
"Turon" - "Buxoro" o‘yinini boshqargan hakam penalti belgilashda xatoga yo‘l qo‘ygani ma’lum bo‘ldi
“Turon” hamda “Buxoro” klublari o‘rtasidagi uchrashuvda bosh hakam sifatida ishlagan Xusan Muzaffarovning ayrim qarorlari yuzasidan ekspert-hakamlar komissiyasi bayonot berdi. Bu xususida O‘zbekiston futbol hakamlari markazi ma’lum qildi. Jumladan xabarda shunday deyiladi:
“O‘zbekiston Pro ligasining 19-turidan o‘rin olgan “Turon” – “Buxoro” uchrashuvining 82-daqiqasida mehmonlar jarima maydonchasi ichida ro‘y bergan holat Ekspert-hakamlar komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqildi.
Unga ko‘ra, “Buxoro”ning 4-raqamli futbolchisi Mirjalol Jumaev o‘z jarima maydonchasida “Turon” vakili Sardor Abdunabiev tomonidan uzatilayotgan to‘pga tashlanish chog‘ida, to‘p uning yon gavda qismiga tekkan holda hujum bartaraf etilgan.
Hakam bu vaziyatda Mirjalol Jumaev to‘p uchun kurashda qo‘li bilan o‘ynamaganligini inobatga olib, o‘yinni davom ettirishi kerak edi, penalti belgilanishi xato qaror edi" - deyiladi Ekspert-hakamlar komissiyasi bayonotida.
Ekspert-hakamlar komissiyasi tomonidan uchrashuv bosh hakami harakatlari yuzasidan chora ko‘rilishi uchun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Hakamlar qo‘mitasiga taqdimnoma kiritilganini ma’lum qilamiz”.
Qiziq, uchrashuv oxirlarida "Turon" jarima maydoni ichida mezbonlarning ikki nafar futbolchisi to‘pni qo‘li bilan o‘ynagan vaziyat uchun hakamning harakatiga baho berilmagan.
Fikrlar