
"Xorazm" bosh murabbiyi: "O‘yin oxirlarida omadimiz keldi, "Qo‘qon-1912" g‘alabaga loyiqroq edi"
Bugun pro liganing 8-tur doirasida “Xorazm” jamoasi Qo‘qonda “Qo‘qon-1912”ga qarshi bahs olib bordi. 0:0 hisobida yakunlangan uchrashuvdan keyin urganchliklar bosh murabbiyi Ruslan Ahmedov matbuot anjumanida qatnashdi.
- Og‘ir uchrashuv bo‘ldi. Ochig‘ini aytsam, o‘yin oxirlarida omadimiz keldi. “Lokomotiv” va “Dinamo” bilan uchrashuvlarda alamli mag‘lubiyat bo‘lgandi. Bugun ham xayolimizda shu narsa bor edi. Chunki oxirida bo‘sh qolgan darvozadan to‘pni olib chiqishdi. Bugun “Qo‘qon-1912” g‘alabaga loyiqroq edi. Ikkinchi raqam bilan o‘ynash, qarshi hujum taktikasi o‘zini oqladi, desam bo‘ladi. Qo‘qonliklarga keyingi uchrashuvlarda omad tilayman. Bu jamoada juda saviyali o‘yinchilar bor.
- Ikkinchi raqam bilan o‘ynash taktikasi haqida aytdingiz. O‘zingiz futbolchilaringizga himoyada “yotib” olishlarini ta’kidlaganmisiz yoki...
- Doimiy shunday savollar bo‘ladi. Sizlar yutayotgan jamoaga savol beringlar, bu taktikaning bir qismi bo‘ladi. O‘yin tempini buzish vaqt cho‘zish emas. Dunyo futbolida shunaqa. Evropa Chemionlar ligasi, jahon chempionatida ham natija uchun vaqt cho‘zadi. Biz ataylab shuni aytamiz, degan tushuncha yo‘q. Hammasi o‘yinchilarning holatidan kelib chiqib shunday bo‘ladi. Ayniqsa, uchrashuv oxirida shunaqa rejimga o‘tib ketadilar. Bu taktika emas. Biz doimiy ravishda natija uchun o‘ynaymiz. Agar Qo‘qon gol urganida biz oldinga harakat qilardik. Yoki qo‘qonliklarning ayrim futbolchilari ham vaqtni cho‘zishlari mumkin edi. Buni futbolda normal jihat deb o‘ylayman.
- “Xorazm” jamoasida o‘tgan yilgiga qaraganda bu yil o‘yinida ancha pasayish kuzatilgandek...
- Pasayish, nimagaki, o‘tgan yilgi tarkibdan 80 foizi tarqalgan. Yangi o‘yinchilar kelgan, bu jamoaga vaqt kerak. Masalan, Rokki Marchiano Dubay jamoasiga sotildi. 4 ta futbolchimiz “Surxon”ga o‘tib ketdi. Ko‘rayotgan bo‘lsanglar, Superligada o‘ynashyapti.
- Darvozabonni oxirgi harakatini qanday baholaysiz? Professionallikka to‘g‘ri keladimi?
- Noto‘g‘ri. Buni hissiyot desa ham bo‘ladi. Darvozabonlar boshqalarga qaraganda asabiyroq bo‘ladi. O‘sha holatni ko‘rganim yo‘q. Echinish xonasiga kirib qizil kartochka berganini endi bildim. Xulosa chiqaramiz.
Fikrlar