
Xitoy chempionati o‘z yo‘nalishini o‘zgartirmoqda! Odil Ahmedovga nega boshqa jamoadan taklif tushgani ma’lum
Katta ehtimol bilan 2021 yilda Xitoy futbolida inqilob yuzaga keladi. Voqealar rivojidan xulosa qiladigan bo‘lsak, ichki birinchilik o‘z ko‘rinishini o‘zgartirmoqda. Yanvar oyidan boshlab, legionerlarga bo‘lgan limit ham keskin qisqartiriladi. Shu bois, taniqli futbolchilar Osiyoni tark etmoqda.
Boz ustiga, klublarga legionerlar uchun yiliga 3 million evrodan ortiq pul to‘lamaslik sharti qo‘yilmoqda. «Shanxay SIPG» jamoasi yarim himoyachisi Oskar bu summani 7 haftada ishlab topishini inobatga olsak, taniqli yulduzlarning barchasi ortga qaytib ketishi aniq.
- Birinchilik rahbarlari amalda shartnomasi bor futbolchilarning maoshini to‘liq to‘lab berishga imkon yaratib beradigan bo‘ldi;
- Mahalliy futbolchilarning maoshi ikki barobar qisqartiriladigan bo‘ldi. Bundan tashqari, ularga faqat milliy valyutada maosh to‘lanishi lozimligini e’lon qilindi. Bundan tashqari, Chin o‘lkasida tug‘ilgan futbolchilarga yiliga 625 ming evrodan ko‘p maosh to‘lash mumkin emas! Bu avvalgi limitdan 3 karra kamroq degani;
- Endilikda, Superligadagi barcha klublarning yillik xarajati 75 million evrodan oshib ketmasligi kerak. Ushbu summaning 10 millioni legionerlar uchun sarflanishi mumkin. Qolgan barchasi mahalliy futbolchilar va o‘rinbosarlar o‘rtasida taqsimlanadi;
- Qonunlarni buzgan yoki aylanib o‘tmoqchi bo‘lgan klublardan 24 ball olib tashlanadi. Futbolchilar esa, Xitoy terma jamoasi va ichki birinchiligida to‘p surishdan mahrum qilinadi;
- Shu o‘rinda yaxshi o‘zgarishlar ham yo‘q emas. Chempionat vakillariga bir vaqtning o‘zida 4 legioner bilan maydonda harakat qilishi mumkin. O‘yin qaydnomasida esa, umumiy hisobda 5 ta xorijlik futbolchining nomi paydo bo‘lishiga ruxsat berildi.
Bunday o‘zgarishlarga asosiy sabab sifatida Xitoy futbol rahbarlarini ko‘rsatishimiz mumkin. Aslida, ichki chempionatni kuchaytirishdan asosiy maqsad – terma jamoa a’zolarining darajasini oshirish edi. Yakunda kutilgan natija qayd etilmadi. Buni mamlakat futbol rahbari – Chen Syuan ham ta’kidlab o‘tdi:
“Xitoy klublarining xarajatlari Koreya "K" ligasi vakillarinikidan 10 marotaba ko‘proq. Yaponiya "J" ligasi ham bizning superligadan 3 karra kamroq pul sarflaydi. Shunga qaramay, bizning milliy terma jamoa raqobatchilarimizdan ortda qolmoqda.
Avval qanday edi?
Xitoy klublari futbol bozoriga 2016 yilda katta yurishni amalga oshirdi. Superligaga birinchilardan bo‘lib Xalk, Teysheyra, Jekson Martines, Ramires singari nomdor futbolchilar yo‘l oldi. Oradan bir yil o‘tib, Oskar va Vitsel ham ular qatoridan o‘rin egalladi.
Avvallari legionerlarning maoshi borasida hech qanday limit mavjud emas edi. Shu bois, klublar istagan futbolchilariga xohlagan summasini taklif etdi. 4+1 ko‘rinishidagi limit sababli deyarli barcha jamoalarda nomdor futbolchilar paydo bo‘lishni boshladi.
Barchasiga Xitoy xalq etakchisi - Si Tszinpinning futbolga bo‘lgan mehri sabab bo‘ldi. Davlat rahbari mamlakatda futbolni rivojlantirish maqsadida katta ishlarni amalga oshirdi. Maktablarda futbol darsi o‘tila boshlagan bo‘lsa, ulkan kompaniyalar ushbu sport turiga investitsiya kiritishni boshladi.
Gap shundaki, davlat soliq idoralari futbolga pul sarflayotgan kompaniyalarni soliqning katta qismidan ozod qildi. Qarabsizki, futbol soliqlari ulkan summani tashkil etuvchi korxonalar uchun qulay imkoniyatga aylandi.
Transferlar uchun sarflangan pullar?
2016 yildagi voqealardan so‘ng, Xitoyning ikkinchi ligasi vakillari safini ham yulduzlar to‘ldirishni boshladi. 4+1 sababli mahalliy futbolchilarga bo‘lgan talab o‘z-o‘zidan oshdi. Terma jamoada a’zolarining transfer summasi 20 million evroga qadar ko‘tarildi.
Misol uchun, Xitoyning «Shanxay Shenxua» klubi terma jamoadan chaqiruv olgan Bi Szin Xao uchun 10 million evro to‘lab berdi. 5 mavsum davomida jamoa sharafini himoya qilgan himoyachi 44 o‘yinda ishtirok etdi, biroq termadan boshqa taklif olgani yo‘q.
Klublar e’tiborini g‘arblik futbolchilarga qarata boshlagach, 2017 yilda Xitoy futbol rahbarlari limitga o‘zgartirish kiritdi.
- 4 ta xorijlik futbolchi. Osiyolik legionerlar uchun ajratilgan +1 bekor qilindi;
- Jamoa qaydnomasida 23 yoshgacha bo‘lgan kamida ikki futbolchi bo‘lishi shart. Ularning hech bo‘lmaganda bittasi o‘yinni asosiy tarkibda boshlashi kerak;
- Zarar evaziga faoliyat olib borayotgan klublar bolalar futbolini rivojlantirish fondiga pul ajratishga majbur.
Eng qizig‘i shundaki, Xitoyda ichki birinchilikka bo‘lgan qiziqish juda ham past. Ushbu yurt Rossiyada bo‘lib o‘tgan mundialni tomosha qilish maqsadida eng ko‘p chipta sotib olganlar ro‘yxatini boshqarib borgan. Ularning 97 foizi xorijlik yulduzlarni maydonda ko‘rish maqsadida Rossiyaga etib borishgan. Ichki birinchilik o‘yinlarida esa, muxlislar soni juda ham kam.
Aholi zich joylashgani uchun arenalar sig‘imi juda katta. Ularni to‘ldirishning imkoni bo‘lmagach, klublar ijara pulini yonidan to‘lashga majbur bo‘lmoqda. Hozirga qadar birorta Chin o‘lkasi klubi oylik xarajatidan ko‘proq pul ishlab topgani yo‘q. Jamoa nomi va logotiplarning tez-tez o‘zgarib turishi esa, vaziyatni yanada og‘irlashib ketishiga sabab bo‘lmoqda.
Futbolga bo‘lgan ulkan e’tibordan so‘ng terma jamoa o‘yinlariga bo‘lgan qiziqish ortgani yo‘q. Boz ustiga, xalqaro maydonda Xitoy terma jamoasi omadsiz ishtirok etishda davom etmoqda. Barchasiga asosiy sabab sifatida noto‘g‘ri transfer siyosati yurgizilganini ko‘rsatish mumkin. Klublar limitda ko‘rsatilgan barcha futbolchilarni oldingi chiziqni kuchaytirish maqsadida sarflay boshladi. Oqibatda, himoyada tajribasiz va o‘quvsiz mahalliy futbolchilar qolib ketdi. Xorijlik yulduzlar kuchsiz mudofaani dog‘da qoldirgani sari ko‘proq bonus pullarga ega bo‘ldi. Xitoyda futbol sifati o‘sgani yo‘q.
Futbol olamida inqilob qilishga uringan Xitoy muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Mahalliy futbolchilarning maoshi keskin qisqartirilgan bo‘lsa, xorijliklar yurtiga qaytib ketishni boshladi. Hamyurtimiz Odil Ahmedovning «Shanxay SIPG» bilan shartnomasi bor. Shu bois, u yuqoridagi reglamentda ko‘rsatilganidek kontraktni to‘liq o‘tab berishga va o‘z maoshini kamaytirmaslikka haqli.
Hamyurtimiz bilan arab klublarining qiziqayotgani rost, ammo ular har doim erkin agent maqomidagi ijrochilarni tarkibga qo‘shib olishga o‘rganib qolgan. Agar, tez orada limit va reglamentga o‘zgartirish kiritlmasa, Ahmedov o‘z shartnomasidagi maoshni olish maqsadida Xitoyda bir muncha vaqt ushlanib qolishi aniq.
Fikrlar