"Surxon"ga begonadek...
Superliga bahslarini kuzatib borayotganingizga ishonamiz. Bu yilgisi yanada o‘zgacha, tomoshabop va kutilmagan natijalar ostida kechayotgani rost. Turnir jadvaliga qarasangiz, 4 ta klub 20 ochko bilan peshqadamlar safida. Bunaqasini oldin uchratmaganmiz-a? Intriga yuqoriligi bois endi kim qanday natija ko‘rsatishini dadil aytish qiyin. Bu esa muxlislar uchun yanada qiziq va hayajonli bo‘ladi.
Chempionatning 11-tur o‘yinlari o‘tkazilayotganidan xabardorsiz. Lekin bu safar to‘rtta o‘yin rejaga kiritilgan. Oldin xabar berganimizdek, “Dinamo” – “Nasaf”, “So‘g‘diyona” – “Paxtakor” hamda “Metallurg” – “Olimpik” bahslari boshqa muddatlarga qoldirilgan. 27 mayda boshlangan tur o‘yinlari 29 mayda “Surxon” – “Bunyodkor” o‘yini orqali yakuniga etadi. Biz esa bu safar turning oxirgi uchrashuviga e’tiborimizni qaratamiz.
Tabiiyki, yakshanba kuni faqat “Surxon” – “Bunyodkor” bellashuvi o‘tkazilishi bois hamma shu uchrashuvni kuzatadi. Demak, boshqalarning diqqatini o‘ziga tortadi, deb o‘ylaymiz. Bu o‘yinga ushbu klublar qaysi o‘rinlarda etib kelishdi? Boshpanasiz qolgan, o‘z uyi bo‘lmasa-da, rasmiy mezbon maqomidagi “Surxon” bor-yo‘g‘i 6 ochko to‘pladi va shunga yarasha oxirgi o‘rinda, “Bunyodkor” esa 12 ochko bilan 8-pog‘onada boryapti.

Ispaniyalik Anxel Lopes bosh murabbiylik qilayotgan “Surxon” ortda qolgan 10 ta uchrashuvning faqat 1 tasida g‘alaba qozondi xolos. 7-turda “Qo‘qon-1912”ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Termiz jamoasida yana 3 ta durang va 5 ta mag‘lubiyat bor. Qizig‘i, “Surxon” 7 ta gol urib, ikki barobar ko‘p – 14 marta o‘z darvozasidan to‘p olib chiqdi. Lopes jamoa o‘yiniga o‘zining falsafasini va uslubini singdirishga urinib kelyapti. Lekin hali natija beradigan darajada emas. Ustiga-ustak, “Surxon”ga muxlislar daldasi ham etishmayapti. Termizdagi stadion hali tayyor emasligi bois klub uy o‘yinlarini Samarqanddagi “Dinamo” va Toshkentning “Lokomotiv” o‘yingohlaridan foydalanib turibdi. O‘z uyingda devorlar ham yordam beradi yoki muxlislar 12-o‘yinchi degan tushunchalar bor va buni ayniqsa, mezbon jamoa vakillari yaxshi his qilishadi. Biroq bu iboralar hozirda “Surxon”ga begonadek. Ularga etishmayotgan jihat ham aynan Termizda minglab ishqibozlari qarshisida o‘ynay olmayotgani bilan bog‘liq. “Surxon” futbolchilari o‘z muxlislarining qo‘llab-quvvatlashiga juda ham muhtoj, ammo hozir buning iloji yo‘q. Balki bu jihatning natijalarga ham ta’siri jiddiy sezilayotgandir. Xullas, “Surxon” nomiga mezbon, barcha o‘yinlarini safarda o‘ynab kelyapti. Jamoa tezroq o‘zining haqiqiy maydoniga qaytishini qanchalik xohlayotganini futbolchilardan so‘ragan yaxshiroq, buni ular juda va juda xohlashyapti, lekin...

“Bunyodkor”ning natijalari “Surxon”nikichilik salbiy bo‘lmasa-da, ammo bosh murabbiy o‘zgartirilganini yaxshi bilasiz. 8-turdan keyin Shuhrat Maqsudov iste’foga chiqarildi. O‘shanda uning jamoasi o‘z uyida “Metallurg” bilan durang o‘ynagandi. Viktor Karpenko esa Maqsudovdan bo‘shab qolgan lavozimni egalladi. Hozircha bir durang va bir mag‘lubiyat. O‘tgan turda “Nasaf”ni qabul qildi, biroq “Bunyodkor” o‘z uyida xuddi safarda o‘ynagandek bo‘ldi va natija ham shunga mos ko‘rindi – 1:4. Karpenko yangi bosh murabbiy sifatida o‘zini ko‘rsatishi va ijobiy natijalar qayd etishga juda chanqoq bo‘lib turibdi. Rahbariyatni klubning hozirgi natijalari qoniqtirmayotgani turgan gap.
“Surxon” uchun “Bunyodkor” noqulay raqib. O‘zbekiston chempionatida ushbu klublarning o‘zaro o‘yinlari hali u qadar ko‘p emas. Ilk bor 2019 yilgi mavsumda to‘qnashishgan. O‘shanda Termizdagi birinchi bahsda “Surxon” 2:0 hisobida ustun kelgandi. Shundan beri o‘tkazilgan 5 ta o‘yinda faqat “Bunyodkor”ning qo‘li baland kelyapti. “Qaldirg‘ochlar” kamida 2 ta, bo‘lmasa undan ko‘p gol urgan holda raqibini mag‘lubiyatga uchratmoqda. Qizig‘i, bu jamoalar o‘rtasidagi kurashda biror marta ham durang qayd etilmagan. “Surxon” 6 ta gol urgan va 16 ta to‘p olib chiqqan. “Bunyodkor” o‘zaro uchrashuvlardagi so‘nggi beshta bellashuvdan beri “Surxon”ga hech qanday imkoniyat qoldirmasdan kelyapti. Ko‘ramiz, bu safar nima bo‘larkin?



Fikrlar