
Ulug‘bek Baqoev: "Durang biz uchun yomon natija"
Superliganing 21-turida “Andijon” o‘z maydonida “So‘g‘diyona”ni qabul qildi. Mazkur uchrashuvda darvozalar daxlsiz qoldi – 0:0. O‘yindan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Chempionatimiz yakuniga etib boryapti, turnir jadvalidan kelib chiqqan holda “Andijon”ga ham,” So‘g‘diyona”ga ham ochkolar kerak edi. O‘yin ancha tartibli kechdi, ayrim vaziyatlarda o‘xshadi, yana ayrim vaziyatlarda o‘xshamadi. Albatta, durang biz uchun yomon natija. Lekin bu – futbol. Baribir shogirdlarimga g‘alaba uchun oxirigacha kurashganiga rahmat aytaman. “Andijon”ga esa keyingi o‘yinlarda omad tilayman.
Jadvalda jiddiy kurash kechyapti. Jamoalar o‘rinlar uchun poygada qatnashyapti. Bu juda qiziqarli kechyapti. Mavsum yakuniga qadar klublar ochkolarni qo‘lga kiritadi va buning aksi o‘laroq, ochko yo‘qotadilar. Lekin shuni aniq ayta olamanki, mening jamoam oxirigacha kurashadi. “So‘g‘diyona” mavsumni medal bilan tugatishiga umid qilaman.
Hasanov bilan Norxonovning almashtirilishi bu “Andijon”ning o‘yini bilan bog‘liq. Shoxruzda imkoniyatlar bo‘ldi, ammo raqib darvozaboni yaxshi o‘ynadi. Lekin bunday o‘zgarishlarni qo‘rqinchli joyi yo‘q.
“So‘g‘diyona” Osiyo Chempionlar ligasi uchun 100 foiz tayyor. Jamoada hammasi yuqori darajada. Biz avval oldimizga qo‘yilgan vazifani bajaraylik, qolganini keyin gaplashamiz, - deya fikrini yakunladi Baqoev.
Fikrlar