Temur Kapadze: Futbolchilar "Olimpik"ga qarshi o‘ynayotganida qo‘pol harakat qilmoqda
"Xorazm"-"Olimpik" (1:1) uchrashuvidan so‘ng, mehmonlar bosh murabbiyi Temur Kapadze o‘yin haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
– O‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik, "Xorazm"ning o‘yinlarini ko‘rib chiqqan edik. Bugungi bahs qiyin bo‘lishini ham bilar edik. O‘yin qiyin bo‘ldi. Vaziyatlarimiz ko‘p bo‘ldi, biroq foydalana olmadik. Keyin maydon holati ham halaqit berdi. Shuningdek, muxlislarni qo‘llab-quvvatlashi ham ta’sir ko‘rsatdi. Xorazmda o‘z jamoasini qattiq qo‘llab turishadi. Buni avval kelganimda ham ko‘rganman. Vaziyatlarimizning foydalanganimizda o‘yinimiz yanada ochilardi. Raqib jamoa a’zolari ham oxirigacha kurashdi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, biz uchun bu bahs yaxshi o‘yin bo‘ldi, deb o‘ylayman. Har bir uchrashuvdan nimadir olishga harakat qilmoqdamiz. O‘yinlar orqali futbolchilarni tajribasi oshib bormoqda. Biz bular ustida ishlamoqdamiz. Bolalar yaxshi o‘smoqda, deb o‘ylayman.
Raqib jamoasida chetlatishlar sizning rejalaringizga qanday ta’sir qildi?
– Buni biz kutmaymiz. Futbolda qoida bor. To‘p to‘xtagandan so‘ng, bunday harakat qilinmaydi. Futbolchilar "Olimpik"ga qarshi o‘ynayotganida biroz qo‘pol harakat qilishmoqda. Bu futbolchilarning yoshi bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin. Chunki yosh futbolchilar to‘p bilan harakat qilishi raqiblarga yoqmayotgandir. Bitta ko‘p bo‘lib harakat qilsa, o‘yinni osonlashtiradi, deb o‘ylamayman. Ular bitta hujumchisiz qoldi. Biz bu orqali himoyada osonroq o‘ynadik. Menimcha, qo‘pol harakat qilish jamoaga hech qanday foyda olib kelmaydi.
Muhammadqodir Rahimberganovning o‘yini haqida...
– Uni anchadan beri taniyman. Yaxshi o‘yinchi, o‘yinlarida o‘sish bor. Uni bir necha bor terma jamoaga ham chaqirib turganman. Jamoada raqobat kuchli, ko‘p narsa o‘ziga ham bog‘liq. Bugun asosiy tarkibda o‘ynadi. To‘g‘ri xatolar ham bo‘ldi, yaxshi harakatlari ham bo‘ldi. Raqib o‘n kishi qolganidan so‘ng ikkinchi bo‘limda tezkor futbolchilarni tushirdim, ular rejani yaxshi amalga oshirishdi, ammo natija bo‘lmadi.



Fikrlar