
Tokio-2020. O‘zbek sportchilarining 30 iyul kungi natijalari qanday bo‘ldi?
Assalomu alaykum, muhtaram sport ixlosmandlari! Tokio shahri mezbonlik qilayotgan Olimpiya o‘yinlarining eng so‘nggi yangiliklarini e’tiboringizga havola etishda davom etamiz. Bugun, 30 iyul kuni 5 nafar yurtdoshimiz o‘z yurishini boshlaydi. Kun davomida ularning natijalarini onlayn yoritib boramiz! Yangiliklarni SPORTS.uz sayti orqali kuzatib boring!
16:06. Xudoyorova so‘nggi urinishida 13.01 metr natijani qayd etdi va 14-pog‘onani egallagan holda, Olimpiada bilan xayrlashdi.
15:49. Engil Atletika. Roksana Xudoyorova o‘zining ikkinchi urinishida 13.02 metr ko‘rsatkichni qayd etdi. Ammo onlayn jadvalda 13-pog‘onani band etib turibdi.
15:45. Qolgan guruhlardagi 16 nafar sportchining natijasi 26.93 soniyadan yaxshi bo‘lganligi uchun, Krititina Olimpiada bilan xayrlashdi.
15:37. Suzish. Natalya Krititina 50 metrga erkin usulda suzish bahslarida 26.93 soniya natijani qayd etib, 8 kishilik guruhning so‘nggi pog‘onasida finishga etib keldi. Ma’lumot uchun, eng yaxshi natijaga erishgan 16 sportchi keyingi bosqichga yo‘l oladi. Ishtirokchilar soni esa 83 tani tashkil etadi.
15:27. Hamyurtimiz o‘zining ilk urinishida 12.63 metr masofaga sakradi va onlayn jadvalda 16 sportchi orasida 11-o‘ringa joylashdi.
15:05. Engil Atletika. 3 xatlab sakrash bahslarida ishtirok etayotgan Roksana Xudoyorova yurishini boshladi. Hozircha, u o‘z navbatini kutmoqda.
14:12. Boks. Endi vakilamizga yarim final ostonasida braziliyalik Beatris Ferreyra Soares qarshilik qiladi. Ma’lumot uchun, Soares 2019 yilgi Jahon chempionati g‘olibasi sanaladi.
13:32. Dzyudo. Bekmurod Oltiboev bronza medali uchun kurashda ukrainalik raqibiga imkoniyatni boy berdi va turnirni medalsiz yakunladi.
13:30. Boks. Rayxona Qodirova chorak finalda! U Kongo Demokratik Respublikasi vakilasini 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
13:27. Dzyudo. Bronza medali uchun o‘tish bahsida Oltiboev tatamiga chiqib keldi. Jang boshlandi!
13:24. Ikkinchi raundni ham yaxshi tempda o‘tkazgan vakilamiz 4:1 hisobida oldinda bormoqda.
13:21. Birinchi raund vakilamiz hisobiga 5:0 ko‘rinishida hal bo‘ldi. Yashavor!
13:17. Boks. -60 kg vaznda ringga chiqqan Rayxona Qodirovaning Naomi Yumbaga qarshi jangi boshlandi.
09:25. Endi Oltiboev bronza medali uchun o‘tish bahsida ukrainalik Yakiv Xammoga qarshi tatamiga ko‘tariladi.
9:23. Asosiy vaqtda Bekmurod vazari bahosi evaziga Lukash Krpalekka mag‘lubiyatga uchradi. Ammo hali medal uchun imkoniyat yo‘q emas.
9:18. Bekmurodning Olimpiada chempioniga qarshi jangi boshlandi. Olg‘a, o‘zbek o‘g‘loni!
09:00. Dzyudo. Oltiboev chorak final bellashuvida chexiyalik Lukash Krpalek qarshiligini sindirishga harakat qilib ko‘radi.
08:51. Afsuski, Bobousmon Boturov Olimpiada bilan xayrlashdi. Jang raqib bokschisining 4:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
08:48. Ikkinchi raundda vakilimiz 0:5 hisobida imkoniyatni boy berdi. Endi bizni faqat nokaut qutqara oladi.
08:45. Afsuski, Boturov ilk raundni 2:3 hisobida britaniyalik raqibiga boy berdi. Ammo hali oldinda 2 raund bor va biz umid qilishda to‘xtamaymiz!
08:42. Boks. Bobousmon Boturovning Pet MakKormakka qarshi jangi boshlandi! G‘olib yarim finalga yo‘l oladi!
08:30. Dahshat! Vakilimiz ilk soniyalardayoq tajribali raqibini ippon bahosi evaziga mag‘lubiyatga uchratdi va chorak finalga yo‘l oldi!
08:30. Dzyudo. Oltiboev hamda Grol tatamiga chiqib keldi. Jang boshlandi, g‘olib chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.
08:00. Boks. Taxminan yarim soatlarda -69 kg vazn toifasida bahslarga kirishgan Bobousmon Boturov 1/4 final bosqichida Buyuk Britaniyadan tashrif buyurgan Pet MakKormakka qarshi ringga ko‘tariladi.
7:50. Ayni daqiqalarga kelib, Oltiboev - Grol jangi boshlanishiga 8 ta bellashuv qoldi. Bahs 2-tatamida bo‘lib o‘tadi.
07:38. Hamyurtimizning 1/8 final bosqichidagi raqibi Xenk Grol bo‘ladi. Niderlandiyalik sportchi bunga qadar Pekin va London Olimpiadasida bronza medallarini qo‘lga kiritgan tajribali dzyudochi hisoblanadi.
07:33. G‘alaba! Kunni muvaffaqiyatli boshlab oldik. Vakilimiz ippon bahosi evaziga raqibidan dog‘da qoldirdi va o‘z yurishini keyingi bosqichga davom ettiradigan bo‘ldi!
07:30. Dzyudo. +100 kg vaznda bahslarga kirishgan Bekmurod Oltiboevning mo‘g‘ulistonlik Duurenbayar Ulzibayarga qarshi jangi boshlandi.
Bugun bahslarga kirishadigan sportchilar ro‘yxati bilan tanishib olishingiz mumkin:
1.Bekmurod Oltiboev (dzyudo, erkaklar +100 kg) –07:30;
2.Bobousmon Baturov (boks, erkaklar -69 kg) – 08:36;
3.Rayxona Qodirova (boks, ayollar, -60 kg) 13:15;
4.Roksana Xudoyarova (uch xatlab sakrash, ayollar, saralash) – 15:05;
5.Natalya Kritinina (suzish, ayollar, 50 m erkin usulda) – 15:34.
Fikrlar