
UEFA Chempionlar ligasi o‘yini oldidan o‘zbek legioneri super gol urdi!
O‘tgan yilgi mavsumda Belarus chempionatida avval “Energetik-BGU”, ikkinchi davradan “Shaxtyor-Soligorsk” safida porlagan Jasur Yaxshiboev chempionat oltin medalini qo‘lga kiritgan edi. Belarusda to‘purarlik mahoratini namoyish qilgan va eng foydali futbolchi, deb e’tirof etilgan hamyurtimiz Evropaning bir necha jamoalari e’tiboriga tushdi.
Kutilmaganda, qishki transferlar vaqtida Polshaning eng qudratli klublaridan “Legiya” safiga qo‘shilgan futbolchimiz turli sabablarga ko‘ra, asosiy tarkibdan chetdan qoldi. Yarim yil davomida etarli darajada o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmagan Jasur yaqinda Moldovaning “Sherif” jamoasiga ko‘chib o‘tdi.
“Sherif” Moldova tarixida ilk marotaba UEFA Chempionlar ligasining guruh bosqichiga chiqishni uddaladi va ushbu turnir oldidan tarkibini kuchaytirish uchun Jasur Yaxshiboevni transfer qildi.
Hamyurtimiz Moldova chempionatining 9-turida bittadan gol va assist qayd etib, hamon o‘tkir hujumchi ekanini isbotladi. Sovrinli o‘rinlar uchun kurashda “Sherif”ning raqobatchisi bo‘lgan “Petrokub” jamoasiga qarshi o‘tkazilgan bahs start olayotgan Chempionlar ligasi guruh bosqichi doirasida “Shaxtyor” bilan 15 sentyabr kuni bo‘ladigan bellashuvga tayyorgarlik vazifasini o‘tadi.
Keskin va murosasiz kurashlar ostida o‘tgan uchrashuvda Yuriy Vernidub shogirdlari raqib jamoani ikkinchi bo‘lim o‘rtalariga kelib taslim qildi. 72-daqiqada jamoaning yangi o‘yinchisi Jasur Yaxshiboev kolumbiyalik legioner Franko Kastanedoni qulay pozitsiyaga chiqardi. Vaziyatdan unumli foydalangan legioner hisobni ochdi.
Besh daqiqadan so‘ng, Yaxshiboev g‘alabani mustahkamladi. Legionerimiz jamoadoshi oshirgan to‘pni raqib darvozasiga aniq joyladi – 2:0.
Uchrashuvdan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Yuriy Vernidub o‘zbekistonlik futbolchi haqida iliq fikrlar bildirdi.
- Yaxshiboev Xudo bergan hujumchi. Bu futbolchini anchadan beri taniyman. Uni olsh imkoniyati paydo bo‘lganini aytishganidan keyin darrov rozi bo‘ldim. Men uning kuchli tomonlarini juda yaxshi bilaman.
O‘tgan yili uni Kievning “Dinamo”si olmoqchi bo‘lgandi. Nega bu transfer to‘xtab qolganini bilmayman. Jasur shu erda ekaniga xursandman. Momo Yansane bilan birga u klubga katta foyda keltiradi. Ular yaxshi saviyadagi futbolchilardir, - dedi Yuriy Vernidub.
Moldova chempionatida ketma-ket to‘rtinchi g‘alabasini nishonlagan “Sherif” 9-turdan so‘ng ochkolari sonini 12 taga etkazib, to‘rtinchi o‘rinda bormoqda. Chempionat peshqadami – “Milsa” jamoasi hisobida 20 ochko bor.
Sherif 15 sentyabr kuni UEFA Chempionlar ligasining guruh bosqichida debyut qiladi. “D” guruhining birinchi turida tiraspolliklar Ukrainaning “Shaxtyor” klubini qabul qiladi. Ushbu guruhdan “Inter” va “Real” klublari ham joy olgan.
Demak, Jasur Yaxshiboev “ko‘hna qit’a”ning eng nufuzli musobaqasida Evropa grandlariga qarshi to‘p tepadi. Bu esa hamyurtimizga dunyoning barcha burchaklaridagi muxlisu mutaxassislar diqqat markazida turgan musobaqada o‘zini ko‘rsatish imkonini beradi.
Fikrlar