Super gol urgan Shomurodovning o‘yini qanday baholandi?

  • 7 yanvar, 2021, 08:25
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 5
  • Futbol
CHERY AUTO

Italiya A Seriyasining 16-turida Eldor Shomurodov jamoasi bilan “Sassuolo” klubi mehmoni bo‘ldi.

Tecno

Nihoyat, “Jenoa”ning yangi murabbiyi Davide Ballardini o‘zbek legionari jamoadagi boshqa hujumchilardan kam emasligini tan olgan holda uni boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirdi. O‘z navbatida, o‘tgan o‘yinda ajoyib harakatlari bilan jamoasini “Latsio”dan mag‘lub bo‘lishdan saqlab qolgan Shomurodov bu galgi uchrashuvda  ilk daqiqalardan to‘p tepishga loyiq edi.

Garchi uchrashuv oldidan musobaqa jadvalida oltinchi o‘rinda borayotgan “Sassuolo”ning imkoniyati yuqori baholangan bo‘lsa-da, genuyaliklar mezbonlarga munosib qarshilik ko‘rsatishga intildi. Birinchi bo‘limda jamoa buning uddasidan chiqdi ham.

Birinchi bo‘limda Shomurodov va Janluka Skamakka tandemi “Sassuolo” hujumlariga munosib javob qaytardi. Uchrashuvda Ballardini jismonan baquvvat forvardlardan foydalanishga harakat qildi. Bu qaysidir ma’noda o‘zini oqladi. O‘yin uslubi ham shunga yarasha tashkil etildi va genuyaliklar yuqoridan oshirilgan paslar orqali hujum qilishga urindi.

136366890_4200332129977675_3475416075706106502_o

“Jenoa”ning jiddiy qarshiligiga uchraganiga qaramay, o‘yinning birinchi yarmidagi ustunlik mezbonlar tomonida bo‘ldi. 45 daqiqaning 67 foizida sassuolaliklar to‘pni raqibga bermadi. Darvozaga 11 marta zarba berishdi. Mehmonlardan esa,  Shomurodov ikki marta, Skamakka uch bora zarba yo‘lladi.

Birinchi taymda Shomurodov jamoasi havodagi kurashlarning 60 foizini o‘z foydasiga hal qildi. Gol ham pishib qolgandi. Biroq, Skamakka darvoza to‘sinini nishonga oldi.

Ikkinchi bo‘limda “Sassuolo” ustunlikni mustahkamlay oldi va 52-daqiqada Jeremi Boga hisobni ochdi. Genuyaliklarning javobi uzoq kutilmadi. Oradan 12 daqiqa o‘tib, Eldor Shomurodov Paolo Gilone uzatgan to‘pni o‘ziniki qildi. Havodagi kurashda raqib himoyachisini engib, boshi bilan to‘pni darvoza to‘riga joyladi. Bu o‘zbek hujumchisining A Seriyadagi ikkinchi goli bo‘ldi.

Davide Ballardini shogirdlari bellashuvning ikkinchi yarmida mezbonlarga etarli qarshilik ko‘rsata olmadi. O‘yin yakunlanishiga bir necha daqiqa qolganida Jakomo Raspadori “Sassuolo”ga qimmatli uch ochkoni keltirgan golni urdi – 2:1.

Garchi “Jenoa” durang natijani ushlab qola bilmagan bo‘lsa-da, Eldor Shomurodov ajoyib o‘yin ko‘rsatib, yuqori klassli futbolchi ekanini yana bir karra isbotlab qo‘ydi.  Har bir futbolchining o‘yinini baholab borgan Whoscored sayti Eldor Shomurodovga eng yuqori –  7,8  ball berdi. Ikkinchi ko‘rsatkich sohibi – “Sassuolo” futbolchisi Manuel Lokatelli 7,5 ball bilan baholandi.

136349069_4200332426644312_8335601895439015092_o

Eldor Shomurodov uchrashuvda gol urishdan tashqari, uch marta aniq zarba yo‘lladi. Shuningdek, jamoadoshini qulay pozitsiyaga olib chiqdi, raqiblarni muvaffaqiyatli aldab o‘ta oldi. O‘zbek hujumchisi havodagi kurashlarda uch bor g‘olib chiqdi va gol ham ana shunday vaziyatda kiritildi. Uning 20 ta pasidan 70 foizi manzilga aniq bordi. Bu hujumchi uchun yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Mutaxassislar Shomurodovning himoyachilarga yordam berayotganini ham alohida ta’kidlamoqda. U ikki marta raqib hujumi vaqtida ulardan to‘pni olib qo‘ydi. Bunday o‘yin uslubi Davide Ballardiniga manzur kelishi avvaldan aytilgan edi.

Xavfli zonadan chiqishga harakat qilayotgan “Jenoa” vakillari endi navbatdagi uchrashuvni 9 yanvar kuni o‘z maydonida o‘tkazadi. Mazkur sanada “Bolonya” futbolchilari Genuyaga tashrif buyuradi. Biz esa,  Shomurodov yana asosiy tarkibda maydonga tushib, gol urishiga umid qilamiz. Chunki uning o‘yini borgan sari kuchayib, ko‘rsatkichlari o‘sib bormoqda.

Olg‘a, Shomurodov!

Janob murabbiy, adolat qilib, Shomurodovni maydonga tushiring!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Azamjon Axmedov
07/01/2021 11:18
Элдор Сизга рахмат!
Ўзбекистон футболини жахонга таништиришдаги навбатдаги қадам бу...Равшан Эрматов изидан. Меҳнат ва халоллик, камтарлик, поклик ва меҳр, ўз ишига муносабати...барчамиз ўрнак олсак арзийди.
&
Rasulov Mirshohid
07/01/2021 09:46
Худо хоҳласа кейинги ўйинида гол+пас кутиб қоламиз. Ўзбекистон фахри бўлиб юриш доимо насиб этсин. Омад.
Дилшод Даврлнов
07/01/2021 09:37
Элдор жисмоний кучни ошир Зарбани аник ол Куз тегмасин илохим ОМАДОМАДОМАД ГОЛГОЛГОЛ
Alisher Markayev
07/01/2021 07:43
Элдорнинг клуби Ювентус ёки Милан булиши керак. Элдоога омад. Энди давр сеники.
&
Marufjon
07/01/2021 06:54
Кўз тегмасин дея, Шомуродовдан ғалаба голларини кутиб қоламиз. Олға Элдорбой газини бос !