"Surxon"ni futbolchilar tark eta boshladi, chunki shartnomalar 30 noyabrgacha edi. Qiziq, endi Kubokda kimlar o‘ynaydi?

  • 4 dekabr, 2020, 18:44
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bir amallab Superligada jon saqlay olgan Termizning “Surxon” klubida hali muammolar arigani yo‘q. O‘zi shundoq ham mavsum davomida pandemiya sababli bu klub qiyinchiliklarga duch keldi. Keyin bosh murabbiy Ravshan Haydarovsiz qolishga majbur bo‘ldilar. Chempionatda bo‘lsa, arang o‘z o‘rnini saqlab qoldilar. Shularni o‘ylaganda, “Surxon” chindan ham qator qiyinchiliklarga duch kelganini ko‘rish mumkin. Biroq bu hali hammasi emasdi.

Tecno

Jamoadagi aksariyat futbolchilar bilan tuzilgan shartnomalar shu yilning 30 noyabrgacha amal qilardi. Bilasiz, Superligamizda pandemiya sababli taqvim ancha o‘zgardi va oxirgi o‘yinlar 3 dekabrga belgilandi. Oldinda esa Kubok bahslari turibdi. Tabiiyki, futbolchilar bilan 30 noyabrgacha shartnoma tuzilgach, o‘sha muddatdan so‘ng, o‘z-o‘zidan ular erkin agent maqomiga o‘tadilar. Natijada shartnomasiz futbolchilarni o‘ynatib bo‘lmaydi. “So‘g‘diyona” bilan uchrashuvda shunday ham bo‘ldi.

Ma’lum bo‘lishicha, “Surxon” etakchilari – Jahongir Mehmonov, A’zam Aliev va Dilshod Jabborov shartnomalari 30 noyabrda tugagani sababli, “So‘g‘diyona” bilan o‘yinda maydonga tushmagan va uyiga qaytib ketgan. Bu masalada Mehmonov bilan aloqaga chiqdik va rostdan ham “So‘g‘diyona”ga qarshi bahsdan oldin Namanganga ketganini tasdiqladi. Chunki ularni hech kim maydonga tushishga majbur qila olmaydi. Agar ular kabi boshqa o‘yinchilar ham “So‘g‘diyona” bilan bahsda maydonga tushishni istamasdan ketganida, klub hech nima qila olmasdi.

surxon1

Endi bo‘lsa, oldinda O‘zbekiston Kubogi musobaqasi turibdi. 8 dekabr kuni safarda “Qo‘qon-1912” bilan bellashishi kerak. Xo‘sh, klub qaysi futbolchilar bilan o‘ynaydi? Ko‘rib turganingizdek, “Surxon”ning oldida yana bir muammo paydo bo‘ldi. Voqealar rivoji qanday ko‘rinish olayotganini bilish maqsadida vaqtinchalik klub bosh direktori vazifasida mehnat qilayotgan Shuhrat Rahmonqulovga yuzlanganimizda u shunday dedi: 

-  Oldimizda Kubok o‘yini bor. Futbolchilarimizning shartnomalari tugagan. Agar istasa qolib, o‘sha Kubokda ham jamoa sha’ni uchun maydonga tushishsin, xohlamasa ketishsin. Pul bormi yoki yo‘qmi, bunga qaramay, vijdonan mayli oxirigacha o‘ynab qo‘yaman desa, marhamat. Bu yog‘i har bir futbolchining xohishiga bog‘liq. Shartnomasi tugagani uchun ularga o‘ynab berasan, deyishga haqqimiz yo‘q. PFLdan  ham xat kelgan va unga ko‘ra, 30 noyabrda shartnomasi tugagan o‘yinchilar bilan yana kelisha olsanglar, dekabrda bo‘ladigan uchrashuvlarda ham ishtirok etishlari mumkin deyilgan. To‘g‘risi, Kubok doirasida “Qo‘qon-1912”ga qarshi uchrashuvda ko‘proq o‘zimizning mahalliy yoshlar bilan o‘ynamoqchimiz.

Masalan, Darko Stanoevich, Aleksandr Kasyan singari legionerimiz vijdonan oxirigacha o‘ynab qo‘ydilar, buning uchun rahmat, ularga. Agar 7 dekabrga qadar uylariga ketish uchun chiptalarini olishga ulgursak, jo‘nab ketadilar. Mabodo, chipta sal kechroqqa olinsa, unda Kubokda ham o‘ynab beradilar, - deydi Rahmonqulov.

Klub mutasaddisi ham yuqorida biz aytgan gaplarni tasdiqladi. Ya’ni, shartnomasi tugagan futbolchilarni majburan maydonga tushirishga haqqi yo‘q. Shu o‘rinda savol tug‘iladi-da: “Surxon” nima uchun barcha o‘yinchilar bilan 30 noyabrgacha kelishuvga erishgan? Boshqalarga o‘xshab shartnomalarni 31 dekabrgacha tuzganida mana shunday muammoga yo‘liqmasdi, to‘g‘rimi? Balki bu klub tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato ekanligi ma’lum. Bu vaziyat xususida yana o‘sha Shuhrat Rahmonqulovga murojaat qildik:

-  U deymiz, bu deymiz, baribir hammasi mablag‘ga bog‘liq. Ko‘p klublar 31 dekabrgacha shartnoma tuzgan. Bizda esa 30 noyabrgacha tuzilgan. Chunki, aslida chempionat o‘sha oyning oxirigacha tugashi kerak edi. Lekin pandemiya sababli ko‘p narsalar o‘zgarib ketdi. O‘zi shundoq ham jamoa mablag‘ tomondan qiynalyapti, agar dekabrgacha tuzilganida, unda ularga yana bir oylik maosh to‘lash shart bo‘lib qolardi. Shartnoma tuzilayotganida klubning moliyaviy ichki imkoniyatlarimiz ham hisobga olingan. Buni xato deb bo‘lmaydi. Chunki klub o‘zidagi imkoniyatdan kelib chiqib shartnoma tuzgan.

surxon2_1

Nafaqat “Surxon”da, balki boshqa jamoalarda ham qarzdorliklar bor. Ammo asta-sekin qarzlar bartaraf etilyapti. Endi yoshlarga ko‘proq e’tibor beriladi. “So‘g‘diyona” bilan bahsda mahalliy futbolchi – Choriev maydonga tushdi. Yomon emas. Shu paytgacha Surxondaryodan Bozorov, Do‘rmonov, Shomurodovlar chiqqan. Yana e’tibor bo‘lsa, shularga o‘xshagan ajoyib o‘yinchilar etishib chiqaveradi. Muhimi, “Surxon” Superligada qoldi. Yuqorida ta’kidlaganim bejiz emas, pandemiya ham ko‘p rejalarni o‘zgartirib yubordi.

Ha, hamma qatori Shavkat Salomovni ham shartnomasi tugagan. Ko‘pchiligi bilan muzokaralarni boshlaganmiz. Baribir yoshlarga ko‘proq e’tibor qaratamiz. Yo‘l qo‘yilgan xatolarni ko‘rib chiqyapmiz. Bu orqali rahbariyat ham tajriba oldi, - deya fikr bildirdi, Rahmonqulov.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!