
To‘purar hujumchimiz maoshni tanlasinmi yoki Moskva klubini?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Igor Sergeev faoliyatini Rossiya premer-ligasida davom ettirishga yaqin turibdi.
29 yoshli futbolchimiz mavsumni Qozog‘iston chempionatida “Tobol” jamoasi safida o‘tkazdi. Kustanayliklar chempionatni uchinchi o‘rinda yakunladi. Bronza medalni qo‘lga kiritgan Igor Sergeev 26 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini to‘qqiz marotaba ishg‘ol qilib, jamoasining eng yaxshi to‘purari bo‘ldi.
Bundan tashqari, Igor Sergeev joriy mavsumda Evropa Chempionlar ligasi saralash turnirida ikkita o‘yinda bitta gol urdi. Qozog‘iston kubogida ikkita bahsda raqiblar darvozasini ikki marotaba aniq nishonga oldi.
Igor qayd etayotgan natijalar Rossiya jamoalari e’tiboriga tushdi. Xususan, Moskvaning “Torpedo” jamoasi yozda o‘zbekistonlik legionerga og‘iz solgan edi. Biroq, o‘shanda chempionlik uchun kurashayotgan “Tobol” asosiy hujumchisini qo‘yib yubormadi.
“Torpedo” Igor Sergeevga bo‘lgan qiziqishni yo‘qotgani yo‘q. Moskvaliklar hamon uni o‘z safiga qo‘shib olishni istayapti. Biroq, bu transferning amalga oshishiga Igor Sergeev maoshining kattaligi to‘sqinlik qilmoqda.
Igor Sergeev Qozog‘iston premer-ligasining eng qimmatbaho futbolchisi hisoblanadi. Transferlarga ixtisoslashgan Transfermarkt portali tarqatgan xabarga ko‘ra, mavsum yakunida hamyurtimizning narxi 300 ming evroga pasaytgan bo‘lsa-da, umumiy hisobda 1,4 mln evroga baholangan.
Shu o‘rinda, “Torpedo”ning yuqori divizionda raqobatlashishga kuchi etmayotganini ta’kidlash lozim. Poytaxtliklar 17 ta uchrashuvda bitta g‘alaba va uchta durang qayd etib, olti ochko bilan so‘nggi pog‘onaga tushib qolgan.
Klub rahbariyati chempionatning ikkinchi yarmida xavfli zonadan chiqish va premer-ligadagi joyini saqlab qolish uchun kurashishni mo‘ljallagan. Bu borada tarkib sezilarli darajada kuchaytirilishga muhtoj.
Moskva klubi safida O‘zbekiston milliy terma jamoasining yana bir vakili – Hojimat Erkinov ham to‘p tepmoqda. “Torpedo” hujumkor futbolchimizni yozda “Paxtakor”dan 150 ming evroga transfer qilgan edi.
21 yoshli universal o‘yinchi moskvaliklar bilan 2025 yilning yarmigacha shartnoma imzolagan. Hojimat qisqa fursatda jamoaning etakchilari qatoriga qo‘shildi. Bu mavsum premer-liga va Rossiya kubogida jami 18 marotaba maydonga tushdi.
Igor Sergeev ham Hojimat Erkinov singari aslida “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Biroq, tajriba bobida Igor ancha kuchli. Sergeev faoliyati davomida O‘zbekiston va Qozog‘istondan tashqari, Xitoy hamda Birlashgan Arab Amirliklari chempionatlarida ham o‘ynagan.
Igor Sergeev O‘zbekiston milliy terma jamoasida 67 marotaba maydonga tushib, 19 ta gol muallifi bo‘ldi.
Hojimat Erkinov esa, 15 ta o‘yinda bir juft to‘p kiritgan.
Shomurodov transferiga bir qadam qoldi, biroq “Roma” xalaqit qilmoqda!
Shomurodov oldida yana bir yangi variant paydo bo‘ldi!
Shomurodovga qaysi jamoaga o‘tishni aytishdi!
Shomurodov uchun kurashga yana bir jiddiy klub qo‘shildi
O‘zbek legioneri Evropaning yaxshi chempionatlariga loyiq!
Tezkor: “Roma” kutilmaganda Shomurodov bo‘yicha jiddiy taklifni rad etdi!
O‘zbek to‘purarini Polshada kutishyapti!
O‘zbekiston terma jamoasini engishga majbur emasmiz!
Fikrlar