Zafar Polvonov gollarini endi Ronaldu uslubida nishonlamaydi

  • 25 iyun, 2019, 11:04
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 3
  • Futbol
CHERY AUTO

AGMK jamoasi hujumchisi Zafar Polvonov bugungi kunda klubning sardorlaridan biri sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Shunga yarasha u hujumchilarga xos bo‘lgan fazilatlarini ko‘rsatgan holda o‘zining to‘purarlik qobiliyatlarini ham namoyish etmoqda. 12 ta uchrashuvda raqiblar darvozasiga 8 ta gol urgan holda to‘purarlar qatorida bormoqda.

Tecno

Tabiiyki, u bunday ko‘rsatkich bilan o‘z jamoasining eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘lib turibdi. Masalan, 12-turd «Andijon» maydonida o‘tkazilgan bahsda olmaliqliklar 1:2 hisobida g‘alaba qozonishdi. Uchrashuvdagi dastlabki gol muallifi esa Polvonov bo‘ldi. Ammo shu kuni u kamida dublga erishishi ham mumkin edi. Hujumchi dastlab mazkur bellashuv haqida to‘xtalib o‘tdi.

- O‘yin haqida nima deyman? Avvalo shuni alohida aytmoqchimanki, biz bu uchrashuvga juda jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandik. Har bir chiziq va taktika ustida barcha futbolchilarimiz qattiq mehnat qilishdi. Chunki «Andijon» jamoasini qanday o‘yin ko‘rsatishini bilardik. Buning ustiga ularga yangi murabbiy kelgandi. Andijonliklarda yaxshi jamoa va yaxshi tarkib shakllangan. Shunga yarasha biz ham munosib tayyorgarlik ko‘rdik. Bu o‘yin uchun ko‘proq shug‘ullangandik. Keyingi uchrashuvlarga ham xuddi shunday tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak, g‘alaba uchun. Albatta, hozir «Andijon»ga ham, bizga ham ochkolar suv va havodek zarur bo‘lgan payt. Umuman olganda, ochko hammaga kerak.

E’tiborlisi, Zafar Polvonov kiritgan gollarini Krishtianu Ronaldu uslubida nishonlashni o‘ziga odat qilib olgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, u aynan Ronaldu muxlisi hisoblanadi. O‘z navbatida hujumchi ushbu vaziyatga ham oydinlik kiritib o‘tdi.

zafar polvonov_1

- Gollarimni nishonlash uslubimga kelsak, albatta, men «Real» va Ronalduga muxlislik qilaman. Jamoamizda «Barselona», «Real» va Ronalduning muxlislari bor. Lekin keyin Ronaldu «Yuventus»ga ketdi. Shunday bo‘lsa-da, oldindan urgan gollarimni o‘ziga xos tarzda nishonlashga odatlanib qolganman. Eng muhimi, boya aytganimdek, bizda «Barsa»ning ishqibozlik qiladigan futbolchilar bor. Gol urgan paytimda esa hazilomuz tarzda atayin ular uchun ham golimni Ronaldu uslubida nishonlayman. Lekin endi bunday qilmasam kerak. Gol ursam oddiy nishonlashga harakat qilaman.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, Zafar 8 ta gol bilan to‘purarlar orasida boryapti. Lekin birinchi o‘rinda borayotgan «Paxtakor» hujumchisi Dragan Cheranning hisobida 15 ta gol bor. OKMK hujumchisi esa to‘purarlik kurashi haqida shunday dedi:

- Bilasizmi, faqat o‘zimizning qora ko‘zlar to‘purar bo‘lishlarini xohlayman. Masalan, Temurxo‘ja Abduholiqov, Humoyun Murtazoevlarni aytishim mumkin. Legionerlarni nazarda tutayotganim yo‘q. O‘zimizning mahalliy o‘yinchilardan biri to‘purar bo‘lsin deyman. Nasib bo‘lsa, bu borada o‘zim ham urinib ko‘raman. Asosiysi, urgan gollarim jamoamga foyda keltirsa bundan faqat xursand bo‘laman. Hozircha mening hisobimda 8 ta gol bor va bu bilan to‘xtab qolish niyatim yo‘q. Yana o‘z ustimda ishlashda davom etaman. Albatta, hali o‘yinlarimda kamchiliklar bor, shularni ustida ishlashim shart. Tan olaman, ko‘proq gol ursam deyman. Har doim jamoam oldida yuzim yorug‘ bo‘lishini istayman.  

Superliganing 3-turida AGMK o‘z maydonida «Qo‘qon-1912»ni 7:1 hisobida dog‘da qoldirganidan yaxshi xabardorsiz. O‘sha bellashuvda esa maqolamiz qahramoni sanalgan Zafar Polvonov bir emas, ikki emas, uch emas, naqd beshta gol urgan holda tarixdan joy olgandi. Fleshga erishgan hujumchining shundan keyin negadir gol urish borasidagi sermahsulligi pasaygandek tuyuldi. Bunga esa uning o‘zi shunday munosabat bildirdi.

- Yo‘q, bunday emas. Shunchaki, o‘yinda yuzaga kelgan imkoniyatlardan foydalanishni bilish kerak. Masalan, «Andijon»ga bitta goldan tashqari yana ikki-uchta gol urishim mumkin edi. Bu ko‘pincha omadga ham bog‘liq. Nasib bo‘lsa, qolgan gollarimni boshqa jamoalar darvozasiga kiritishga harakat qilaman. «Qo‘qon-1912» darvozasiga beshta gol urganimga qaramay, men bu bilan aslo to‘xtab qolmayman.

Yana bir gap: o‘sha beshta gol urganidan keyin ko‘pchilik uning O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuperning e’tiboriga tushgani va yaqin orada bosh jamoaga taklif etilishini kutishgandi. Lekin hozircha bu narsa sodir bo‘lgani yo‘q.

- To‘g‘ri, o‘sha paytda shunday gap-so‘zlar bo‘lgandi. Lekin hech qanday taxminlarga hojat qolmadi. Men bilan hech kim qiziqmagan va hech kim chaqirmagan. Menimcha, iste’dodli yoshlarga imkoniyat berish kerak va ularni o‘ynatish lozim. Agarda murabbiyning menga e’tibori tushgan bo‘lsa, u holda qo‘limdan kelganicha yordam berishga harakat qilaman. Bu O‘zbekiston milliy terma jamoasi va o‘z vatanim uchun jonimni ham berishga tayyorman, - deydi OKMK hujumchisi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
АС МИЛАН
25/06/2019 15:15
Роналду тел қилиб унақа қилма дедими а Зафар?
&
★xodillo★
25/06/2019 18:01
Legonerlar bu yil yaxshi o'yinlar ko'rsatmoqda
Masalan KASYAN
LEKIN o'zimizni o'yinchilar xam ulardan qolishmayapti
&
Surxon turon
25/06/2019 12:06
Яхшироқ кулубга ӯтса очилиб кетади бу бола таланти бор АГМКАда барқаролик йӯқ