Yaxshiboev Ronaldu qilgan ishni uddaladi!

  • 5 oktabr, 2023, 22:00
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bu galgi Osiyo chempionlar ligasi o‘zgacha o‘tmoqda. Bunga arab klublari o‘z safiga Evropada nom taratgan futbolchilarni qo‘shib olgani sabab. Jahon va Evropa miqyosidagi nufuzli musobaqalarda porlagan Krishtianu Ronaldu, Karim Benzema, Neymar, Ngolo Kante kabi bir necha yulduzlar Osiyo klublarining eng zo‘r turniri sifatida e’tirof etiladigan Chempionlar ligasida to‘p tepishi muxlislarni xushnud etmoqda.

Tecno

UEFA Chempionlar ligasida eng ko‘p – 183 ta o‘yin o‘tkazib, eng ko‘p – 140 gol urgan Krishtianu Ronaldu qit’amizning eng nufuzli turnirida ham gollari hisobini ochib ulgurdi. 38 yoshli yulduz "An-Nasr" hujumchisi sifatida yon qo‘shnimiz – Tojikistonning “Istiqlol” jamoasi darvozasiga musobaqadagi birinchi golini urdi.

image_11

Qiziq holat yuzaga kelmoqda. Qit’amizda faoliyat yuritayotgan charm to‘p ustalari orasida Evropa va Osiyoning eng katta musobaqasida gol urgan futbolchilar safi kengayib boryapti.

Endi ular orasiga o‘zbek hujumchisi ham qo‘shildi.

Namanganning “Navbahor” jamoasi o‘z tarixida ilk bor Osiyo Chempionlar ligasining  guruh bosqichida qatnashmoqda.

Samvel Babayan shogirdlari birinchi turda Neymar etakchiligidagi “Al-Hilol”dan bir ochko olib kelgani shov-shuvli natija sifatida qayd etilgandi. Aslida o‘sha bahsda saudiyaliklar mag‘lubiyatdan bazo‘r qutilib qolgan.

“Navbahor” ikkinchi turda o‘z maydonida Hindistonning “Mumbay Siti” jamoasini qabul qilib, yirik hisobda g‘alaba qozondi. O‘yinda hisobni ochish imkoniyatiga birinchi hindistonliklar ega bo‘ldi. Biroq Styuartning 11 metrlik belgidan bergan zarbasini O‘tkir Yusupov mahorat bilan qaytardi.

Bellashuvning ikkinchi yarmida mezbonlar uchta to‘p kiritdi. Gollarga Jamshid Iskandarov, Jasur Yaxshiboev va Doniyor Abdumannopov  mualliflik qildi.

Osiyo chempionlar ligasida debyut golini urgan Jasurbek Yaxshiboev xuddi Ronaldu singari Evropada ham to‘p kiritgan o‘yinchiga aylandi. Hamyurtimiz portugaliyalik yulduzdan farqli ravishda UEFA turnirida faqat bittagina gol urgan.

Lekin u qanday zo‘r va qadrli gol edi?

Jasur Yaxshiboev 2021 yilning sentyabrida Moldovaning “Sherif” jamoasi tarkibida UEFA Chempionlar ligasining guruh bahslarida “Santyago Bernabeu” arenasida “Real” mehmoni bo‘lib, turnirda eng ko‘p bosh sovrinni qo‘lga kiritgan jamoani 2:1 hisobida er tishlatgan.

Tarixiy o‘yindagi birinchi golni aynan Jasurbek Yaxshiboev mashhur darvozabon Tibo Kurtua darvozasiga yo‘llagan edi.

zhosur-yashiboev-sherif

Ta’kidlash joizki, o‘zbekistonlik futbolchilar orasida UEFA Chempionlar ligasida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan va eng ko‘p gol urgan hujumchi Maksim Shatskix hisoblanadi. Hozir “Paxtakor”ga bosh murabbiylik qilayotgan Shatskix Kievning “Dinamo” jamoa safida muntazam xalqaro maydonda to‘p tepib kelgan.

Futbol olamidagi nufuzli manba - https://www.transfermarkt.world  portalida qayd etilishicha, Maksim Shatskix Evropa Chempionlar ligasining saralash musobaqasida 24 ta o‘yinda raqiblar darvozasini 12 marta nishonga olgan.

Chempionlar ligasining asosiy turnirida 45 marotaba maydonga tushib, o‘z hisobiga 11 ta gol hamda bir juft assist yozdirib qo‘ygan.

Bir so‘z bilan aytganda, qit’amiz futbol ishqibozlari yaqindagina Evropaning eng nufuzli musobaqasi qahramonlari bo‘lgan yulduzlarning Osiyodagi sarguzashtlarini tomosha qilish imkoniga ega bo‘lmoqda.

Raneri Shomurodov haqidagi savolga javob berdi

Xorijlik ekspertlar Fayzullaevga tan bera boshladi

Fayzullaev Evropaga ketishga tayyorlanyapti!

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!