
"Sho‘rtan"ning yirik hisobdagi g‘alabasidan so‘ng: "Hali ham vaqtinchalik murabbiyman. Ishimni rahbariyat hal qiladi"
“Sho‘rtan” klubi O‘zbekiston Kubogi nimchorak finalida G‘uzorda pro liga vakili – Nukusning “Aral” jamoasini qabul qildi. Gollarga boy o‘tgan uchrashuvda “Sho‘rtan” raqibini 4:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va chorak finalga chiqdi. Uchrashuvdan keyin “Sho‘rtan”ning vaqtinchalik bosh murabbiyi Eldor Moyliev savollarga javob qaytardi.
- “Aral” jamoasini kurashuvchanligini bilardik. 15-20 daqiqa davomida uchrashuv teng kurashlar ostida o‘tdi. Gollar urganimizdan keyin to‘p bilan ham, to‘psiz ham o‘yinni o‘zimiz nazorat qildik.
- Shaxboz Nuriddinov ikkinchi taymda maydonga tushdi. Uning harakatlarini qanday baholaysiz?
- Shaxboz kelajagi porloq futbolchi. Jismoniy holatida biroz kamchiliklar bor. Biz bergan ko‘rsatmalar bilan individual harakatlar qilyapti. Sport formasiga kirib olsa, asosiy tarkibga raqobat qila oladigan futbolchi.
- Bugungi harakatlarichi?
- Aytyapmanku, birozgina jismoniy holati, chidamliligi pand beryapti. Ammo ikki-uch marta xavfli vaziyatlar yaratib raqibga ancha qiyinchiliklar tug‘dirdi.
- “Sho‘rtan” to‘pga egalik qilishi, yakkakurashlarda qanday harakat qildi, deb o‘ylaysiz?
- Aytganimdek, birinchi bo‘limning 15-20 daqiqasi teng kurashlar ostida o‘tdi. Keyin hisobda oldinga chiqib oldik. 3-4 kundan keyin “Surxon”ga qarshi o‘yinimiz bor. Shu bois kuchni tejagan holda o‘yinni to‘psiz nazorat qildik. To‘g‘ri, muxlislarimiz ko‘proq gol kutishdi. Ikkinchi bo‘limda to‘pni ham, o‘yinni ham nazoratimizda o‘tkazdik. Xato, kamchiliklar bo‘ldi. Futbol xatosiz bo‘lmaydi.
- “Sho‘rtan” boshqaruviga o‘tganingizdan so‘ng natijalar ko‘rina boshladi. Bu gal O‘zbekiston Kubogida keyingi bosqichga chiqdinglar. Hali ham vaqtinchalik murabbiy maqomidamisiz?
- Ha, vaqtinchalik.
- Bu yana davom etadimi?
- Buni rahbariyat hal qiladi.
- Oldingi intervyularingizda rahbariyat yoshlarga ko‘proq e’tibor qaratish vazifasini yuklagani haqida aytgansiz. Demak, yozda tarkibda u qadar katta o‘zgarishlar bo‘lmaydimi?
- Jiddiy o‘zgarish bo‘lmaydiyu, ammo o‘zimizga kerakli pozitsiyalarga o‘yinchilarni ko‘z ostimizga olib qo‘yganmiz. Masalan, hujumchi taklif qilamiz. Mahoratli o‘yinchilarni jalb qilamiz. Shu bilan birga yoshlarimiz ham bor.
- Mana shu tarkib yoki ikki nafar tajribali o‘yinchini qo‘shish orqali jamoani Superligada saqlab qolsa bo‘ladimi?
- Superligada saqlab qolsa bo‘ladi. Yigitlar ham ancha iqtidorli. E’tibor bersanglar, ko‘pchiligi yoshligida turli terma jamoalarda o‘ynagan. Fikrlash qobiliyati ancha yaxshi. Hujumni yakunlovchi 3-4 ta o‘yinchini oldingi chiziqqa olsak, uddalasa bo‘ladi. 2004 yoki 2003 yillarda tug‘ilgan futbolchilarni yosh deb bo‘lmaydi. Ushbu yigitlar ham jamoaga yordam bera oladi.
- “Aral” jamoasi doim “Sho‘rtan”ga printsipial raqib bo‘lib kelgan. Bu safar jamoangiz osonlik bilan mag‘lub etdi. Klubdagi futbolchilar Superligaga chiniqdilarmi yoki “Aral” o‘tgan yilgiga nisbatan kuchsizlanganmi?
- O‘tgan yilgi o‘yinlarini unchalik kuzatganim yo‘q. Baribir pro liga bilan Superligani darajasi bo‘ladi. Biz ham Superligadagi o‘yinchilarni jalb qilganmiz. Balki shu sababdir.
Fikrlar