
"Superligada oddiy jamoaning o‘zi yo‘q" - Anvar Berdiev "Sho‘rtan"ning pley-offdagi ustunlik tomonini aytdi
Pro liganing so‘ngi turida “Sho‘rtan” safarda “Qo‘qon-1912”ga qarshi maydonga tushdi va 1:1 hisobida durang natijani qayd etdi. Muddatidan ilgari bu ikki klub Superliga yo‘llanmasi uchun pley-off bahsida qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritishgan. Endi “Sho‘rtan” bor e’tiborini bo‘lajak bellashuvga qaratadi. “Qo‘qon-1912”ga qarshi bahsdan keyin “Sho‘rtan” bosh murabbiyi Anvar Berdiev ayrim savollarga javob berdi.
- Kurashuvchan o‘yin bo‘ldi. Ikkala jamoa ham oldiga qo‘yilgan vazifani bajarishdi. 3- va 4-o‘rin egalari Superliga uchun pley-off uchrashuvlarida qatnashadilar. Durang adolatli natija bo‘ldi, deb o‘ylayman. “Qo‘qon-1912” klubiga keyingi muhim bellashuvda omad tilayman.
- 4 dekabr sanasida “Sho‘rtan” jamoasi ham “Qo‘qon-1912” singari Superligaga yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun pley-offda o‘ynaydi. Qaysi raqib bilan o‘ynaganinglar qulayroq, deb o‘ylaysiz? O‘tgan safar asosiy maqsad Superliga ekaniligini aytgandingiz.
- Kim tushishidan qat’iy nazar baribir pley-offda o‘ynash kerak. Chunki Superligada oddiy jamoaning o‘zi yo‘q. Lekin pro liga klublarining imkoniyati bir jihat bo‘yicha yaxshiroqki, ular o‘z maydonida qabul qiladilar. Shundan foydalanib, pro ligadagi shu ikki jamoa harakat qilib, o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani bajarsa bo‘ladi. Yana bir bor qo‘qonliklarga omad tilayman.
- Pro ligada mavsum tugadi. Yil boshida nimalarni kutgandingiz? Qaysi jihatlarda o‘xshadi va qaysi jihatlarda o‘xshamadi?
- E’tiborsizligimiz tufayli ko‘p uchrashuvlarda mag‘lubiyatga uchradik. Buning ustida ko‘proq ishlashimiz kerak. Pro ligada o‘tkinchi o‘yinlarni o‘zi yo‘q. Har bir bellashuv qiyin o‘tdi. Biz endi pley-offda ishtirok etamiz. Yil davomidagi barcha mehnatlarimizni oxirgi pley-off o‘yini ko‘rsatib beradi.
- Bu yil Qashqadaryo futboliga ataldi desak bo‘ladi. “Nasaf” chempion bo‘ldi. “Mash’al” Superligaga qaytdi. “Sho‘rtan” pley-offga chiqdi. Bular nimani hisobiga deb o‘ylaysiz?
- To‘g‘ri aytasiz, ajoyib mavsum bo‘ldi. “Nasaf” chempionlikni qo‘lga kiritdi. “Mash’al” Superligaga chiqdi. Ikkala jamoani tabriklayman. Bizda ham imkoniyat bor. Ozgina imkoniyat bo‘lsaki, oxirigacha kurashamiz. Biz ham Superligaga chiqsak, bu Qashqadaryo futboli uchun katta bayram bo‘ladi. Chunki Qashqadaryoda futbolga e’tibor juda katta. Muxlislari ajoyib. Bir necha bor “Nasaf”ni o‘yinlarini stadionda kuzatdim. “Mash’al”ni ham bir qancha uchrashuvlarini stadionda ko‘rdim. Ishqibozlar o‘z klublarini sevishadi. “Sho‘rtan”ni eski muxlislari kelib qo‘llab-quvvatlashyapti. Qashqadaryo futbolida e’tibor yuqori va bu o‘z mevasini beryapti.
Fikrlar