SPORTS.uz talqini bo‘yicha Evropa "top-5" chempionatlarida hafta ramziy terma jamoasi

  • 10 fevral, 2021, 13:53
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Yakuniga etgan haftada “ko‘hna qit’a” kuchli beshlik chempionatlarida tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator futbolchilar o‘zlarini ijobiy tarafdan ko‘rsata oldi. Bugun hafta ramziy jamoasini tuzib chiqish barobarida evrofutboldagi eng so‘nggi voqealarni muhokama etamiz. 

Tecno

Bosh murabbiy: Kristian Shtrayx (“Frayburg”) 

Ha, “Borussiya” Dortmundni engish Germaniya Bundesligasida o‘ta hayratlanarli voqea hisoblanmay qolgan. Ammo nemis birinchiligida 6-pog‘onada borayotgan dortmundliklarni mag‘lub etish doim ham qiyin bo‘lgan. Kristian Shtrayx boshchiligidagi jamoa joriy mavsumni shundoq ham yaxshi o‘tkazmoqda. 20-tur yakunlariga ko‘ra, frayburgliklar 30 ochko bilan 8-o‘rinda bormoqda. 

4-4-2 sxemasi ostida o‘yin o‘tkazgan Shtrayxning taktik chizmalarini biz ham ramziy terma jamoamizga asos qilib olamiz. 

2193

Darvozabon: Voytsex Shchensni (“Yuventus”)

Turinliklar ushbu turni ishonchli g‘alaba bilan yakunladi. Bevosita raqobatchi hisoblangan “Roma”ning taslim etilishi Pirlo jamoasiga qo‘shimcha ishtiyoq bag‘ishlashi tabiiy. Nega “Yuventus”dan aynan Voytsex Shchensni ramziy terma jamoamizga tanlab olindi? Gap shundaki, “jalorossilar” butun o‘yin davomida polshalik darvozabon qo‘riqlagan darvozaga 14 marotaba zarba berishga muvaffaq bo‘lgan. Solishtirish uchun, “Yuve” futbolchilari rimlik raqiblariga qarshi o‘tkazilgan 90 daqiqa mobaynida 3 martagina zarba bergan. Ha, ular aniqroq harakat qilib, 2 ta gol urdi. Ammo narigi tarafdagi darvozaga yo‘llangan zarbalar oqimining birortasi golga aylanmagani darvozabonga bevosita bog‘liq. 

wojciech-szczesny-juventus-fc-1595847262-44195

Chap qanot himoyachisi: Lyuk Shou (“Manchester Yunayted”)

Tan olishga tayyormiz, biroz tortishuvli tanlov. Ammo chap qanot himoyachilari orasida joriy haftada Shoudan ko‘ra yaxshiroq vakilni topish mushkul bo‘ldi. Ha, 3 ta gol o‘tkazib yuborgan klubdan himoyachini ramziy terma jamoaga kiritish mantiqqa to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Ammo Sulsher Angliya terma jamoasi a’zosidan boshqacha maqsadlarda foydalana olyapti. Shu paytgacha, birorta gol urmagan qanot himoyachilari Lyuk Shou va Aaron Uan-Bisakka aynan norvegiyalik mutaxassis qo‘l ostida to‘purarlik hislatlariga ham ega bo‘lib bormoqda. Nima qilsa ham, Ole-Gunnar tug‘ma hujumchi-da!

Lyuk Shou “Everton”ga qarshi bellashuvda bitta golga assistentlik vazifasini o‘tab berdi. 

Shaw

Markaziy himoyachi:  Rafael Varan (“Real”)

Madridliklarning g‘alabalarida Zinedin Zidanning bu qadar katta rol o‘ynashi qiziq. U maydon chetida bo‘lmagan paytlarda “Real” ochko yo‘qotishdan to‘xtamayapti. Aslida, “Ueska”ga qarshi bellashuvda ham “Qirollik klubi” ancha qiyin ahvolda qolib ketayotgandi. Birinchi taym golsiz yakunlangach, xavotirga tusha boshlagan “blankos” muxlislarining holati Xaver Galan tomonidan urilgan goldan so‘ng, qay darajaga kelganini tushunish qiyin emas. Rafael Varanning qutqaruvchi maqomdagi 2 ta goli esa, madridliklarni chempionlik poygasida navbatdagi qoqilishdan saqlab qoldi. 

raphael-varane-real-madrid-2020-21_1mp1ef1hqc65k10b5ddlmfhy2s

Markaziy himoyachi: Nordi Mukiele (“RB Leyptsig”)

Frantsiyalik futbolchini ramziy terma jamoaga kiritishimiz uchun ham etarli asoslar mavjud. Uning goli o‘ta muhim pallada kiritilgani va o‘yin stsenariysiga ta’sir o‘tkazganligi bilan ham ahamiyatli. Birinchi taym yakunlanayotgan va gelzenkirxenliklar tanaffusga hozirlik ko‘rayotgan bir paytda, himoyachining darvozani ishg‘ol etishi mutlaqo kutilmagan holat bo‘ldi. 

Ikkinchi taymda vaziyatni o‘nglash maqsadida oldinga tashlangan Kristian Gross shogirdlari o‘z postida yana 2 marotaba to‘p olib chiqdi. G‘alaba orqali leyptsigliklar 2-pog‘onadagi o‘rnini yanada mustahkamlab oldi. 

90210ed7-586d-4adc-a7cc-c8d0cfa7403d

O‘ng qanot himoyachisi: Ashraf Hakimi (“Inter”)

Marokashlik loteral qanot himoyachisi ramziy terma jamoalarimizda tez-tez mehmon bo‘lib turadi. Bu gal u yana bir golli pasi evaziga e’tiborimizga tushdi. Raqib ham “Fiorentina” ekanini inobatga olsak, uning xizmatnining qiymati yana bir necha barobar oshib ketadi. A Seriya doirasidagi barcha o‘yinlarda asosiy tarkibdan muntazam o‘rin olib kelayotgan futbolchi o‘z pozitsiyasida mavsumning-da eng yaxshilari qatoridan joy olishga yaqin bo‘lib turibdi. 

Achraf-Hakimi

Markaziy yarim himoyachi: Aleksandr Golovin  (“Monako”)

Turnir jadvalining so‘nggi pog‘onasida borayotgan “Nim”ga qarshi bellashuv “Monako” uchun kutilmagan tarzda qiyin ko‘rinish oldi. Autsayderning bevosita chempionlik uchun kurash olib borayotgan jamoa darvozasiga 3 ta gol urishi Frantsiya yashil maydonlarida o‘tkazilayotgan chempionat ham o‘z darajasini qayta tiklayotganini anglatayotgandek. 

Rossiyalik futbol ixlosmandlarining bu o‘yindan ko‘ngillari to‘q. Sababi, Aleksandr Golovin "top-5" chempionatlar orasida yakuniga etgan haftada eng sermahsul futbolchi bo‘ldi. “Nim” darvozasiga xet-trik yo‘llagan Golovin g‘alaba goli uchun Follanga assist ham amalga oshirdi. Ideal hafta. 

aleksandr-golovin-as-monaco-e1610358734208

Markaziy yarim himoyachi: Ilkay Gyundogan (“Manchester Siti”)

Bo‘lmasam-chi! Germaniyalik futbolchi “Liverpul”ga qarshi kechgan markaziy o‘yinda maydonning har bir qarichida yorqin futbol namoyish etdi. Bu shunchaki o‘tgan haftadagi gap. Amalda esa, yanvar oyi mobaynida o‘tkazilgan 6 uchrashuvda 5 bor raqib darvozasini aniq nishonga olgan Ilkay APL mutasaddilari tomonidan taqdirlanish arafasida. 

Mersisaydliklarga qarshi printsipial bellashuvda muhim 2 ta golni urgan yarim himoyachi “shaharliklar”ning chempionlik poygasidagi imkoniyatlarini keskin oshirib yubordi. 

skysports-manchester-city-ilkay-gundogan_5103761

Chap qanot yarim himoyachisi: Hakan Chalxano‘glu (“Milan”)

“Rossonerilar” navbatdagi yirik hisobdagi g‘alaba ortidan A Seriya peshqadamligini o‘z qo‘lida saqlab qoldi. Izma-iz ta’qib etib kelayotgan raqiblaridan farqli ravishda, Stefano Pioli shogirdlari o‘tgan haftani “Krotone” ustidan yirik hisobdagi g‘alaba bilan yakunladi. 

Gollarning ikkitasiga mualliflik qilgan Zlatanni ramziy terma jamoamizga kirita olmadik. “Milan” o‘yinining haqiqiy etakchisi hisoblanadigan Hakanni uning o‘rniga ham qabul qilasiz, deb umid qilamiz. Yarim himoyachi dastlabki ikki golga pas etkazib berish orqali uchrashuv nazoratini “qizil-qoralar” tomoniga og‘dirib berdi. Balki, mavsum davomida barqaror tarzda ushbu harakatlarni amalga oshirayotgani uchun ham e’tiborimizni o‘ziga qaratgandir. 

Hakan-Calhanoglu-Milan

O‘ng qanot yarim himoyachisi: Lionel Messi (“Barselona”)

Leoni ramziy jamoalarimizda ko‘rinish bermay qo‘yganiga ancha bo‘ldi. Ha, uning Kataloniyadagi holatidan qoniqish hosil qilmayotgan faqat biz emas. Mavsum davomida namoyish etayotgan o‘yinidan uning o‘zi ham xursand emas, nazarimda. 

“Betis”ga qarshi bellashuv bundan mustasno bo‘ldi. Maydonga tushgan hamonoq, argentinalik futbolchi barchasini o‘zgartirib yubordi. Jarima maydoniga qaramasdan uzatgan to‘pi esa, har qanday roliklarni bezashga qodir. Qaytganing ros bo‘lsin, Leo!

0cb046f6764872a4f1d3ec9e286bd4f9

Markaziy hujumchi: Goran Pandev (“Jenoa”)

Aslida, ushbu pozitsiyaga da’vogar boshqa bir qator futbolchilar ham bor edi. Ammo Pandevni hafta jamoasiga kiritishimiz uchun ham etarli asoslar mavjud. Birinchidan, chempionlik kurashida ham imkoniyatlarni saqlab turgan “Napoli” ajoyib tarzda taslim etildi. Ikkinchidan, Shomurodovning jamoadoshi urgan ushbu 2 gol “griffonlar”ni A Seriya jadvalida 11-pog‘onaga olib chiqdi. Yodingizdami, Rolando Maran qo‘l ostida 19-o‘rinda yurgan “Jenoa”?! Genuya klubiga, xususan, Eldor Shomurodovga omad tilashda davom etamiz. 

pandev-e1573599821844

Markaziy hujumchi: Luis Suares (“Atletiko”)

Messi va Suares endi mana shu kabi ramziy terma jamoalardagina birga bo‘ladilar, xolos. “Barselona”da keraksiz bo‘lib qolgan urugvaylik hujumchi har bitta golida Kuman manzili tomon ayanchli zarbalarni yo‘llamoqda. “El Pistolero” gollardan so‘ng, amalga oshiradigan harakatlari bilan ham niderlandiyalik mutaxassisga murojaat qilayotgandek. 

“Selta”ga qarshi o‘yindagi dubli “matraschilar”ning g‘alabasiga kifoya qilmadi. Ammo o‘sha o‘yinda vigoliklar g‘alabaga-da haqli o‘yin namoyish etgandi. 

16124797858782

Ushbu haftadagi ramziy terma jamoamizdan ham bir qator futbolchilar tushib qoldi. Ballo-Ture, Fil Foden, Migel Almiron, Zlatan Ibragimovich va yana ko‘plab hafta yulduzlari turli sabablarga ko‘ra, ushbu o‘n birlikdan joy ola bilmadi. Ularga ham kelgusi haftada omad tilab qolamiz. 

ECHL (1)

Sizningcha, yana qaysi futbolchilarni ramziy terma jamoaga kiritish mumkin edi? Fikrlaringizni kommentda yozib qoldiring!

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!