Yozgi transferlardan so‘ng grand klublarning tarkibi qanday ko‘rinishda bo‘lishi mumkin?

  • 1 avgust, 2021, 00:17
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Klublar futbolchilarni sotib olish va sotishda davom etishmoqda. Bu ishlarni yakunlash uchun ularda yana bir oy muddat bor.

Tecno

Ba’zi top klublar allaqachon kuchaygan, boshqalarida hozircha faqat mish-mishlar. Biz amalga oshgan va amalga oshirilishi kutilayotgan transferlarni hisobga olgan holda, Evropa grandlari tarkibi yangi mavsumda qanday ko‘rinishga ega bo‘lishi mumkinligi haqida fikr yuritamiz. Albatta, bularning barchasi faqat taxminiy fikrlar xolos.

“Manchester Yunayted”

- "Manchester Yunayted" allaqachon Jeydon Sancho va Rafael Varanni sotib oldi.

- Keyingi navbatda Kiran Tripper turibdi, lekin hozircha klublar futbolchining transfer narxi bo‘yicha kelishuvga erisha olmayapti. "Atletiko" Tripperni 30 mln evroga baholamoqda, "Yunayted" esa buning yarmini taklif qilmoqda.

- Ingliz nashrlarining yozishicha, MYu mavsumlar oralig‘ida yarim himoyachi ham sotib olishni reja qilgan. Biroq buning uchun Pogba jamoadan ketishi kerak.

“Barselona”

- "Barselona" bu yozda tekin transferlar bo‘yicha etakchi bo‘lmoqda. Serxio Aguero va Erik Garsiya "Manchester Siti"dan, Memfis Depay "Lion"dan erkin agent sifatida “ko‘k-anor ranglilar” safiga qo‘shildi.

- So‘nggi ikki mavsumni "Betis"da ijarada o‘tkazgan Emerson yana “Barsa”ga qaytdi.

- “Barselona” endi Grizmann evaziga “Atletiko”dan Saulni qo‘lga kiritmoqchi. O‘z navbatida Antuan Madridga qaytishga tayyor. Faqat La Liga grandlari Saulning tovon puli bo‘yicha kelishib olishlari kerak. Grizmann hozir “Barsa”da yiliga taxminan 35 million evro maosh oladi va u yangi jamoasida ham shuncha pul olishni istamoqda. Shuning uchun "Barselona" bu transferdan keyin frantsuzga qo‘shimcha pul to‘lashi kerak.

PSJ

- Parijliklar bu yoz tarkibni kuchli futbolchilar bilan to‘ldirishdi: Serxio Ramos, Jorjino Vijnaldum va Janluiji Donnarumma. Bularning barchasi Parij klubiga erkin agent sifatida kelishdi.

- PSJ yana bir zo‘r transferni amalga oshirdi. Ammo katta pul evaziga. Aniqrog‘i Ashraf Hakimi "Inter"dan 60 million evro evaziga sotib olindi. Transfer shartnomasida yana qo‘shimcha 11 million bonus ham ko‘rsatib o‘tilgan.

- PSJ endi chap qanot himoya pozitsiyasini mustahkamlashni rejalashtirmoqda: Kurzava va Bernat ishonchsiz, Bakker esa “Bayer”ga sotib yuborildi. Bu borada asosiy nomzod (mish-mishlarga ko‘ra) “Milan” a’zosi Teo Ernandes bo‘lib turibdi. Lekin italiyaliklar uni qo‘yib yubormoqchi emas.

“Manchester Siti”

- Xosep Gvardiola toza hujumchilarsiz yaxshi ishlamoqda. O‘tgan mavsumda Kevin De Bryuyne va Bernardu Silva hujumda juda faol harakat qildi. Ammo Xarri Keyn sovrinlar yutish uchun "Tottenxem"dan ketishga qaror qildi va u aynan “Siti” hujumini kuchaytira oladigan ideal nomzod. So‘nggi yillarda muntazam ravishda premer-liga to‘purarlari orasida bo‘lib kelayotgan Keyn “shaharliklar”ni yana chempion qilishi mumkin.

- "Shporlar" esa o‘z etakchisini qo‘yib yubormoqchi emas. Shu bois ular “Manchester Siti”ning 100 million funtlik taklifni rad etdi va 160 million talab qilishmoqda.

- “Siti” yana bir transferni amalga oshirish arafasida turibdi. The Athletic nashri xabariga ko‘ra, “Aston Villa” yarim himoyachisi Jek Grilishning transferi bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichda. Ammo kelishuv hali imzolanmagan.

“Chelsi”

- "Chelsi" o‘tgan mavsum kuchli o‘yin ko‘rsatdi, Chempionlar ligasini yutdi, lekin baribir klub rahbariyati jamoani kuchaytirishda davom etmoqda. Nazariy jihatdan, klubni kuchaytirish uchun mablag‘ bor: ular Chempionlar ligasida g‘alaba qozongani uchun 120,3 million evro ishlab oldi va futbolchilar sotuvidan yana 35 million evro ishlab topdi.

- Tarkibni kuchaytirish uchun birinchi raqamli nomzod "Sevilya" futbolchisi Jyul Kunde bo‘lib turibdi. Insayder Fabritsio Romanoning so‘zlariga ko‘ra, "Chelsi" 22 yoshli himoyachi uchun andalusiyaliklarga 30-35 mln evro va Kurt Zumani taklif qilgan.

- Ammo londonliklarning asosiy transfer maqsadi Erling Xolland hisoblanadi. To‘g‘ri, "Borussiya" ikki etakchi futbolchisini (Sanchodan keyin) bitta transfer oynasida qo‘yib yubormoqchi emas, ammo 175 million evro dortmundliklar fikrini o‘z o‘zgartirishi mumkin.

Sports.ru saytidan Baxtiyor Toshtemirov tarjimasi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!