"Surxon" legionerlar tanlovida adashmaganmidi? Yozgi selektsiyada qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

  • 12 iyun, 2022, 10:57
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Hamon o‘z maydonidan foydalana olmayotgan klublarimizdan yana biri “Surxon” bo‘lib, mezbon sifatida asosan boshqa klublarning stadionlaridan foydalanib turishga majbur bo‘lyapti. Oqibatda bu jamoa ham asosan safarda o‘ynayapti, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Muxlislarining qo‘llab-quvvatlashi, ularning daldasini “Surxon” his qila olmayapti. Lekin eshitishimizcha, Termizdagi o‘yingohda jadal ishlar olib borilyapti.

Tecno

“Surxon”da yil boshida qanday o‘zgarishlar bo‘lganidan yaxshi xabardorsiz. Bu borada Sports.uz sayti orqali ham tezkor xabarlar berib bordik. Superliga boshlanishiga oz fursat qolganida ispaniyalik Anxel Lopes Peres bosh murabbiylik lavozimini egalladi. Tarkibda ham o‘zgarishlar bo‘ldi, o‘tgan yilgi tarkibdan ayrimlari saqlanb qolindi, yangi o‘yinchilar keldi va tabiiyki, ispaniyalik legionerlar ham “Surxon” a’zosiga aylandilar. Ammo bularning bari deyarli Lopes kelguniga qadar ro‘y berib bo‘lgandi.

as4

Maqsad jiddiy ekanligi aytildi, ispaniyalik mutaxassis ham o‘ziga yarasha saviyaga ega bo‘lib, bungacha Evropa jamoalaridan ishlagan. Shu sababli “Surxon” yangicha qiyofa kasb eta boshladi. Lekin barchasini birdaniga bajarish ham murakkab. Superligada 11 ta tur ortda qoldi. Termizliklar esa 10 ta o‘yin o‘tkazishdi. Klub kutilganidek o‘zgarganmi? Lopes qurayotgan jamoa 10 ta bahsning hozircha 2 tasida g‘alaba qozondi, 3 durang va 5 mag‘lubiyat bor. Raqiblar darvozasiga 8 ta gol urgan va o‘zidan 14 ta to‘p olib chiqqan. Hisobida 9 ochko bor.

Lopes boshqaruvidagi klubga dastlabki g‘alabasini qo‘lga kiritish juda qiyin bo‘ldi va bu anchagacha cho‘zilib ketdi. Chempionat 2 mart kuni start olgan bo‘lsa, “Surxon” ilk g‘alabasini 6 may kuni 7-tur doirasida “Qo‘qon-1912”ga qarshi uchrashuvda qo‘lga kiritdi. O‘sha bellashuvda 1:0 hisobi “Surxon”ga ilk g‘alabasi uchun etarli bo‘ldi. Shundan keyin yana ochko yo‘qotishlarini davom ettirgan jamoa 11-turda “Bunyodkor”ga qarshi uchrashuvda ham yana yagona gol evaziga uch ochkoni qo‘lga kiritib, ikkinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, 8-turda “Paxtakor” maydonida amaldagi chempionga qarshi uchrashuvda “Surxon” mardonavor kurashdi. Yakunda 2:2 hisobi qayd etildi. Mazkur durangni Lopes jamoasi uchun g‘alabaga tenglashtirsak ham bo‘laveradi. Garchi ular hozircha ikkita o‘yindagina muvaffaqiyat qozonganiga qaramasdan boshqa bellashuvlarda ham o‘yin bo‘yicha yomon taassurot qoldirishmayapti. Ispaniyalik mutaxassisning jamoa o‘yinidagi imzosi sezilyapti. Faqat uni yanada to‘liq tushunishi va ko‘rsatmalarini aniq bajarishi uchun futbolchilarda ijrochilik mahorati ham shunga yarasha bo‘lishi lozim.

as

Yuqorida aytganimizdek, jamoada bitta zaxira o‘yini turibdi. 5-turda Qarshida “Nasaf” bilan o‘tishi lozim bo‘lgan bahs qoldirilgan. Bu 4 iyulga belgilangan. Baribir “Surxon” turnir jadvalida xavfli hududda qolmoqda. Undan keyingi o‘rindagi “Olimpik”da ikkita, oxirgi pog‘onadagi “Dinamo”da esa bitta uchrashuv qoldirilgan. Bu jamoalarning ochkolari o‘rtasidagi farq katta emas, bir-biriga yaqin joylashishgan. Keyingi turda esa “Surxon” aynan Samarqandda “Dinamo” mehmoni bo‘ladi. Ushbu uchrashuv 18 iyunga mo‘ljallangan. Qizig‘i, undan keyingi raqiblar ham o‘zining yaqin ta’qibchilari sanalishadi – “Neftchi” hamda “Olimpik”. Demak, “Surxon”ni qiyin o‘yinlar kutyapti.

as3

Tarkibda legionerlar ham borligini aytdik. Lekin hali ispaniyalik futbolchilar yarq etib ko‘zga tashlanishgani yo‘q. Bu masalada klubning tanlovi to‘g‘rimidi? Endi yozgi selektsiya chog‘ida tarkibda o‘zgarishlar bo‘lishi ham mumkin. Anxel Lopes o‘zining talabi va uslubidan kelib chiqib o‘yinchi taklif qiladi yoki unga tavsiya qilishadi. Hozirgi holatda “Surxon” ligada qolish uchun kurashayotgandek tasavvur uyg‘otyapti. Albatta, oldinda to‘liq ikkinchi davra bahslari turibdi. Balki chempionatdagi hozirgi tanaffus “Surxon”ni yanada kuchli jamoaga aylantirar!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!