
UEFA "Barselona"ga 70dan ortiq savol yo‘lladi. Kataloniyaliklarning evrokuboklarda qatnashishi javoblarga bog‘liq
UEFA "Barselona"ga korruptsiya ehtimoli bo‘yicha 70 dan ortiq savol yubordi.
Avvalroq, Barselona prokuraturasi texnik hakamlar qo‘mitasi sobiq vitse-prezidenti Xose Mariya Enrikes Negreyraga to‘lovlar bo‘yicha ehtimoliy korruptsiya bo‘yicha klub ustidan sudga murojaat qilgandi. "Barsa" 2001 yildan 2018 yilgacha klubdan 7,3 million evro olgan Negreyra tomonidan tayyorlangan hakamlar hisoboti uchun pul to‘laganini da’vo qildi.
Qayd etilishicha, UEFAning ikki inspektori o‘z hisobotlarida ushbu holat tufayli “Barselona”ni bir mavsumga Chempionlar ligasida ishtirok etishdan chetlashtirish kerak degan xulosaga kelishgan.
"Marca" nashri xabariga ko‘ra, UEFA tergovi hali ham ochiq va klubga kamida yana bir haftaga sanktsiyalar qo‘llanilmaydi. Sababi kataloniyaliklar haligacha UEFA inspektorlarining savollariga javob bermagan. Inspektorlar Negreyra ishi bo‘yicha klubga 70 dan ortiq savol yubordi.
"Ko‘k-anorranglilar" javoblarni yaqin kunlarda yuboradi. Shundan so‘ng UEFA "Barsa"ga Chempionlar ligasining keyingi mavsumida ishtirok etishiga ruxsat berish-qo‘ymaslik borasida yakuniy qaror qabul qilishi kerak.
Fikrlar