
Sharq – nozik masala. Rossiyadagi tarixiy terma jamoada 7 futbolchimiz bor
Sportbox.ru sayti Rossiya yuqori divizionida muvaffaqiyatli to‘p surgan Markaziy Osiyo mamlakatlari futbolchilaridan iborat ramziy terma jamoa tuzdi.
Premer-liga tarixida Rossiya klublarida O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmanistondan jami 120 dan ziyod legioner to‘p surgan. Ularning eng zo‘rlari ramziy terma jamoadan o‘rin oldi.
Mustahkam qo‘rg‘on
Markaziy Osiyo mamlakatlari terma jamoalari darvozasini qo‘riqlagan posbonlar orasida eng zo‘ri Aleksey Polyakov bo‘lib chiqdi. Asosiy tarkibdagi yagona joy aynan O‘zbekiston milliy terma jamoasini qo‘riqlagan mohir darvozabonga berildi. Polyakov tojikistonlik Andrey Manannikov, qozog‘istonlik Konstantin Ledovskix va Andrey Sidelnikovni orta qoldirdi.
Nega Polyakov?
U raqobatchilariga qaraganda yuqori darajada ko‘p uchrashuv o‘tkazgan. Darvozabon o‘ynagan klublarning ham mavqei baland. O‘zbekiston terma jamoasi darvozasini 18 ta o‘yinda qo‘riqlagan posbon Rossiya premer-ligasida 130 ta uchrashuvda qatnashgan. “Lokomotiv” tarkibida bir marta vitse-chempion, ikki marta sovrindor bo‘lgan, Rossiya kubogi va Superkubogini yutgan. “Krilya Sovetov” jamoasida ham bronza medalga ega chiqqan.
Polyakovning o‘ziga xos xususiyatlari – tezkor reaktsiya, xotirjamlik va professionallik.
Baland devor
Ramziy terma jamoa himoya markaziga O‘zbekiston vakili Oleg Pashinin va tojikistonlik Rashid Rahimov loyiq ko‘rildi.
Rossiya chempioni bo‘lgan Pashinin Moskvaning “Lokomotiv” jamoasi tarkibida 200 dan ortiq o‘yin o‘tkazgan.
Uning pozitsiya tanlashi, kurashuvchanligi va bosh bilan yaxshi o‘ynash qobiliyati alohida tilga olinadi.
Qanot himoyachilari sifatida mudofaa chizig‘ida universal bo‘lgan tojikistonlik Igor Cherevchenko chap qanotga, hamyurtimiz Andrey Fyodorov o‘ng tomonga qo‘yildi.
Mutaxassislar Andrey Fyodorovning jismonan baquvvatligi, shiddatli o‘yini, yuqori qavatdagi ishonchli harakatlari va undan to‘pni olish qiyinligini ta’kidlagan.
Sayt ijodkorlari chap qanot himoyasida Igor Cherevchenko o‘rniga Vitaliy Denisovni qo‘yish mumkinligini ham alohida e’tirof etdi. Ikki yil muqaddam“Lokomotiv” safida Rossiya chempioni bo‘lgan hamyurtimiz hamon faoliyatini davom ettirmoqda.
Maydon markazida o‘zbeklardan zo‘ri yo‘q
O‘zbek futbolida doim kuchli yarim himoyachilar bo‘lgan. Ramziy terma jamoada ham bu o‘z aksini topdi. Tayanch yarim himoyachi ampluasi Moskvaning “Lokovotiv” jamoasi tarkibida ishonchli o‘yin ko‘rsatgan Vladimir Maminovga topshirildi. U o‘z davrida temiryo‘lchilarning etakchisi bo‘lgan. Butun faoliyatini bir jamoada o‘tkazgan yarim himoyachi 397 uchrashuvda 40 ta gol urgan. Futbolchi sifatida Rossiyadagi barcha sovrinlarni qo‘lga kiritgan. Maminovning O‘zbekiston terma jamoasida chalqancha usulda uzoq masofdan urgan goli hamon muxlislar yodida ekani aniq.
Yarim himoya chizig‘idan Turkmaniston pasportiga ega bo‘lgan yagona futbolchi – Dmitriy Xamuxa kiritildi. Chunki o‘z davrida o‘ng qanot yarim himoyachida unga etadigani yo‘q edi.
Chap qanot bugungi kunda O‘zbekiston terma jamoasiga sardorlik qilayotgan Odil Ahmedovga nasib qildi. Mutaxassislar uni o‘ta talantli, aqlli va universal futbolchi, deb ta’riflashdi. Jahon futboli yulduzlari bilan “Anji” va “Krasnodar”dagi o‘yinlarini esga olishdi. Odil Rossiya premer-ligasida 211 ta uchrashuv o‘tkazib, 13 ta gol va 22 ta golli pasga mualliflik qilgan. U Rossiya chempionati sovrindori va Xitoy chempioni.
Bu o‘ringa nomzodlar qatorida O‘zbekiston terma jamoasi safida bitta o‘yin o‘tkazgan “Anji” yulduzi Ruslan Agalarov ham bor.
Hujumchi ortidagi pozitsiya, boshqacha aytganda hujumkor yarim himoyachi rolini hech ikkilanmasdan Mirjalol Qosimovga berishdi. 1995 yilda “Alaniya” tarkibida Rossiya chempioni bo‘lgan o‘zbek futboli yulduzi keyinchalik “Krilya Sovetov” jamoasida ham ishonchi o‘yin namoyish qilgan.
Mutaxassislar uni o‘ta aniq pas sohibi, to‘p bilan ishlash ustasi, aniq zarba egasi, deb maqtashdi. Mirjalol Qosimov “Alaniya” tarkibida 64 ta o‘yinda 25 ta gol urgan. Evropa chempionlar ligasida “Liverpul” darvozasini ham ishg‘ol qilgan. Bu o‘ringa undan munosibi yo‘q!
Hujumda Shomurodov
Rossiyalik mutaxassislarga hujumchi tanlash biroz qiyin bo‘ldi. Chunki Markaziy Osiyodan borib, Rossiyada raqiblarni titratgan hujumchilar ko‘p ekan. Ular tojikistonlik Muhsin Muxamadiev («Lokomotiv», «Spartak») va Arsen Avakov («Torpedo»), turkmanistonlik Vladimir Bayramov («Rubin»), qozog‘istonlik Sergey Volgin («Tekstilщik») va o‘zbek futboli yulduzlari – Aleksandr Geynrix (TsSKA, «Torpedo») va Ja’far Irismetovni («Spartak») tilga oldilar.
Biroq, bugungi kunda Rossiya premer-ligasida porlayotgan va Evropaning qator klublari e’tiboriga tushgan “Rostov” to‘purari Eldor Shomurodovni tanlashdi.
Mutaxassislar Eldorning gol sezish qobiliyati, harakatchanligi, pozitsiya to‘g‘ri tanlay olishi va universalligiga tan berishdi. Maydondan tashqarida yoqimtoy va oddiy yigit ekanini aytishdi.
Eldorning hujumdagi sherigi sifatida Qozog‘iston vakili Vladimir Nidergaus tanlandi.
Markaziy Osiyo yulduzlaridan tarkib topgan terma jamoa bilan tanishing:
Fikrlar