
"Yuventus", "Kalchopoli" va Italiya mafiyasi yoxud italyan futbolidagi qing‘irliklar sababchisi kim?
Turinning "Yuventus" klubi o‘tgan mavsum Italiya prokuraturasi tomonidan jiddiy qarshiliklarga uchradi. Jamoa sal qolsa, uzoq muddatga Evrokuboklardan tushib qolishi va B Seriyaga "surgun qilinishi" mumkin edi. Biroq turinliklar nisbatan engil jazoga duchor bo‘lishdi, ya’ni chempionatda Allegri shogirdlaridan 10 ochko olib qo‘yildi. Ochkolaridan ayrilgan "zebralar" chempionlar ligasini konferentsiyalar ligasiga almashdi. Bu o‘tgan mavsumda "Yuve" bilan yuz bergan mashmashalarning qisqacha xronoliyasi edi. Bu voqealar bu mavsum ham davom etadi, chog‘i. Yaqinda chiqqan xabar shundan dalolat berayotgandek, go‘yo.
"Yuventus" qanday qilib bu ishlarga aralashib qoldi?
"Keksa senora" o‘tgan mavsum 15 ochko olib tashlanishi bilan jazolangandi. Biroq keyin chiqarilgan qarorga ko‘ra, Turin klubidan 10 ochko olib tashlash ma’qul variant sifatida ko‘rildi.
Jamoaning moliyaviy feyr-pley qoidalarini buzgani sabab UEFA chora ko‘rishga qaror qildi. Kelgusi mavsumlar davomida turinliklar qarzlarini kamaytirishi lozim. Shuningdek, 3 yil davomida moliyaviy zarar 60 million evrodan oshmasligi talab etiladi. Agar "Yuve" qarzlarini qisqartirmasa va moliyaviy masalalarda yana muammolarga duch kelsa, UEFA jamoani Evrokuboklarga qo‘ymaslikda davom etishi mumkin. Qolaversa, Evropa futbol assotsiatsiyasi Italiya futbol ittifoqidan Turin klubiga ichki musobaqalarda ham jazo joriy etilishini so‘rashi mumkin.
Italiyada futbolni mafiya boshqaradi?!
Futbol - Italiyada eng ommabop sport turi hisoblanadi. Ammo OAV olib borgan bir qator surishtiruvlar natijasida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, bu mamlakat futbolida mafiya va korruptsiya aralashuvi odatiy holga aylanib qolgan.
Masalan, 2019 yil aprel oyida ushbu o‘lkaning bayroqdor klubi "Yuventus" atrofida qing‘ir ishlar sodir bo‘lgani mamlakat sport mediasida katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. O‘sha yili Italiya Oliy sudining ma’lum qilishicha,"Yuve" rahbarlari "ultras" deb ataluvchi muxlislar orqali Kalabriya mafiyasi bo‘lgan "Ndrangeta" a’zolariga chiptalar sotuvini topshirgan va shu yo‘l bilan foyda ko‘rishga uringan.
Bu borada faqat "Yuventus" "pul yuvish" ishlari bilan shug‘ullanmaydi. 2018 yilda Italiyada faqatgina muxlislar tashrifining o‘zidan 2 milliard 397 million evro ishlab topgan. Bu summaga teletranslyatsiyalar, homiylik shartnomalari yoki reklamalardan olingan daromad qo‘shilmagan. Bundan ko‘rinadiki, shu kabi katta miqdordagi mablag‘ni jalb qiladigan sanoat daromad yig‘ishga va jinoyatdan olingan daromadlarni yashirishga intilayotgan guruhlar uchun ishonchli usulga aylangandi.
"Ndrangeta" kabi jinoiy guruhlar futbol orqali obro‘ orttirishga va qonunlarni chetlab o‘tishda katta tajribaga ega. Yana boshqa mafiyalar esa yoshlar futboliga aralashadi. Yosh o‘yinchilarga homiylik qiladi, klublarni sotib oladi yoki jamoalarni tashkil qiladi. Hatto ba’zi guruhlar inqiroz yoqasidagi klublarni o‘z himoyasi ostiga oladi va ularni moliyalashtiradi. Keyinchalik esa o‘sha jamoa atrofida kam sarflangan xarajatlarni ikki barobar ko‘paytirib ko‘rsatiladi va "pul yuvish" ishlari keng ko‘lamda olib boriladi.
"Kalchopoli" - hamma kirdikorlar ochilishiga sabab bo‘lgan voqea!
"Kalchopoli" - Italiya oliy divizioni A Seriyada yuz bergan futbolga oid yirik mojarolardan biri. 2006 yilda ro‘y bergan mazkur jarayon klub rahbarlari va hakamlar o‘rtasida kelishuvlar bo‘lgani va audioyozuvlar evaziga bu narsa butun jahon OAVga tarqab ketgani bizga ma’lum. Bu liga chempioni bo‘lgan "Yuventus" hamda "Fiorentina", "Milan", "Latsio" va "Rejjina" kabi klublar atrofida sodir bo‘lgan. 2006 yil iyul oyida esa Turin klubidan chempionlikni tortib olishdi va "Inter"ga "Skudetto"ni topshirishdi. Yangi mavsumdan "zebralar" B Seriyaga tushirib yuborildi. Sport direktorlari va hakamlarga qamoq jazosi tayinlandi. Biroq ular qamalmasdan, oradan 10 yil o‘tib, shunchaki oqlanganligi haqida qaror bilan qutilib ketishdi.
Garchi barcha aybdor sifatida "Yuventus"ni ko‘rsatgan bo‘lsada, klub bilan bog‘liq kelishilgan o‘yinlar borasida birorta isbot topilmadi. Oradan ma’lum muddat o‘tgach, ko‘plab hakamlar va klub rahbarlari "suvdan quruq chiqishdi". Ular yana o‘z lavozimlariga qaytishdi, ayrimlari futboldan umrbodga chetlashtirildi, xolos.
Ha, aytgancha, o‘sha yili o‘tkazilgan jahon chempionatida Italiya terma jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritadi. "Skuadra Adzurra" tarkibidagi 5, frantsuzlar safidagi 3 futbolchi "Yuventus" vakili sifatida kelishilgan bahslarda aybdor, deb qaraladi. Ammo yuqorida aytib o‘tganimizdek, bu o‘z isbotini topmaydi.
"Kalchopoli" - aslida, nafaqat Italiya futboliga, balki butun dunyo "millionlar o‘yini"ga katta ta’sir ko‘rsatgan voqea hisoblanadi. Shundan so‘ng assotsiatsiyalar kelishilgan o‘yinlar va hakamlarni nazorat qilish kabi masalalarga jiddiy e’tibor qaratib keladi. Biroq bu muammo to‘liq bartaraf etildi, degani emas.
Fikrlar