
"Ukam "Yuventus" bilan bog‘liq xabarlarni internet orqali eshityapti, Italiyaga borib, bolalar futboli metodikasini o‘zlashtirib kelmoqchiman" - Eldorning akasi yana nimalar dedi?
Eldor Shomurodov ayni chog‘da Surxondaryoda, o‘zi tug‘ilib o‘sgan Jarqo‘rg‘onda yozgi ta’tilni o‘tkazyapti. Italiya A seriyasida to‘p surayotgan futbolchimizning uyga qaytishini esa surxondaryoliklar juda iliq qarshi olyaptilar.
Boisi, Shomurodov bilan o‘ziga xos uchrashuvlar va tadbirlar uyushtirilyapti. Shuning uchun Eldor uyga dam olish maqsadida kelgan bo‘lsa ham, aslo vaqtini bo‘sh o‘tkazishga yo‘l qo‘yishmayapti. Uning akasi Surxondaryo viloyat futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Sanjar Shomurodov esa, ukasiga doimiy ravishda hamrohlik qilib kelyapti.
BO‘SMdagi uchrashuv
Jarqo‘rg‘ondagi BO‘SM Eldor uchun o‘zgacha ahamiyatga ega. Boisi, u katta futbolga kirib kelishining ilk qadamlarini o‘sha erda tashlagan. “Jenoa” hujumchisining uyga qaytishidan foydalangan mutasaddilar uni BO‘SMga taklif qildilar. Bu haqida Eldorning akasi Sanjar shunday dedi:
- Bolalar Eldorni o‘z kumiri, deb hisoblashyapti. Shu bois u bilan uchrashuv tashkil qildik. Maqsad Eldorga o‘xshab harakat qilishsin. Ukam o‘sha erda ulg‘aygan, Jarqo‘rg‘ondagi stadionda futbol o‘ynagan. Hozirgi bolalardek o‘sha erda katta bo‘lgan. Eldor u erda tahsil olayotganlarga hozirgi darajaga chiqishi uddalab bo‘lmas ish emasligini ko‘rsatmoqchi edi. Yoshlar ham oldiga to‘g‘ri va aniq maqsadni qo‘ysa shu darajaga etishishini Eldor tushuntirdi. Nasib qilsa, shunga o‘xshash tadbirni ertaga Termizda ham o‘tkazmoqchimiz. Surxondaryoda ham uning muxlislari ko‘p. Ularning iltimoslarini hech qachon rad etmaydi.
“Yuventus”ning Eldorga qiziqishi jiddiymi?
Xabaringiz bor, ayni paytda Italiya OAV orqali “Yuventus” klubi yana bir bor Eldor Shomurodovga ko‘z tikayotgani haqidagi xabarlar tarqalmoqda. Sports.uz muxbiri futbolchining akasi Sanjardan bu haqida so‘raganida quyidagi javobni aytdi:
- “Yuventus” bilan bog‘liq xabarlarni o‘zi ham, biz ham faqat internet orqali o‘qib bildik. Bu masala bo‘yicha “Jenoa” yoki Eldorning agentlaridan aniq xabar eshitganimiz yo‘q. Ukam ham hamma qatori bu kabi yangiliklarni internet orqali o‘qib boryapti. Mavsumoldi tayyorgarlik boshlanganida Eldor ham jamoasiga qo‘shiladi, balki o‘shanda hammasi aniq bo‘lar, hozir bir narsa deyish qiyin.
U “Keksa sinora”da o‘ynashga tayyormi?
Baribir hamyurtimizga “Yuventus”dek top-klub tomonidan e’tibor qaratilayotgani barchamizni xursand qilmasdan qolmaydi. Bu bejiz emas, albatta. Sanjar Shomurodov ukasini “Keksa sinora” jamoasida to‘p surishga tayyor deb hisoblaydimi?
- Shaxsiy fikrimni aytsam, hech bo‘lmasa qishgacha yana “Jenoa”da qolgani yaxshi, deb o‘ylayman. Chunki u jamoasiga endi moslashdi va o‘zini ko‘rsatadigan payt keldi. “Yuventus” – bu katta jamoa. Albatta, top-klubga o‘tib o‘ynab ketsa, bundan faqat xursand bo‘lamiz. Biroq “Yuventus”ga zaxirada o‘tirish uchun bormasligi kerak. Italiya chempionatida o‘ynayotganiga endi olti oy bo‘ldi. Shuni hisobga olib, menimcha yana olti oy “Jenoa”da qolgani yaxshi deb o‘ylayman. Eldordan doim yaxshi natijalar kutamiz. To‘g‘ri, “Jenoa”dagi o‘yinlari davomida o‘ziga yarasha yangiliklar ham bo‘ldi. Tezroq moslashib ketdi. Ha, boshida biroz qiyin bo‘ldi. Ayniqsa, til bo‘yicha unga oson bo‘lgani yo‘q. Endi hammasi joyida, Xudoga shukr. Eldor Italiyaga iyul oyining boshlarida ketsa kerak. Hozir unga aniq takliflar borasida hech gap yo‘q. Qachonki, agentlari 100 foiz taklif bo‘lsa shundagina Eldorga xabar berishadi. Oddiy qiziqishlar haqida esa hech nima aytilmaydi.
Katta Shomurodov ham Italiyaga borib kelmoqchi
Shuningdek, Sanjar bilan muloqotimiz davomida u Italiyaga safar uyushtirishni rejalashtirayotgani haqida aytdi. Bunga sabab esa..
- Eldor kelganidan beri o‘zi bilan bemalol o‘tirib, gaplashishga vaqt bo‘lgani ham yo‘q. Ko‘pincha u bilan telefon orqali gaplashib turardim. Italiyada bolalar futboliga e’tibor qanday, ko‘proq nimalarga ahamiyat qaratishadi, degan mazmunda maslahatlashib turamiz. Bolalarga to‘g‘ri yo‘nalish berish va professionalikka intilish bo‘yicha gaplashamiz. O‘zimning rejam bo‘yicha Italiyaga borib kelishni o‘ylab turibman. Faqat qachonligi aniqmas, bu yil yoki kelasi yili. Italiyada bolalar futbolida qo‘llaniladigan metodika, ular bilan ishlash uslublarini o‘rganib, o‘zimizda bolalar futboliga tadbiq etish rejamda bor, - deya javob qaytardi Sanjar.
Viloyat futbolida nima gaplar?
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Eldorning akasi Surxondaryo viloyati futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti sifatida ishlab kelyapti. Fursatdan foydalanib, undan viloyat futbolida qanday ishlar qilinayotgani yuzasidan ham so‘radik.
- Odamni qilayotgan ishiga o‘zi baho bermaydi. Bunga kuzatib borayotganlar munosabat bildirishi mumkin. O‘ylashimcha, biz to‘g‘ri yo‘lga tushib oldik. Ikki-uch yil oldin Surxondaryo musobaqalarga chiqqanida har doim autsayder, ochko ulashuvchi jamoa hisoblangan. Endi ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yyapmiz, hujjatlar va musobaqalarga qatnashish bo‘yicha ham talabni jiddiy aytyapmiz. Bu yil BO‘SMlar o‘rtasida futzal bo‘yicha Respublika musobaqasida oltita yosh toifasida ikkita jamoamiz chempionlikni qo‘lga kiritishdi. Akademiyalar o‘rtasidagi musobaqada ikkita bosqich bo‘yicha to‘rtta jamoalarimiz qatnashdi va barchasi final bosqichiga yo‘llanma oldi. Shuningdek, sport maktablar ligasi o‘rtasida katta futbol bo‘yicha ikkita yosh toifasidagi jamoalarimiz sovrindorlar qatoridan joy oldi. Ko‘rib turganingizdek, bor e’tiborimizni bolalar futbolini ko‘tarishga qaratganmiz. Poydevor bo‘lmasa imorat qurib bo‘lmaydi-ku! Shu bois bolalar futboliga e’tibor bermasak, katta futbolni rivojlantirishimiz qiyin bo‘ladi deb o‘ylayman.
“Surxon” klubi to‘g‘risida
Viloyatning bosh jamoasi – “Surxon”ning o‘yinlari hamda qayd etayotgan natijalari surxondaryoliklarni aslo befarq qoldirmaydi. Viloyat futboli rahbari sifatida Sanjar “Surxon” klubi haqida ham o‘z fikri bilan o‘rtoqlashdi.
- O‘zingiz ham bilasiz, “Surxon” jamoasi hozir yoshlarga ko‘proq e’tibor qaratyapti. To‘g‘ri, natija qoniqarli bo‘lmasa-da, “Surxon”ni o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi bor. Ko‘proq iste’dodli yoshlarga e’tibor qaratib, yaqin yillar ichida “Surxon”ni yaxshi jamoaga aylantirish ko‘zda tutilgan. O‘rinbosarlar jamoasiga ham e’tibor berilyapti. Masalan, o‘tgan yili o‘rinbosarlar tarkibida o‘ynagan bir qator yoshlar bu yil “Surxon”ning asosiy tarkibida to‘p surishyapti. To‘g‘ri, hozir klubning natijalari unchalik qoniqarli emas. Ammo bir klubni shakllantirish uchun kamida bir-ikki yil vaqt talab qilinadi. Mana shu tarkib o‘zagi saqlab qolinsa, kelasi yili “Surxon” raqobatbardosh jamoaga aylanadi.
Fikrlar