
Yangi davrni boshlayotgan "Burgutlar" yoxud barchasi "Andijon" haqida
1964 yilda tashkil topgan “Andijon” klubining bu yil 60 yillik yubileyi! E’tiborlisi, klub ushbu yubileyida to‘yga to‘yona deganlaridek, o‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritdi. Bu orqali “Burgutlar” kelasi yili Osiyo Chempionlar ligasi 2 da hamda O‘zbekiston Superkubogida ishtirok etish imkoniyatiga ham ega bo‘ldi. Dahaqiqat, bu klub yangi tarix yozishda davom etyapti.
Keling, barchasini bir boshidan boshlasak. “Andijon” 1964 yilda tashkil topgan. Jamoaning ilk bosh murabbiyi Evgeniy Borisovich Valitskiy. Darvoqe, o‘sha yili “Spartak” nomi bilan chempionatda ishtirok etgan. Shu paytga qadar klub nomi bir necha bor o‘zgargan. “Spartak”dan tashqari, “Andijanets”, “Tekstilshik”, “Paxtakor”, “Navro‘z” kabi nomlar bilan ham atalgan. 1997 yildan “Andijon”ga o‘zgartirilgan.
“Andijon” klubi O‘zbekiston chempionatida 1992 yildan beri ishtirok etib keladi. Orada bir necha bor pro ligaga ham tushib chiqqan. Jamoaning eng yaxshi natijasi 2008 yilga to‘g‘ri keladi. O‘shanda klub faxrli 5-o‘rinni egallagan. O‘sha mavsumda ikkita murabbiy ishlagan. Avvaliga Vladimir Bondarenko boshchiligida mavsumga kirishishgan va chempionatni Orif Mamatkazin ustozligida yakunlashgan.
Tarixda ilk bor Kubokni qo‘lga kiritgan jamoa bunda mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdi. Guruh bosqichidayoq “Andijon” “o‘lim guruhi”dan joy oldi. Amaldagi Kubok sohibi “Nasaf”, “Navbahor” va “Dinamo” bilan birga “N” guruhidan o‘rin egalladi. O‘sha paytdayoq Kubok sohibi ushbu “o‘lim guruhi”dan chiqishi e’tirof etilgandi. “Andijon” ilk o‘yinini “Bobur arena”da “Dinamo”ga qarshi o‘tkazib 2:2 hisobida durang o‘ynadi. 2-turda Namanganda “Navbahor” mehmoni bo‘lib 2:1 hisobida engildi. Nihoyat, 3-turdagi hal qiluvchi bahsda Aleksandr Xomyakov jamoasi “Nasaf”ni qabul qildi. Shiddatli uchrashuvda 90-8-daqiqada Bektemir Abdumannonovning goli “Andijon”ni keyingi bosqichga olib chiqdi va “Nasaf” musobaqani alamli tarzda tark etdi.
Shu tariqa, Kubokdagi yurishini davom ettirgan “Andijon” nimchorak finalda Toshkentda “Olimpik”ni Rustam Turdimurodovning yagona goli evaziga mag‘lub etdi. Chorak finalda esa Qarshida “Qizilqum” mehmoni bo‘ldi va javobsiz 3 ta gol urgan holda yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdilar. “Bobur arena”da “Surxon”ga qarshi bo‘lib o‘tgan yarim final bahsida “Andijon” penaltilar seriyasida g‘olib chiqdi. Hal qiluvchi finalda esa “Navbahor” qanday taslim etilganini hamma ko‘rdi. Bu o‘zbek futboli tarixidagi takrorlanmas final bo‘lib qoladi. “Andijon” Kubok musobaqasida 7 ta o‘yin o‘tkazib 11 ta gol urdi va o‘z darvozasidan 6 ta to‘p olib chiqdi.
Shuningdek, “Andijon”ning shu paytga qadar O‘zbekiston Kubogidagi eng yaxshi natijasi asosan 1\4 final bilan bog‘liq edi. Ya’ni, jamoa 10 marotaba chorak finalgacha etib kelgan. So‘nggi bor, “Andijon” 2022 yilda chorak finalda OKMK bilan kuch sinashgan va o‘shanda o‘z uyida 0:2 hisobida imkoniyat boy bergan. O‘sha paytda bosh murabbiy rossiyalik Viktor Kumikov edi. Mana, nihoyat bu yil “Burgutlar” Kubok sohibiga aylandi.
Klubda ishlash tizimi ancha takomillashdi. Ayniqsa, “Uzavtosanoat” AJ bosh homiy sifatida biriktirilgach, “Andijon”da moliyaviy tomondan barqarorlik ko‘zga tashlana boshladi. Oldinlari moliyaviy masalalarda, oylik maoshlarda muammolar kuzatilardi. Bugungi kunga kelib esa bu muammo to‘liq bartaraf etildi. “Andijon” klubi endilikda moliyaviy jihatdan barqaror klubga aylandi. Hech kimdan hech qanday qarzi qolmagan. Futbolchilarga ham oylik maosh va mukofot pullari vaqtida to‘lab borilyapti. Mahalliy o‘yinchilarga e’tibor yanada kuchaytirildi. Misol uchun, jamoa sharafini pro ligadan beri hozirga qadar himoya qilib kelayotgan futbolchilar bor: Bular – Eldor Adhamov, Ilhom Alijonov, Abdulvohid G‘ulomov, Ildar Mamatkazin, Islom Mamatkazin, Vladimir Bubanya, Muhammadkarim Toirov, Farhod Sohibjonov, Abdurahmon Komilov, Mohir Komilov. Aynan shu futbolchilar klub negizini tashkil qiladi.
Kubok finalida esa 9 nafar mahalliy futbolchilar to‘p surishdi: Bular – Ildar Mamatkazin, Islom Mamatkazin, Abdulvohid G‘ulomov, Abdurahmon Komilov, Ilhom Abdug‘aniev, Sardor Azimov, Farhod Bekmuratov, Farhod Sohibjonov, Muhammadkarim Toirov.
Yana bir gap: “Andijon” klubi selektsiyada ham to‘g‘ri yo‘nalishda ishlay olishini isbotlay oldi. Shu yilning o‘zida jamoa ikkita o‘yinchisini chetga sotdi. Jumladan, albaniyalik hujumchi, o‘tgan yili Superligani “yondirgan” va “Andijon”ning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan Rubin Xebayni Saudiya Arabistonining “Ol-Oruba” klubiga transfer qilishdi. Bu “Andijon” klubi tarixida birinchisi edi. Shuningdek, yozda “Andijon” iqtidorli yarim himoyachisi Sherzod Esanovni Rossiya premer-ligasi vakili – “Akron” klubiga sotdi. Ko‘ryapsizmi, “Burgutlar” shu yilning o‘zida ikki nafar futbolchsini transferidan yaxshigina pul ishlab oldi.
Bosh murabbiy Aleksandr Xomyakov “Andijon”da ikkinchi bor ishlamoqda. Dastlab u 2020 yilda ham bosh murabbiylik qilgan. 2022 yilning 15 dekabr sanasida esa rasman “Andijon” bosh murabbiyi sifatida tanishtirilgan. O‘zbekistonda 15 yildan beri murabbiylik qilib kelayotgan Aleksandr Andreevich, “Andijon” bilan Kubokni qo‘lga kiritgan holda yurtimizdagi dastlabki tituliga ham sazovor bo‘ldi. “Andijon” Superligada 2023 yildan ishtirokini davom ettirib kelyapti. 2022 yilda Pro liga g‘olibi sifatida kichik Kubokni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, bu safar O‘zbekiston Kubogi sohibi sifatida katta Kubokni boshi uzra ko‘tardi.
Klub safida quyidagi legioner futbolchilar to‘p surishyapti: Igor Litovka (Ukraina), Levan Arveladze (Ukraina), Lyubisha Petsel (Serbiya), Vladimir Bubanya (Serbiya), Shaxrom Samiev (Tojikiston), Abinur Nurimbet (Qozog‘iston), Maksim Sarraf (Rossiya) va Luka Zgurskiy (Rossiya). Nurimbet, Sarraf va Zgurskiy 19 yoshda bo‘lib, ular legionerlar limitidan tashqari.
Bundan tashqari, “Andijon” klubi uchun alohida barcha talablarga javob beradigan yangi zamonaviy baza qurilmoqda. Buloqboshi tumanida qad rostlayotgan ushbu baza O‘zbekistondagi eng yaxshisi bo‘lishi kutilmoqda.
Klub oxirgi uch yilda muxlislar bilan ishlashni faol tarzda kuchaytirdi va juda katta sharoitlar, imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Shuning evaziga ham bugungi kunda “Andijon” fan-klubi nafaqat O‘zbekistonda birinchi raqamliga aylandi, balki dunyo ushbu ishqibozlarni tan olyapti. Bir so‘z bilan aytganda, “Andijon” uchun istiqbolli yangi davr boshlanmoqda.
Fikrlar