"Ularga futbolimiz kuchli "So‘g‘diyona"ga yutqazasizlar degandim, meni 3 yil chaqirishdi" yoxud "Kuala Lumpur"da to‘p surgan o‘zbekistonlik futbolchini bilasizmi?

  • 5 oktabr, 2022, 23:13
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Afsuski, “So‘g‘diyona” klubi OFK Kubogi hududlararo final bosqichida o‘z uyida Malayziyaning “Kuala Lumpur Siti” jamoasiga penaltilar seriyasida yutqazib, ushbu musobaqadagi yurishini to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

Tecno

Biz e’tiboringizni bir qiziq jihatga qaratmoqchimiz. Malayziyaning mazkur jamoasi safida 2017 va 2018 yillari hamyurtimiz Bobur Akbarov to‘p surgan. Bilasiz, ayni chog‘da u “Surxon” sharafini himoya qilmoqda.

Oradan bir necha yil o‘tgan bo‘lsa ham Akbarovning “Kuala Lumpur”da do‘stlari qolgan. “So‘g‘diyona”ga qarshi o‘yindan so‘ng Sports.uz jurnalisti “Kuala Lumpur”ning sobiq futbolchisi – Bobur Akbarov bilan ayrim qiziq masalalar haqida suhbatlashdi.  

- Sobiq klubingiz – “Kuala Lumpur”ning OFK Kubogida muvaffaqiyatli yurishini bilarmidingiz yoki siz uchun kutilmagan hol bo‘ldimi?

- Albatta, bu klubda o‘ynaganman va sobiq jamoamga befarq emasdim. Ularning ba’zi-bir o‘yinlarini ko‘rib turaman. Aynan OFK Kubogida bundan avvalgi uchrashuvini ham kuzatgandim. Hindiston klubiga qarshi yutib qaytgandi. Shundan keyin O‘zbekistonga kelishini bilib, “Kuala Lumpur”dagi tanish futbolchilar bilan gaplashdik. Qiziqib maqsadini so‘raganimda, borib yutib kelamiz, deb aytishgandi. Lekin men ularga O‘zbekiston fuboli kuchli, baribir yutqazib qaytasizlar, degan javobni aytgandim. Taqdirni qarangki, malayziyaliklar penaltilar seriyasida g‘alaba qozondi. Futbolda hamma narsa kutsa bo‘ladi.

kuala1

- Hozirgi “Kuala Lumpur” tarkibida oldin siz bilan birga to‘p surgan futbolchilardan nechtasi o‘ynayapti?

- Jamoa safida adashmasam uchtasi qolgan. Braziliyalik sardor Paulo Jozue, 17-raqamdagi Irfan Zakari va 8-raqamda to‘p surgan Zafri Yahyoni aytishim mumkin.

- Sobiq klubingizning “So‘g‘diyona”ni mag‘lubiyatga uchratib finalga chiqib ketgani siz uchun kutilmagan vaziyat bo‘ldimi? O‘yinni ko‘rdingizmi?

- O‘zbekiston futboli jahon reytingida Malayziyadan ancha yuqorida turadi. Qaysidir ma’noda “So‘g‘diyona”ning o‘yini o‘xshamadi, desak ham bo‘ladi. Albatta, ular ham “So‘g‘diyona”ga qarshi yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan. Yo‘lda bo‘lganim sababli o‘yinni to‘liq ko‘ra olmadim. Shu sababli bir nima deyishim qiyin. Ammo natijani eshitib xafa bo‘ldim.

bobur_2

- Uchrashuvdan avval “Kuala Lumpur”dagi do‘stlaringiz bilan gaplashganingizda ular sizdan “So‘g‘diyona” to‘g‘risida so‘rashgandir-a?

- Albatta, so‘rashdi. Qaysi futbolchilar o‘yinni boshqarishi haqida qiziqishdi. Men ularning hech biriga bu xususida aytmadim. Faqat shuni aytgandimki, “So‘g‘diyona” yaxshi klub, sizlarni bemalol mag‘lub etadi, deb javob qaytargandim. Afsus, bunday bo‘lib chiqmadi. Shuningdek, malayziyalik muxlislar menga o‘yinga borib “Kuala Lumpur”ni qo‘llab-quvvatlagin deb rosa yozishdi. Ammo ularga qanday qilib o‘z yurtim jamoasiga qarshi o‘ynayotgan klubni qo‘llayman, deb javob qaytardim.

- Adashmayotgan bo‘lsam, siz bu jamoaga kelgan paytda klub Superligaga endi chiqqan va debyutini o‘tkazayotgandi-a?

- Ha, birinchi yili premer-ligadan klubni olib chiqqandik. Keyingi yili kuchli sakkiztalikka kirgandik.

bobur1

- O‘sha klubdagi ikki yillik faoliyatingizdan qanday xotirlara qolgan? Haligacha eslab turadigan voqealar bormi?

- Har bir inson oldingi bosib o‘tgan yo‘lini eslaydi va qiziq damlari bo‘ladi. Malayziyada o‘tkazgan ikki yillik hayotimni eslab turaman. U erda taqvim har xil keladi. Uchta Kubok musobaqasi ham bor. Esimda, avgust oyida adashmasam 11 yoki 12 ta o‘yin o‘tkazganmiz. Hammasi bir oyda bo‘lgan. Men o‘sha barcha uchrashuvlarda to‘liq ishtirok etganman. Shunda hamma menga uyga qanday borib kelyapsan, kuching ham qolmayotgandir. Yana mashg‘ulotdasan va ertasiga o‘ynayapsan-a, deb hazil qilib gapirishardi. Bu holatlar ko‘z oldimdan ketmaydi. O‘shanda avgustda o‘yinlarimiz yig‘ilib qolgani evaziga har uch kunda o‘ynaganmiz. Boshqa shaharga borish kerak bo‘lsa, o‘yindan keyin darhol yo‘lga chiqardik.

- “Kuala Lumpur” “So‘g‘diyona”ga qarshi yopiq, himoyaviy o‘ynadi. Darvozaboni ham yaxshi taassurot qoldirdi. Ularning rejasi ish berdi va yakunda penaltilar seriyasida yutib ketdi. Siz o‘ynagan paytda ham jamoaning uslubi shunaqamidi?

- Yo‘q, biz o‘ynagan davrda bosh murabbiy braziliyalik edi. O‘yin uslubimiz himoyaviy emasdi. Faqat hujumkor futbol edi. “So‘g‘diyona”ni uzun paslar bilan o‘yin ko‘rsatishini ko‘pchilik biladi. Shuni hisobiga malayziyaliklar qarshi hujumdan foydalanib o‘ynagan bo‘lishi mumkin. Ular maqsadiga erishdi, natija qildi.

kuala

- Sobiq jamoangizni OFK Kubogini yutishiga ishonyapsizmi?

- Shu tempda davom etsa yutishi ham mumkin. Boya aytganimdek, bu futbol. Hamma narsa kutsa bo‘ladi. Lekin shu ergacha kelishning o‘zi oson emas. Bundan buyog‘iga omad tilaymiz. Boshqa yana nima ham derdik?

- “Kuala Lumpur” sizga yana taklif bilan chiqqan paytlari ham bo‘lganmi?

- Ketganimdan keyin ketma-ket uch yil chaqirishdi. Oilaviy sharoitim sababli bora olmadim. “Andijon”da va “Qo‘qon-1912”da o‘ynab yurgan paytlarimda doim taklif qilishgan. Ammo rizqim qo‘shilmagan ekan, o‘zimizda qolganman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!