
"Turon"ni 13 futbolchi tark etdi. Ketganlar o‘rniga boshqalar kelmoqda va ular orasida legioner futbolchi ham bor
Xabaringiz bor, ayni kunlarda "Turon" yangi mavsumga tayyorgarlik mashg‘ulotlarini olib bormoqda. Hozirga kelib shartnomasi yakunlangani bois bir qator futbolchilar jamoani tark etdi. Jumladan Fozil Musaev, Vladislav Kasminin, Abduqahhor Hojiakbarov, Akmal Ortiqov, Jahongir Mehmonov, Sunnatilla Ermatov, Sunnatilla Abdullajonov, Davron Umirov, G‘iyos Komilov, Ixtiyor Toshpo‘latov va legioner futbolchilar Sinisha Babich, Dayan Ponevich bilan xayrlashildi. Shuningdek, iste’dodli futbolchi Bilolxon Toshmirzaev ijara asosida "Qo‘qon-1912" klubi safiga qo‘shildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Manbaning ma’lum qilishicha, o‘tgan mavsumlarda jamoa safida o‘ynab kelgan Muzaffar Muzaffarov, Doniyor Ismoilov, Abdulazizxon Abdurashidov, Sardor Abduraimov, Asliddin Toshtemirov, Xumoyun Murtozaev, Asilbek Qayumov va Otabek Zokirov yangi mavsumni ham "Turon" tarkibida o‘tkazadigan bo‘ldi.
Shuningdek, 7 yanvar kunidan mashg‘ulotlarga kirishgan jamoa safida bir qator yangi futbolchilar ko‘rikdan o‘tmoqda, ular orasida yosh legioner futbolchi ham bor.
2021 yili "Andijon"da faoliyat yuritgan himoyachi Abdug‘ani Kamolov "Turon" murabbiylar shtabida iliq taasurot qoldirgani tufayli ushbu futbolchi bilan shartnoma imzolandi. Bundan tashqari avvalgi mavsumni Samarqandning "Dinamo" klubida o‘tkazgan himoyachi G‘olibbek Sariboev va davralar oralig‘ida ijara asosida samarqandliklar safiga qo‘shilgan darvozabon Mirzohid Jalilovlar yana Yaypanga qaytdi.
O‘z navbatida "Turon" yoshlar jamoasida o‘zlarini ko‘rsatib kelayotgan bir qator futbolchilar asosiy tarkibga jalb etildi. Xususan, darvozabonlar Amal Shavketov, Otabek Ageev, yarim himoyachi Muhammadhayit Qo‘ldashev, himoyachilar Saidafzalxon Ahrorov va Elnurbek Turg‘unov ayni kunlarda asosiy tarkib bilan birgalikda mashg‘ulotlarda ishtirok etishmoqda.
O‘tgan mavsum o‘zining yorqin o‘yinlari bilan ko‘pchilikning e’tiborini qozona olgan koreyalik legioner futbolchi Kim Bo Yong ham yaqin kunlarda mashg‘ulotlarga kelib qo‘shilishi kutilmoqda.
Fikrlar