
Sportni rivojlantirish vazirligi va MOQ rahbariyati Prezident topshirig‘i ijrosini tizimli yo‘lga qo‘yish ustida ishlamoqda
23 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida sport ta’limini yaxshilash, iqtidorli sportchilarni saralash va ularning zaxirasini yaratish hamda murabbiylarni tayyorlash bo‘yicha ustuvor vazifalar mavzusida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda sohadagi muammo va kamchiliklar tanqidiy ko‘rib chiqildi. Bugun Milliy Olimpiya Qo‘mitasida ushbu videoselektorda berilgan topshiriqlar ijrosini amalga oshirish mexanizmi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unda Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov va uning o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov va Qo‘mita raisi o‘rinbosarlari Ravshan Irmatov, Saken Polatov hamda Sherzod Tashmatov ishtirok etishdi.
Yig‘ilishni Adham Ikramov olib bordi va kun tartibidagi barcha masalalarga tanqidiy nazar tashladi. Jumladan, sportchilarning professional darajaga o‘tishdagi ko‘rsatkichning pastligi, viloyatlardagi Olimpiya zaxiralari kollejlari faoliyatining oqsayotgani, kollej bitiruvchilari orasida terma jamoaga qabul qilinayotgan yoshlarning foiz ko‘rsatkichi qoniqarli emasligi, mutaxassislarning oylik maoshlari kamligi kabi videoselektorda tilga olingan muammolar, ularning kelib chiqish sabablari bo‘yicha fikr almashildi.
Sportni rivojlantirish vaziri, ayniqsa, viloyatlardagi ta’lim sifatini yanada kuchaytirish, sport maktablari va OZKdagi bitiruvchi o‘quvchilarning samaradorligini oshirishga alohida to‘xtaldi. Bu borada hududlar, nufuzli musobaqalarga tayyorgarlik olib borayotgan terma jamoalar har bir mutasaddi rahbarlar orasida taqsimlab olinadi. Ular belgilangan hudud yoki federatsiya bazasiga borib, uslubchilar, sportchi va murabbiylarning sharoitini o‘rganishadi va ularga amaliy yordam berishadi.
Yig‘ilishda Prezident ko‘rsatmalari asosida yaratilayotgan yangi tizim bugungi davr uchun qanchalik dolzarbligi, ularni amalga oshirishda nimalarga e’tibor qaratish kerakligi xususida alohida to‘xtalib o‘tildi. Buning uchun Buxoro viloyati misolida joriy etiladigan tizimni barcha hududlarda qo‘llash, ta’lim muassasalaridagi mutaxassislarning malakasini yanada oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Yakunda videoselektorda berilgan topshiriqlar bo‘yicha Sportni rivojlantirish vazirligi va Milliy Olimpiya qo‘mitasining tegishli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, tasdiqlash va uning bandlarini ijro uchun amalga tatbiq qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Fikrlar