"Ulug‘bek Baqoev haqida menga ham savollar berishdi, topgan legionerlarimiz bor" - "Bunyodkor" direktori klubdagi o‘zgarishlar xususida nima deydi?

  • 20 dekabr, 2022, 12:41
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Toshkentning “Bunyodkor” klubi ham yaqinda 2023 yilgi mavsum uchun o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini boshladi. Ushbu jamoa safida o‘zgarishlar bo‘ladi.

Tecno

Klub direktori Aziz Haydarov Sports.uz uchun “Bunyodkor”ning rejalari va yuz berishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar xususida to‘xtalib o‘tdi.

Tayyorgarlik rejasi

- Yangi mavsumga tayyorgarlikni 10 dekabrdan boshladik. 28 dekabrgacha shug‘ullanamiz. 21 dekabr kuni “Neftchi” bilan o‘yinimiz bor. Undan keyin yana bitta o‘rtoqlik uchrashuvimiz turibdi. Shu bilan yig‘inni tugatamiz va keyin 3 yanvardan boshlaymiz. 12 yanvar kuni BAAga ketishni rejalashtirganmiz. Bu yig‘inni tashkillashtirishimizga rahbarimiz ruxsat berdi. U erda to‘rtta o‘yinimiz bo‘ladi. “Al-Vahda”, “Lokomotiv”, “Krasnodar” va “Rostov”ga qarshi maydonga tushamiz. Birinchi o‘yinimizni BAAning “Al-Vahda” klubiga qarshi boshlaymiz. Qolgan uchta uchrashuv Rossiya jamoalari bilan o‘tkaziladi. U erdan 25 yanvarda qaytamiz. Toshkentda yig‘inimizni davom ettiramiz. Hali muhokama qilmadik, biroq reja bo‘yicha fevralda Turkiyada shug‘ullanmoqchimiz. Yangi mavsum taqvim sanalari ham chiqdi. Martning boshlarida start olarkan. Tarkibimizda yosh o‘yinchilar ko‘p. Bu tomonlama ham yana bosh qotirishimiz kerak bo‘ladi.

Qozog‘iston safari nega bekor bo‘ldi?

- Qozog‘istonga ham bormoqchi edik, ikkita o‘yin gaplashib qo‘ygandik. Lekin undan tashqari yana ikkita xorij yig‘inimiz rejalashtirilayotgani uchun va hozirda futbolchilar optimal formada bo‘lmaganligi sababli yaxshisi pulni tejab boshqa narsalarga ishlatishni xohladik. Qozog‘iston safarini bekor qildik.

aziz2

Ulug‘bek Baqoev “Bunyodkor” bosh murabbiyi bo‘ladimi?

- To‘g‘risini aytsam, Ulug‘bek Baqoev to‘g‘risida hech qanaqa ma’lumot yo‘q edi. Menga ham ko‘plab shunaqa savollar berishdi. Yo‘q, bunday variant bo‘lmaganini va rahbar bilan ham bu haqida gaplashmaganimni aytdim. Jamoani Ivan Boshkovichga ishonib topshirdilar. U ko‘p yillardan beri klubda ishlaydi. Boshida bitta imkoniyat berib ko‘rish kerak degandik va shunga asosan jamoani unga topshirgandik. Qiziqarli bo‘ldi. Qancha murabbiylar bilan ishlagan bo‘lsak, barchasini o‘ziga yarasha yo‘nalishi bor. 3 yil “Bunyodkor” akademiyasida ishladi. Viktor Karpenko o‘rniga Boshkovich bosh murabbiy etib tayinlandi va shundan beri ishini davom ettirib kelmoqda. Yangi mavsumda ham o‘zi qoladi, hech qaerga ketmaydi.

Kimlar ketdi?

- Tarkibda o‘sha-o‘sha yigitlar qolgan. Shartnomasi tugaganlar ketdi. Masalan, Farruh Ikromov tark etdi. Narx, Pobulich, Tomiva va Mogilevets “Bunyodkor”ni tark etishdi. Davron Ergashev hozircha biz bilan birga. U jamoa sardori. Yangi mavsum uchun o‘zini qanchalik ko‘rsata oladi, shunga qarab yana gaplashaveramiz. Yana yangi legionerlarni ko‘ryapmiz. Qaysi pozitsiya bo‘sh bo‘lsa, o‘sha joylarga futbolchilarni chaqiramiz. Hech kim bilan tayyor shartnoma imzolamaymiz. Nomdor o‘yinchi bo‘lmasa agar, hammani yig‘in davomida ko‘rib, jamoamizga yordam beradigan xususiyatlariga amin bo‘lsak, olib qolamiz. Ha, yangi futbolchilar orasida kelishuvga erishganlarimiz ham bor. Masalan, topgan legionerlarimiz ham bor. Ularni o‘yin amaliyotida ko‘rganimiz yaxshiroq. Dubaydagi yig‘inga yoki Toshkentga ham chaqirishimiz mumkin. Bizga yaponiyalik legioner kelib-ketdi. Lekin jarohat olgani uchun qaytarib yuborishga qaror qildik. Qirg‘izistonlik yosh iqtidorli futbolchi ham kelgan. “Neftchi”ga qarshi nazorat uchrashuvida uni sinab ko‘ramiz. Eng birinchisi, jamoani oldin mahalliy futbolchilar bilan to‘ldirish kerak.

aziz1

Yangi mavsum maqsadi

- 2023 yilgi chempionatda ham sovrinli o‘rinlar uchun kurashamiz. Osiyo Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun ham harakat qilamiz. Bu qanchalik qo‘limizdan keladi, bu o‘zimizga ham qiziq. Qo‘ldan kelganicha harakat qilamiz. Mana, jahon chempionati o‘yinlarini ko‘rdik. Har bir jamoa futbol o‘ynay olishini bilib turibmiz. Bu yilgi mavsumda 8 ta tur qolganida yoshlarni qo‘rqmasdan qo‘yishni boshlagandik. Eng asosiysi, ahil va inoq jamoa tuzishimiz kerak. Qo‘l ostimizdagi yigitlar “Bunyodkor”ni yuragidan sevishlarini istayman. Ana shunda bitta jamoa bo‘la olamiz va oliy maqsadlar uchun kurasha olamiz.

Rahmonaliev “Rubin”da ishonchni oqlaydimi?

- Umarali Rahmonalievga “Rubin”da oson bo‘lmaydi. Bu aniq. Birinchi divizionda maqsadi bor klubga ketdi. U erda natijaga qarab o‘ynaladi. Rahmonaliev hali o‘sadigan bola. Ko‘nikib keta oladi. Juda iqtidorli bola. Oldiga qo‘yiladigan vazifani uddalaydi. Kelajakda milliy terma jamoamizga ham yordam bera oladi.

Shuhratbek Jo‘raev.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!