Tezkor! Ispanlar Fayzullaevga e’tibor qaratdi...(foto)
Abbosbek Fayzullaev bugungi kunda faoliyati eng tez rivojlanayotgan futbolchilarimizdan hisoblanadi.
Yaqingacha uni keng futbol jamoatchiligi yaxshi tanimas edi. Abbos xalqaro hamjamiyat nazariga ilk marotaba o‘tgan yili 20 yoshgacha futbolchilar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo kubogi va jahon chempionatidagi yorqin o‘yinlaridan keyin tushdi.

O‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi musobaqalarda porlagan iste’dod sohiblari ko‘p bo‘ladi. Lekin ularning hammasiga ham professional futbolda o‘z o‘rnini egallash nasib qilmaydi. Bunga o‘zbek futboli tarixida ham bir necha marotaba guvohi bo‘lganmiz.
20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar ishtirokidagi Osiyo chempionatida g‘olib chiqqan va Argentinadagi jahon chempionatida o‘zini ko‘rsatgan terma jamoamiz etakchilari professional darajaga o‘tishda yo‘qolib qolmagani bizni xursand qiladi. Abduqodir Husanov Frantsiya, Abbosbek Fayzullaev va Umarali Rahmonaliev kabi o‘yinchilar Rossiyaga ko‘chib o‘tdi.
Abbos va Abduqodir O‘zbekiston milliy terma jamoasining muhim o‘yinchilariga aylana oldi. Ayniqsa, Fayzullaev xalqaro darajada e’tirof va e’tiborga sazovor bo‘lmoqda.
Fayzullaev jahon futbolining nufuzli manbalaridan biri – Ispaniyaning AS internet nashri e’tibor qaratdi.
Bu nashr eksperti Ivan Kordovilya “Moskva buyuk talantni yashiryapti” nomli maqolasida TsSKAda muvaffaqiyatli o‘ynayotgan Abbosbek Fayzullaevning o‘yinlaridagi ijobiy o‘sishni yuqori baholab, uning o‘z tengqurlari o‘rtasida eng iste’dodli o‘yinchilardan ekanini ta’kidladi.
Darhaqiqat, “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi Abbosbek Fayzullaev TsSKAning eng asosiy figuralaridan biriga aylangan. Rossiyaga ko‘chib o‘tganidan beri Premer-liga va mamlakat kubogida jami 24 ta uchrashuvda uchta gol va 11 ta assist qayd etdi. Bundan tashqari, jamoasining bir nechta gollarida bevosita ishtirok etdi.
Shuningdek, Abbosbek Fayzullaev O‘zbekiston milliy terma jamoasining ham ishongan o‘yinchilaridan biriga aylanadi. O‘tgan yozdan beri 20 yoshli hujumkor futbolchimiz xalqaro miqyosida 15 ta bahsda to‘rtta gol va bitta assist muallifi bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, Abbosbek Fayzullaev Evropaning kuchli ligalari o‘tib ketish uchun asosiy nomzodlardan hisoblanadi. U bir necha bor maqsadi Ispaniya chempionatida to‘p tepish ekanini aytgan.



Fikrlar