
ShHTga a’zo davlatlar mintaqadagi jismoniy tarbiya va sport istiqbollarini Toshkentda muhokama qilishadi
Joriy yil 19-21 may kunlari Toshkent shahri Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlarning jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha vazirlik hamda idoralari rahbarlarining navbatdagi yig‘ilishiga mezbonlik qiladi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri A.Ikramov, Rossiya Federatsiyasi Sport vaziri O.Matitsin, Hindistonning Yoshlar va sport masalalari bo‘yicha faxriy vaziri A.Singx, Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport vaziri D.Abaev, Qirg‘iziston Respublikasi Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri A.Jumankulov, Tojikiston Respublikasi Hukumat qoshidagi Yoshlar va sport qo‘mitasi raisi o‘rinbosari P.Sobirzoda, Pokiston Islom Respublikasi Sport kengashi prezidenti Ehsan ur-Rahman qatnashadi. Shuningdek, yig‘ilishda Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasi onlayn tarzda ishtirok etishi rejalashtirilgan.
ShHTga a’zo davlatlarning jismoniy tarbiya va sport sohasiga mas’ul rahbarlari o‘rtasidagi tadbirlar 4 kun davomida o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, dastur doirasida asosiy yig‘ilish 20 may kuni tashkil etiladi. Shu bilan birga Toshkentga kelgan delegatsiya vakillarining Milliy Olimpiya qo‘mitasiga tashrifi hamda Toshkent viloyatiga safari ham rejalashtirilgan.
Yig‘ilish kun tartibidan kelgusida rejalashtirilgan yuqori darajadagi sport musobaqalarini tashkil etishda hamkorlikni rivojlantirish, ShHT davlatlari o‘rtasida sport sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, davlatlar va hududlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi. Shu bilan birga aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda o‘zaro tajriba almashish, yoshlarni sportga jalb qilishda keng miqyosli loyihalarni amalga oshirish borasida muhokamalar o‘tkaziladi.
Ta’kidlash lozimki, yig‘ilish doirasida ShHTga a’zo davlatlarning vakolatli organlari o‘rtasida 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan jismoniy tarbiya va sport sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish rejasi ham tasdiqlanadi.
Bundan tashqari, ShHTning sport sektori rahbarlari jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratishga ko‘maklashish, sport orqali do‘stona aloqalarni mustahkamlash, atletlarni rag‘batlantirish, Olimpiya harakatini rivojlantirishda hamkorlikni mustahkamlash borasida ham o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashadilar.
MOQ matbuot xizmati
Fikrlar