
Shuhrat Maqsudov "Bunyodkor"ning navbatdagi g‘alabasi haqida qanday fikr bildirdi?
Superliganing 17-turidan o‘rin olgan “Bunyodkor” – “Qo‘qon-1912” (2:1) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng, mezbonlar bosh murabbiyi Shuhrat Maqsudov jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- Mana shunday shiddatli o‘yin bo‘lishini oldindan kutgandik. Nafaqat bugun, balki har bir turda shunday murosasiz o‘yinlar bo‘lyapti. Bu kabi o‘yinlar orqali futbolchilar o‘sishadi. Kelajakda O‘zbekiston terma jamoasiga foyda keltirishsa, biz xursand bo‘lamiz. “Qo‘qon-1912”ga keyingi uchrashuvlarda omad tilayman. Aleksandr Merzlyakovga tezroq sog‘ayib ketishini tilab qolaman. Doimgidek, o‘yin uchun barcha futbolchilarga, xodimlarga, stadionni o‘yinga tayyorlab bergan ishchilarga ham rahmat. Ishlagan va mehnat qilgan odam xato qiladi. Golni ham o‘zimizga-o‘zimiz xato orqali olib keldik. Bu – futbol.
- O‘yin mobaynida Nurillo To‘xtasinovga ikki-uch marotaba e’tiroz bildirganingizni ko‘rdik. Uning o‘yinidan qoniqish hosil qilmadingizmi?
- Agar qoniqish hosil qilmaganimda menimcha, u zaxirada o‘tirgan bo‘lardi. Albatta, qoniqish hosil qilaman. Aytyapman-ku, bu – futbol. Beparvo bo‘lsam, joyimda o‘tiraverardim. Men ham yigitlarga yutishimizni istab xissiyotlarga berilaman. Hamma yigitlarga yana bir bor katta rahmat.
Fikrlar