
To‘lqin Qilichevning bolalik xotiralari yoxud u qanday bokschi bo‘lgan?
Mamlakatimizda boks bo‘yia tajribali murabbiylar juda ko‘p. Ular haqida istalgancha yozish mumkin. Albatta, hozirgi kunda o‘zbek charmqo‘lqop ustalarining muvaffaqiyatlari, ushbu soha vakillarining mexnati va tinimsiz izlanishlarining samarasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ayni vaqtda boks bo‘yicha terma jamoamiz erishayotgan zafarlar zamirida ham shubhasiz, murabbiylar shtabining salmoqli mexnati yotibdi.
Boks murabbiylari haqida so‘z yuritayotganimizning ham o‘z sababi bor. Chunki, bugun, terma jamoa katta murabbiyi To‘lqin Qilichev o‘z tavallud ayyomini nishonlamoqda. U 37 yoshni qarshi oldi.
Shu o‘rinda ushbu murabbiyning hozirga qadar bosib o‘tgan yo‘li barchaga qiziq bo‘lsa kerak. Bu borada uning o‘zi qisqacha tarzda bayon etdi.
Quyida uni e’tiboringizga havola etamiz.
- Keling maktab davridan boshlay qolamiz. Men 1989 yil Jizzax viloyatining Zafarobod tumanidagi Mirzo Ulug‘bek nomidagi 12-o‘rta maktabga birinchi sinfga qabul qilinganman.1995 yilga qadar shu dargohda ta’lim oldim. Ushbu yili amakim Komil Qilichev Jizzax shahriga doimiy istiqomat qilish uchun ko‘chib ketdi. Amakimning ishi ham sportga bog‘liq edi. To‘g‘rirog‘i, futbol hakami edi. Aslida, oilamiz futbol odamlari edi.
- Dadam ham murabbiy bo‘lgan. O‘sha tumanning “Zafar” jamoasini boshqarar edi. Xullas, amakim o‘zi bilan birga meni ham shaharga olib ketdi. Sababi, bizga ya’ni, men va o‘zining o‘g‘li Farruxga sport bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratib berish edi. Farrux ham hozirda murabbiy sifatida ajoyib ish olib bormoqda. Shogirdi Dilshod Ro‘zmetovning natijalari ham buni isbotlamoqda desam yanglishmagan bo‘laman.
- Amakim shahardan bir xonalik uy sotib olgan. O‘sha erda yashab, o‘qiganmiz. Shuningdek "Fok" degan boks zaliga qatnab, ushbu sport turining sir-asrorlarini o‘rganganmiz. Aslida, boksga qadar milliy kurash bilan shug‘ullangan edim.
- Bu voqea 1997 yil bo‘lgan bo‘lsa, 2007 yilga qadar bokschi sifatida faoliyat olib borgan edim. Shu vaqtlar mobaynida o‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston chempioni, yoshlar o‘rtasida esa finalchi bo‘lganman. 2005 yil professional boksda faoliyatimni olib borish uchun Rossiyaning Ekaterinburg shahriga yo‘l olganman. U erda Alisher Rahimovning oldiga borib, bu yo‘nalishda ilk qadamlarimni tashlagandim. Profida 7 jang o‘tkazib, ularning 5 tasida g‘alaba qozonganman va ikki bor mag‘lubiyatga uchragandim.
- 2009 yil belimdagi churra kasalligi tufayli sportchilik faoliyatimni yakunlaganman va Chirchiq olimpiya zahiralari kollejida murabbiylik qilishni boshladim. Ayni shu vaqtda Murodjon Ahmadaliev, Bahodir Jalolov, Isroil Madrimov, Qudratillo Abduqahhorov, Anvar Turapov, Elnur Abduraimovlar o‘qishga topshirishgandi. Bir so‘z bilan aytganda ular bilan birgalikda men ham o‘sganman desam bo‘ladi.
- Avval, o‘smirlarda harakat qilishdi va yoshlarga o‘tishdi. Ular bilan birga yoshlarga mrabbiy bo‘ldim. So‘ngra, kattalarga o‘tishdi va men ham ushbu toifadagi ishimni boshladim. Shu tarzda davom etmoqdamiz. Natijalarga o‘zinglar guvoh bo‘lib turibsizlar. Har holda qo‘ldan kelgancha harakat qilib kelyapmiz.Nimaga erishgan bo‘lsak, barchasiga hukumatimiz tomonidan bizga yaratib berilayotgan ajoyib sharoitlar va mexnat sabablidir!
Fikrlar