
Shomurodov jiddiy klubdan qo‘ng‘iroq kutyapti!
Evropada qishki transfer mavsumi boshlandi. Deyarli barcha jamoalar o‘z tarkibini isloh qilishga kirishgan.
Yanvar oyida Eldor Shomurodov faoliyatida ham o‘zgarish bo‘lishi kutilmoqda. Joze Mourino legionerimizni yangi yilning ilk uchrashuvida ham maydonga tushirgani yo‘q. Bu hamyurtimiz “bo‘rilar” safini tark etishi kerakliginidan dalolat beradi.
Italiya futbolini yorituvchi nufuzli manbalardan biri – https://www.calciomercato.com sayti bu borada quyidagi ma’lumotni tarqatdi.
Eldor Shomurodovning maqsadi aniq. Bu hujumchi Rimni tark etmoqchi. Eldor Turindan qo‘ng‘iroq kutmoqda.
“Kremoneze”dan bo‘layotgan chorlov o‘zbekistonlik forvardga ma’qul kelmayapti, - deb yozmoqda mazkur sayt.
Darhaqiqat, “Roma” va “Torino” sport direktorlari 27 yoshli futbolchimiz transferi bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda.
Poytaxt klubi o‘yin amaliyotisiz qolib ketayotgan Shomurodovni 10 million evroga baholagan. Turinliklar aslida bu summaga rozi. Faqat ular Eldor yarim mavsum davomida ijarada o‘ynab, o‘z mahoratini ko‘rsatganidan keyin transferni to‘liq yakunlashni taklif qilmoqda.
Bu transferning amalga oshishi “Roma” sport direktori Tyagu Pintoning “Torino”dagi hamkasbi Davide Vagnattining mazkur taklifini qabul qilishiga bog‘liq bo‘lib turibdi.
Mourinoga kutilmagan futbolchini topib kelishdi
“Roma” sport direktori Tyagu Pinto bosh murabbiy Joze Mourino so‘ragan futbolchi – Davide Frattezi transferini o‘xshata olmayapti.
To‘g‘rirog‘i, mohir yarim himoyachiga egalik qilayotgan “Sassuolo” klubi o‘z etakchisini mavsum o‘rtasida qo‘yib yuborishga ko‘nmadi.
Frattezi o‘zini tarbiyalagan klubga qaytmoqchi ekanini ta’kidlagani ham sassuololiklarga ta’sir qilgani yo‘q.
La Repubblica nashrining ma’lum qilishicha, transfer amalga oshmasligi ehtimoli oshib borayotgan bir paytda Tyagu Pinto Joze Mourinoga boshqa o‘yinchining xizmatlarini taklif qilmoqda.
Pinto “Kalyari”da to‘p tepayotgan Naxitan Nandes “bo‘rilar” tarkibini kuchaytirishga qodir ekanini ta’kidlayapti. 26 yoshli yarim himoyachining o‘zi A Seriyaga qaytishga rozi.
Urugvayning “Penyarol” klubi tarbiyalanuvchisi Evropaga kelgunga qadar Argentinaning “Boka Xuniors” jamoasida ham to‘p tepgan.
Maydon markazi va o‘ng qanot yarim himoyasida o‘ynay oladigan futbolchi 2019 yilning yozidan beri “Kalyari” sharafini himoya qilmoqda.
“Roma”ga o‘tishga tayyorman
“Torino” etakchisi Sasha Lukich faoliyatini Joze Mourino qo‘l ostida davom ettirishni istayapti.
Sky Sport Italia nashri tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Rim klubi ham Serbiya terma jamoasining 26 yoshli o‘yinchisini o‘z tarkibiga qo‘shib olishga tayyor.
Manbaning ta’kidlashicha, tomonlar bu transferni yanvar ichida amalga oshirish uchun muzokaralarni boshlab yuborgan.
Transfer bozori mutaxassislari “Roma” yangi o‘yinchini qo‘lga kiritish uchun Mourino bilan kelisha olmay qolgan himoyachi Rik Karsdorp yoki o‘yin amaliyotisiz qolib ketayotgan hujumchi Eldor Shomurodovdan qutilishi talab etiladi.
Shu o‘rinda, “Torino” sport direktori Davide Vagnatti o‘zbek hujumchisini olish maqsadida rimliklar bilan muzokarani davom ettirmoqda.
Fikrlar