Ular qanday karomat ko‘rsatadi yoxud Superligamizdagi evropalik murabbiylar haqida

  • 5 iyun, 2021, 23:29
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Natija uchun javobgar bo‘lgan bosh murabbiylarda hamisha mas’uliyat va bosim yuqori darajada bo‘ladi. Garchi bu masalada o‘zini ancha-muncha ovutsa-da, baribir natija uning xayolidan chiqib ketmaydi. Chunki murabbiyning ishini belgilab beruvchi jihat ham aynan uning jamoasi ko‘rsatadigan o‘yinlari va o‘sha natijalarga taqaladi.

Tecno

Ayniqsa, xorijdan kelgan murabbiylardagi bosim yanada yuqoriroq bo‘ladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. E’tibor bersangiz, o‘zimizning chempionatda ham chetdan kelgan bir qator mutaxassislar faoliyat ko‘rsatishyapti. Albatta, ularning ishiga baho berib boriladi. Tabiiyki, hammasini natijalar ko‘rsatib beradi. Qizig‘i, Superligamizda ishlayotgan xorijliklar asosan evropalik mutaxassislar. Ular chempionatimiz va futbolimizga qanday foyda keltira olishadi?

“Paxtakor” - Bosh murabbiy: Piter Xyuistra. Fuqaroligi: Niderlandiya

To‘liq ismi Piter Egge Xyuistra bo‘lgan murabbiyni siz o‘quvchilarga alohida ta’rif bilan tanishtirishning keragi yo‘q. Axir u biz uchun yangi murabbiy emas-da. Yurtimizda, aniqrog‘i “Paxtakor”da ishlayotganiga uch yildan oshdi. Faqat o‘tgan vaqt mobaynida Shota Arveladzge yordamchi edi. Bu yildan esa, Xyuistra mustaqil bosh murabbiyga aylandi. Niderlandiyalik mutaxassisning “Paxtakor”ni eplab ketishiga kimdir ishondi, yana kimdir yo‘q. Hozircha ichki chempionatda doimgidek “Paxtakor” etakchilikni o‘zida saqlab turibdi. Hammadan ko‘ra, Osiyo Chempionlar ligasidagi ishtiroki barchamiz uchun muhim edi. Biroq Xyuistra jamoasini keyingi bosqichga olib chiqa olmadi. To‘g‘ri, bunga bir nechta jiddiy sabablar bor. Faqat o‘sha musobaqada bitta holat ko‘pchilikni ovutdi. U ham bo‘lsa, klubda yangi yosh iqtidorlar etishib chiqayotgani hamda bosh murabbiy ularga qo‘rqmasdan imkoniyat taqdim etayotgani bilan bog‘liq. Xyuistraning nimalarga qodirligini mavsum yakunida bilib olish mumkin. Rahbariyat tomonidan unga ishonch bildirilgan va hozircha u ishini davom ettirgan holda asosiy e’tiborini Superliga bilan Kubok bahslariga qaratgan. Lekin ko‘pchilik uning Arveladze kabi ijobiy natijalar ko‘rsatishiga shubha bilan qaramoqdalar. Bu haqiqatga aylanadimi yoki yo‘q, vaqt ko‘rsatadi.

xyuistra_1

“Lokomotiv” – Bosh murabbiy: Mikael Sekeyra. Fuqaroligi: Portugaliya

Portugaliya nomi doim futbol shinavandalari uchun jarangdor eshitiladi. Chunki u erdan bir-biridan ajoyib futbolchilaru, murabbiylar etishib chiqqan va chiqmoqda. O‘zbekiston chempionatida esa bu yil ilk marotaba portugaliyalik murabbiy ish boshladi. 48 yoshli Mikael Sekeyraning “Lokomotiv” tomonidan taklif qilingani yaxshigina shov-shuvli xabarga aylanib ketdi. Oxirgi ish joyi – “Braga” edi. Ta’bir joiz bo‘lsa, hammamiz uning qanday karomat ko‘rsatishini kutdik, to‘g‘rimi? Darvoqe, odatda xorijdan kelgan har qanday murabbiyga moslashishi va o‘zining futbol falsafasini singdirishi uchun vaqt kerak, ayniqsa, u ilk bor kelgan bo‘lsa! Sekeyra bir necha bor o‘z futbolchilariga O‘zbekistonga sayr uchun emas, sovrin yutish maqsadida kelganini aytdi. Shunga qarab, tarkibni ham o‘zi yig‘di. Hozircha “Lokomotiv” Sekeyra boshchiligida barqarorlikni topishga harakat qilmoqda. Chempionatni ikkita mag‘lubiyat bilan boshlagach, fikrlar o‘zgardi, keyinchalik jamoa g‘alabalar qozonishni boshlagach, Sekeyraning yuziga ham tabassum yugirdi. Hozirda uning jamoasi 4-o‘rinda. O‘tgan vaqt davomida portugaliyaldik murabbiy futbolimizga bir muncha ko‘nikdi, lekin bu jarayon hali to‘liq yakunlanmagan va davom etyapti, desak to‘g‘riroq bo‘ladi. U O‘zbekistonda o‘zi uchun yangi jihatlarni kashf qilayotgan bo‘lsa ham ajab emas.  Hozircha Sekeyra tomonidan yaqqol ko‘zga tashladigan ish uslubini ko‘rganimiz yo‘q. Hammasiga vaqt oliy hakam deganlaridek, buni murabbiyning o‘zi ham yaxshi tushunib turibdi.

sekeyra_5

“Mash’al” Bosh murabbiy: Aleksandr Xomyakov. Fuqaroligi: Rossiya

Ha, bu o‘zimizning Xomyakov! Hayron bo‘lmang, O‘zbekistonda ishlayotganiga allaqachon 10 yildan oshib ketgan. Shuning uchun Aleksandr Andreevich deyarli o‘zimizniki bo‘lib qolgan. Lekin rasmiy jihatdan u baribir Rossiya fuqarosi. Shunday ekan, Xomyakov shubhasiz xorijlik mutaxassis sanaladi. Bilasiz, u o‘tgan yillar davomida boshidan turli sarguzashtlarni o‘tkazdi. Oxir-oqibat yana o‘zi uchun qadrdon bo‘lgan “Mash’al”ga qaytib keldi. Mavsum boshlanishiga yaqin rossiyalik murabbiy jamoaga qaytarildi. Vaqt tig‘izligiga qaramay, Xomyakov jamoani o‘zining taktik sxemasiga moslashtirishga erishyapti, deyish mumkin. Har holda “Mash’al”ning o‘yinlarida murabbiyning imzosi ko‘rinib turibdi. Juda mehnatkash, asosan mahalliy yoshlar va o‘rtamiyona o‘yinchilar bilan ishlab, ularni yaxshi darajaga chiqarish bo‘yicha malakaga ega. Shunga yarasha o‘zi ham kamtar murabbiy. Lekin ishining sifati bor. Ko‘pchilik uni yana Muborakka qaytganida o‘z joyini topgani haqida aytishdi.

xomyakovtststs

“Turon” Bosh murabbiy: Boguslav Baniak. Fuqaroligi: Polsha

Superliga debyutanti  - “Turon” uchun mavsum qiyin o‘tyapti-a? Turnir jadvalida birgina ushbu jamoaning g‘alabalar bo‘yicha ko‘rsatkichi 0 bo‘lib turibdi. Natijada o‘tgan safar bosh murabbiy Islom Ismoilov iste’foga chiqarildi. O‘rniga polshalik Boguslav Baniak vaqtincha bosh murabbiy etib tayinlandi. U biz uchun yangi murabbiy. Bungacha u haqida ma’lumotlarga ega emasdik. Baniakning bosh murabbiylikdagi debyuti mag‘lubiyat bilan boshlangani yodingizda bo‘lsa kerak. Termizda “Surxon”ga qarshi uchrashuvda “Turon” yagona gol evaziga yutqazdi. Ayni paytda Baniak jamoasini navbatdagi o‘yinlarga tayyorlamoqda. Yaqinda sports.uz saytiga bergan intervyusida jamoani Superligada qolishiga ishonayotgani xususida gapirgandi hamda vaziyatni o‘nglay olishiga ham to‘xtalgan. U so‘zini ustidan qanchalik chiqishini birgalikda kuzatamiz.

baniak2_1

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Shaymardonov Nurbek Nasimovich
06/06/2021 00:26
bulani hammasini bitta qilib tahlasa ham bitta Uzbek murabbiy Ruziqul Berdiev. bulolmaydi.