Turizm va sport vaziri Xalqaro sambo federatsiyasi va Rossiya Olimpiya qo‘mitasi rahbarlari bilan uchrashdi

  • 13 noyabr, 2021, 20:15
  • Karim Xudayqulov
  • 0
  • Boshqalar
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, shu kunlarda Toshkent sambo bo‘yicha kattalar o‘rtasida Jahon chempionati bahslariga mezbonlik qilmoqda.

Tecno

Dunyoning 50dan ortiq mamlakatidan 1 200 nafarga yaqin delegatlar ishtirok etayotgan nufuzli sport anjumanini bir qator taniqli sport mutasaddilari ham kuzatib borishyapti. Bunga Xalqaro sambo federatsiyasi prezidenti Vasiliy Shestakov, Rossiya Federatsiyasi Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Stanislav Pozdnyakov va boshqalarni misol keltirish mumkin.

Bugun Turizm va sport vazirligida faxriy mehmonlar bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduxakimov, vazir o‘rinbosari Avazjon Karimov, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabduraxmonov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov ishtirok etdi.

Mehmonlarga Osiyo sambo uyushmasining prezidenti, hamyurtimiz Alamjon Mullaev hamda O‘zbekiston sambo federatsiyasining raisi Alisher Alimovlar hamrohlik qilishdi.

Uchrashuv avvalida Turizm va sport vaziri A.Abduxakimov mehmonlarga nufuzli musobaqa mezbonligini yurtimizga ishonib topshirganligi uchun samimiy minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston tomoni Jahon chempionatiga kelgan har bir mehmonning Toshkentdan unutilmas xotiralar bilan qaytishi uchun astoydil harakat qilishini ta’kidladi.

Shu bilan birga O‘zbekistonda sambo sportini yana-da ommalashtirish va rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib, bugungi kunda mamlakatimiz sambochilari nafaqat mintaqada, balki jahonda etakchi o‘rinlarni egallab turganligini e’tirof etdi.

“Albatta, biz erishilgan natijalar bilan to‘xtab qolmoqchi emasmiz va kelgusida bundanda yuqori o‘rinlarga ko‘tarilishga harakat qilamiz. Bunda bizga sambo Vatani Rossiya tajribasi qo‘l keladi va bu borada Rossiya sambo federatsiyasi bilan amaliy hamkorlik qilish har ikki tomon uchun ham birdek manfaatlidir”, - dedi uchrashuvda Turizm va sport vaziri A.Abduxakimov.

O‘z navbatida mehmonlar samimiy qabul uchun tashakkur bildirib, yurtimizda samboni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berishdi. Xususan, so‘nggi yillarda o‘zbekistonlik sambochilarning xalqaro arenalarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlarini alohida e’tirof etishdi.

Uchrashuvda Xalqaro sambo federatsiyasi rahbari Vasiliy Shestakov 2025 yili Toshkent mezbonlik qiladigan IV yoshlar yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga sambo sport turini ham kiritish taklifini ilgari surib, bu ushbu sport turining qit’amizda yana-da rivojlanishiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Ikki tomonlama muloqot yakunida tomonlar o‘zaro sovg‘alar almashishdi.

Shuning bilan Rossiya Federatsiyasi Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Stanislav Pozdnyakovning O‘zbekistonga tashrifi yakunlandi.


Turizm va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!