So‘nggi soniyalarda Qatar samaliyotiga chipta olgan "engilmas sherlar", guruhda autsayder deya qaralayotgan, lekin "chiqilmagan yong‘oq" hisoblangan Kamerun haqida

  • 15 noyabr, 2022, 19:08
  • Makhmudov Jamshidbek
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

JCh-2022 startiga tobora oz vaqt qolmoqda. Muxlis va mutaxassislarni intizorlik bilan kuttirayotgan turnir tez orada boshlanadi.

Tecno

Qaysi terma jamoalar "JCh-2022"da ishtirok etishini yaxshi bilasiz. Agar hamon bundan xabardor bo‘lmasangiz yana bir  bor eslatib o‘tib ketamiz.

Mundial startiga 5 kun qolgan va biz ketma-ketlikda termalar bilan sizni tanishtirib o‘tamiz. Demak, "G" guruhining so‘nggi vakili Kamerun terma jamoasi orqali o‘ziga xos "chellenj"imizni davom ettiramiz.

Jamoa haqida

Kamerun futbol federatsiyasi. Laqabi — “engilmas sherlar”

Tashkil topgan yil: 1959 yil (FIFAga 1962 yil a’zo bo‘lgan)
Jamoa bosh murabbiyi: Rgober Song
Jamoa sardori: Vensan Abubakar

Ilk rasmiy uchrashuvi: Kamerun – Fransuz Somalisi 9:2 (1960)
Eng yirik g‘alaba: Kamerun – Fransuz Somalisi 9:2 (1960)
Eng yirik mag‘lubiyat: Janubiy Koreya – Kamerun 5:0 (1984)

Kamerun terma jamoasi ayti payt FIFA reytingida 43-o‘rinni egallab turibdi. Ularning eng yaxshi natijasi esa 11-pog‘ona bo‘lib, 2009 yilda ushbu yutuqqa erishgan. “Engilmas sherlar”ning eng yomon ko‘rsatkichi esa 79-o‘rindir.

Kamerun terma jamoasining jahon chempionatlaridagi tarixi

Qatardagi mundial Kamerun terma jamoasi uchun o‘z tarixidagi sakkizinchi jahon chempionati hisoblanadi. Ular oldingi oltita musobaqada guruhdan chiqa olmagan bo‘lsa, faqat 1990 yilda rossiyalik mutaxassis Valeriy Nepomnyaщey boshchiligida kamerunliklar Ruminiya, Argentina va SSSRni orda qoldirgan holda keyingi bosqichga chiqishni uddalagan. Kamerun 1/8 bosqichida Kolumbiyani ham mag‘lub etishdi, ammo chorak finalda Angliyaga imkoniyatni boy berdi. Ular qo‘shimcha vaqtda gol o‘tkazib, inglizlarga mag‘lub bo‘lgan edi.

JCh-2022da Kamerun pley-offga chiqish imkoniyati mavjud bo‘lgan guruhga tushdi. Braziliya muammosiz birinchi o‘rinni egallashi taxmin qilinmoqda, ammo ikkinchi o‘rin uchun kurash keskin bo‘lishi tabiiy. Kamerun ham Serbiya, ham Shveytsariya bilan bemalol raqobatlasha oladi. Biroq mutaxassislar ularni autsayder deya atamoqda.

Turnirgacha bosib o‘tgan yo‘li

Afrika qit’asida jahon chempionati uchun saralash 3 bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda FIFA reytingida 26-o‘rindan pastda bo‘lgan (Afrika qit’asi bo‘yicha) 28 ta jamoalar qatnashadi (27 dan 54-o‘ringacha). Ushbu bosqichda muvaffaqiyatli ishtirok etgan jamoalar saralashning ikkinchi qismiga yo‘l oladi va unda 40 ta jamoa 4 tadan bo‘lib, 10 ta guruhga bo‘lingan holda JCh uchun kurashni davom ettiradi. 10 ta guruhning g‘oliblari 3-bosqichda 5 ta juftlikka bo‘linib, o‘ynashadi va g‘olib JChga yo‘l oladi.

Kamerun terma jamoasi JCh saralash bosqichidagi ishtirokini ikkinchi bosqichdan boshladi. Ular Kot-d’Ivuar, Mozambik va Malavi bilan “D” guruhidan joy oldi va 15 ochko bilan birinchi o‘rinni egallab, uchinchi bosqich yo‘llanmasiga ega chiqdi.

Qur’aga ko‘ra, “engilmas sherlar”ning raqibi Jazoir bo‘ldi. Kamerun dastlabki o‘z maydonida kechgan bahsda 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Safardagi bellashuvda esa iroda ko‘rsata olib, JChga yo‘llanma qo‘lga kiritdi. Blida  shahrida kechgan javob bahsida dastlab mehmonlar hisobni ochdi. Mazkur natija asosiy vaqt oxirigacha o‘zgarmadi va o‘yin ekstra taymlarga o‘tdi. Ikkinchi qo‘shimcha taymning oxirida, aniqrog‘i 118-daqiqada jazoirliklar hisobni tenglashtirdi. Kamerun esa qaysidir ma’noda mundialdan umidini uzgandek ko‘rindi,  biroq unday bo‘lmadi. Uchrashuv hakam o‘yinga 4 daqiqa qo‘shib berdi va “engilmas sherlar” o‘z laqabiga mos ravishda harakat qildi va 124-daqiqada o‘zining o‘yindagi ikkinchi golini kiritdi. Mehmonda kiritilgan to‘p evaziga kamerunliklar Jazoirdan Qatar yo‘llanmasini tortib oldi.

Jamoa etakchilari

Andre-Frank Zambo-Angissa – yarim himoya chizig‘ining asosiy futbolchisi. "Napoli"ning 26 yoshli yarim himoyachisi ko‘p yillar davomida Kamerun terma jamoasi sharafini himoya qilib keladi. Andre Italiya klubiga o‘tishdan oldin “Vilyarreal”, “Fulxem” va “Marsel” kabi jamoalarda o‘ynagan.

Karl Toko-Ekambi – Kamerunning asosiy hujumkor futbolchilaridan biri. “Lion”ning chap qanot vingeri “engilmas sherlar” safida 50 ta o‘yinda 12 ta gol urgan. Uning ajoyib texnikasi bor. Agar unga ta’rif beradigan bo‘lsak, uning harakatlarini oldindan aytib bo‘lmaydi deya olamiz. Eslatib o‘tamiz, aynan Toko-Ekambining Jazoirga urgan goli Kamerunga Qatardagi JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga yordam bergan.

Vensan Abubakar — jamoa to‘purari va sardori. 30 yoshi futbolchi “engilmas sherlar” safida 87 ta o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, ayni paytda jamoaning eng keksa futbolchisi hisoblanadi. U  Kamerun safida 33 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol qilgan holda jamoasining eng yaxshi to‘purar bo‘lib turibdi. Shu bois, sardorlik bog‘ichi ham aynan “An-Nasr” futbolchisiga ishonib topshirilgan. Abubakar jismonan kuchli hujumchi hisoblanadi. Uning yaxshigina tezligi ham bor. Aytish kerakki, Vensan va Shupo-Moting tandemi kamerunliklarga juda katta foyda keltiradi.

Umaman olganda, Kamerunda Evropa klublarida o‘ynaydigan top darajadagi futbolchilar etarlicha. Ammo biz barchasini sanab o‘tmaymiz, lekin Andre Onana, Brian Mbemo va Erik-Maksim Shupo-Moting nomlarini alohida keltirishimiz lozim.

Kamerun terma jamoasi  “Transfermarket” portalida deyarli 155 million evroga baholangan. Terma jamoaning eng qimmat futbolchisi Andre-Frank Zambo-Angissa hisoblanadi. Uning narxi 38 million evroga baholangan. Keyingi o‘rindan Mbeumo Bryan 28 million evro bilan joy olgan  (Angliyaning “Brentford” klubi hujumchisi). “Inter” darvozaboni Andre Onana esa 15 million evro bilan kuchli uchlikka yakun yasagan.

Kamerun terma jamoasining JCh uchun chaqirilgan futbolchilar ro‘yxati:

Darvozabonlar: Andre Onana (“Inter” Milan), Devis Epassi (“Abxa”), Simon Ngapanduetnbu (“Marsel”).

Himoyachilar: Nikolya N'Kulu (“Aris” Saloniki), Kollins Fay (“Al-Tay”), Nuu Tolo (“Sietl Saunders”), Jan-Sharl Kastelletto (“Nant”), Olive Mbezo (“Filadelfiya Yunion”), Enso Eboss (“Udineze”), Kristofer Vu (“Renn”).

Yarim himoyachilar: Andre-Frank Zambo-Angissa (“Napoli”), Per Kunde (“Olimpiakos”), Samyuel Um Gue (“Mexelen”), Martin Ongla (“Verona”), Gael Ondua (“Gannover”), Olive Ntcham (“Suonsi”), Jerom Ongene (“Ayntraxt” Frankfurt).

Hujumchilar: Mumi Ngamalyo (“Dinamo” Moskva), Jorj-Kevin Nkudu (“Beshiktosh”), Vensan Abubakar (“An-Nasr”), Karl Toko Ekambi (“Lion”), Jan-Per Nsame (“Yang Boyz”), Brayan Mbemo (“Brentford”), Erik Chupo-Moting (“Bavariya”), Kristian Bassogog (“Shanxay Shenxua”), Maru Suaibu (“Koton Sport”).

JCh-2022dagi taqvimi

1-tur
24 noyabr. Shveytsariya – Kamerun;
2-tur
28 noyabr. Kamerun – Serbiya;
3-tur
2 dekabr. Kamerun – Braziliya.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!