Toshkentda Skvosh va Padel federatsiyasi tantanali ravishda ochildi

  • 5 sentabr, 11:10
  • Oybek Yo’ldoshev
  • 0
  • Boshqalar
CHERY AUTO

30 avgust kuni poytaxtimizda O‘zbekiston skvosh va padel federatsiyasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir “Ekopark” bog‘ining hududida tashkil etildi. Federatsiya raisi etib Jahongir Ergashboevich Navro‘zov, Bosh kotib lavozimiga esa Kamoliddin Shavkatovich Ergashev tayinlandi.

Tecno

Marosimda Jahongir Navro‘zov so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda dunyoda katta masshtabda ommalashgan skvosh va padel tarixi haqida ma’lumot berdi hamda ushbu sport turlarining mamlakatimizdagi rivojlanish istiqbollari bo‘yicha rejalar bilan o‘rtoqlashdi. Hozirgi kunda Toshkent shahrida 5 ta skvosh va 20 ta padel korti mavjud.

Ma’lumki, skvosh 2024 yildan Olimpiya sport turi maqomiga ega bo‘ldi va 2028 yil yozgi Los-Anjeles Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritildi. Padel esa so‘nggi o‘n yilda dunyoda eng tez rivojlanayotgan sport turi sifatida tan olingan va butun Er yuzida millionlab muxlislarga ega.

Ochilish marosimida mamlakatimiz sportining rasmiy vakillari ishtirok etdilar:

IKRAMOV Adham Ilhamovich – O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri

UMAROV Otbek Muhammadalievich – O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti

KASIMOV Oybek Omilovich – O‘zbekiston MOQ Bosh kotibi

HOShIM Hasan Hamza – Qatarning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi

MARINESKU Vlad – Xalqaro kibersport federatsiyasining sobiq prezidenti.

Marosimning yakuniy qismida “Ekopark” hududida barpo etilgan yangi padel kortlari tantanali foydalanishga topshirildi. Shuningdek, ishtirokchilar Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan 5-Xalqaro skvosh musobaqasi — Independence Day Open 2025 turnirining hal qiluvchi uchrashuvlarini tomosha qilishdi. Mazkur musobaqa ilk bor O‘zbekiston skvosh va padel federatsiyasi ko‘magida o‘tkazildi.

Bu yilgi turnirning asosiy yangiligi – uning professional darajaga ko‘tarilgani bo‘ldi. IDO 2025 ilk bor O‘zbekistonda Professional skvosh Assotsiatsiyasi (PSA) doirasida tashkil etildi. Musobaqada ishtirok etish uchun 9 mamlakatdan (Pokiston, O‘zbekiston, Rossiya, Quvayt, Eron, Qatar, Gonkong, Misr va Qozog‘iston) 24 nafar sportchi ro‘yxatdan o‘tdi.

Uch kunlik keskin bahslar yakuniga ko‘ra, g‘oliblikni Pokiston vakili, PSA reytingida 237-o‘rinda turgan, ilgari dunyoda 41-pog‘onagacha ko‘tarilgan Tayob Aslam qo‘lga kiritdi. U finalda eronlik Sepehr Etemadpurni mag‘lub etdi. Etemadpur musobaqa oldidan jahon reytingining 474-pog‘onasida edi.

Ma’lumot uchun, PSA turniri – dunyodagi eng nufuzli professional skvosh musobaqalaridan biri bo‘lib, u Professional Skvosh Assotsiatsiyasi tomonidan tashkil qilinadi va mingdan ortiq sportchilarni birlashtiradi.

O‘zbekistonda skvosh va padel federatsiyasining tashkil etilishi mamlakatimizda bu ikki ommalashayotgan sport turlarini rivojlantirish va ularni keng targ‘ib qilish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi. Garchi ushbu sport turlari yurtimizga yaqinda kirib kelgan bo‘lsa-da, ular allaqachon minglab hamyurtlarimiz qalbini zabt etdi va tez orada mahalliy sportchilarimizdan xalqaro musobaqalarda yuksak natijalar kutishga zamin yaratadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!