishni maqsad qilmaganmidingiz?
- Kubok bahslarida jiddiy vazifa qo‘yilmagan. Asosiy e’tibor chempionat o‘yinlariga qaratilgan. E’tibor bergan bo‘lsangiz, guruh o‘yinlarida ham asosan ikkinchi tarkibni o‘ynatgandik. Sababi, Kubok bahslarida oxirgi bosqichga top klublar yo‘llanma oladi. Xursandman, har qanday murabbiy har bir o‘yinda g‘alaba qozonishni xohlaydi. O‘yindan oldin yigitlarga mana imkoniyat sizlarga o‘zinglarni ko‘rsatib, asosiy tarkibga intilish uchun, deb aytdim.
- “Mash’al” Superligaga munosibmi yoki pro ligagami?
- “Mash’al” - bu buyuk tarix. Men o‘zim ham bu erda 5-6 yil ishlaganman. Qadrdon bo‘lib qolgan. Har bir ishlagan jamoalarimda mahalliy insonlar bilan doim iliq munosabatda bo‘lganman. 2008 yilda “Mash’al” akademiyasida ishlaganman. O‘zbekistondagi yagona yuqori saviyadagi akademiyalardan biri bo‘lgan. Birinchi murabbiylik faoliyatim shu erdan boshlangan. Buning uchun klubga minnatdorchilik bildiraman. U paytlari Bahrom Bayjanovich faoliyat olib borardi. U kishiga ham rahmat aytaman. Futbol murabbiysi sir-asrorlarini shu erda o‘rganganman. Hozir o‘tirib eslamoqdaman, muzeydagi rasmlar ham ko‘p narsalarni eslatmoqda. Shomurodov, Shukurov singari ko‘plab taniqli nomlar shug‘ullanishgan. Hozirgi ko‘plab futbolchilar “Mash’al” tarbiyalanuvchilari bo‘lishgan. “Buxoro” va “Mash’al” jamoalarida potentsial juda yuqori, Superligada o‘ynash uchun. “Mash’al” jamoasi uchun katta futbol kerak, ko‘plab katta jamoalar kelgan bu erga, OFK musobaqasida o‘ynashgan. 2009 yili Rivaldo birinchi marotaba shu erda o‘ynagan, ikkita gol urgan. Havas qilib tomosha qilganmiz. “Mash’al” jamoasiga omad tilayman, ular uchun qayg‘uraman, muxlislik qilaman. Ularni Superligaga chiqishini xohlayman.
- Ikkinchi davrani “Qizilqum” qaerda o‘tkazadi? Samarqanddami?
- Ochig‘i, bilmayman. Hozir maydonimiz yo‘q. U yoqdan, bu yoqqa borib o‘ynash, mashg‘ulot o‘tkazish juda og‘ir. Umid qilamizki, Samarqand bizga yaqinroq, rahbariyat hozir gaplashishyapti. Agar PFL ruxsat bersa Samarqandda o‘ynashimizga umid qilaman. Qarshida muammo yo‘q, hammasi yaxshi. Faqat yo‘l uzoqligi noqulaylik tug‘diryapti. Bu nafaqat futbolchilar, balki muxlislarga ham noqulay bo‘lmoqda.
Fikrlar